O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Koronavirus: Musibatda o‘rnak bo‘lgan yaponlar

 
 

Zilzilaning naqadar vahimali, favqulodda hodisa ekanini yaxshi bilamiz. Bevaqt hamda halokatli zilziladan cho‘chimaydigan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak. Lekin menda shunday tasavvur bor: osmono‘par binolarda yashab-ishlovchi yaponlar, zilzilani xuddi beshik tebranishidek beozor erkalash sifatida qabul qilishsa, ajab emas. Negaki, bu yurtda deyarli har kuni yer silkinib turadi-da!

Ammo, 2011 yilning 11 martida Yaponiyadagi seysmik kuzatishlar tarixida eng kuchli deb baholangan yer silkinishi ro‘y berdi. Uning markazi Tokiodan 373 chaqirim shimoli-sharqda, eng katta hisoblangan Xonsyu oroli qirg‘oqlarida edi. Rixter shkalasi bo‘yicha 9 ballik zilzila, balandligi 10 metrlik halokatli to‘lqinlar – sunamini yuzaga keltirdi. Kunchiqar mamlakatdan tarqalgan xabarlar o‘ta tahlikali edi: ulkan to‘lqinlar eng taraqqiy etgan yurt shaharlarini bosib, yer yuzidan sidirib tashlayotganini butun dunyo ahli dahshat bilan ko‘rib turdi.

Ikki kun ichida ko‘rilgan insoniy talofatlar 13 ming nafardan oshib ketdi. Eng dahshatlisi – sunami oqibatida dunyodagi eng ulkan “Fukusima-1” atom elektr stansiyasida avariya yuz berdi. Dunyo, Chernobilda yuz bergan halokatdan ham dahshatliroq tahdid yoqasida qoldi. Shunday vaziyatda ham yaponlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi, ortiqcha vahima ham ko‘tarishmadi. Radiatsion nurlanish va qayta sunami yuz berishi xavfi tufayli, yarim million nafar aholi zudlik bilan xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.   

Yaponiya sanoatining faxri hisoblangan, dunyoga mashhur kompaniyalarining korxonalari to‘xtab qoldi. Jahon brendiga aylanishga ulgurgan avtomobil zavodlarining maydonlaridagi tayyor mahsulotlarni to‘lqinlar yutib, okean qa'riga olib ketayotganini kuzatish, ayniqsa vahimali edi.

         Yaponiya bosh vaziri Naoto Kan, millatga favqulodda murojaat bilan chiqish qildi. “Mamlakatimiz Ikkinchi jahon urushidan buyon misli ko‘rilmagan bo‘hronga duch keldi, – dedi bosh vazir. – Ammo tahlikaga o‘rin yo‘q. Butun dunyo bizga yordam bermoqda”.

Bosh vazir o‘z so‘zini, nogahoniy ofatni bartaraf etish uchun mardona kurashayotgan yurtdoshlariga minnatdorchilik bildirish bilan yakunladi.

Yuz bergan ulkan talofat va vayrongarchilik – yapon millatining  beqiyos yuksak fazilatlarini butun dunyoga yana bir karra namoyon etdi.

  • Mamlakatda vahima, qo‘rquv, mish-mishlar, o‘ziga to‘q, badavlat kimsalarning boshqa yurtlarga kishi bilmas ravishda “quyon bo‘lish”i kabi xunuk holatlar biror marta ham uchramadi.
  • O‘g‘irlik, talonchilik haqida esa, hatto, gap ham bo‘lishi mumkin emas!
  • Falokat joylarida saqlanib qolgan do‘konlardagi narxlar keskin pasaytirildi. Zotan, sotuvchilarning o‘zlari oziq-ovqat maxsulotlarini yarim narhiga sota boshladi va bunga o‘zlarining insoniy burchi sifatida qarashdi.
  • Yashashga yaroqli barcha uylarning eshiklari uysiz qolganlar uchun beg‘araz ochib qo‘yildi.
  • Kim va qanday mavqeda bo‘lishidan qat'i nazar, barcha odamlar falokat oqibatlarini tugatish uchun yoppasiga kirishib ketishdi.

Bularning barchasi hukumatning qandaydir qarori yoki imperator buyrug‘i asosida, yoinki harbiylar va politsiyaning majburlashi ostidagi ish emas, balki, har bir yaponning qon-qoniga singib ketgan insoniy fazilatlarning namoyishi edi!

Tashkilotlar va fuqarolar “yuqori”ning maxsus ko‘rsatmasini kutib o‘tirmasdan, elektr energiyasini tejashga o‘tishdi: liftlar, reklamalar va o‘ta zarur bo‘lmagan yoritish chiroqlari o‘chirib qo‘yildi. Bunday harakatlar faqat falokat yuz bergan hududlardagina emas, balki butun Yaponiya orollari bo‘ylab keng yoyildi. Mashhur korporatsiyalar elektrni tejash maqsadida, o‘z ishchilariga bir soat oldin ishni tugatib, uyga ketishlariga ruxsat berdi. Ammo, bunda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari pasaymaydi: xodimlar barcha ishni imkon qadar tezlashtirib, har kungi me'yorni bajarishdilar.

Biroq, “Fukusima – 1” AESidagi vaziyat hamon o‘ta tahlikali edi. Dastlabki kunlarda bu yerdagi vaziyat jilovi qo‘ldan chiqqan, butun dunyo ahli oqibatini tasavvur qilib bo‘lmaydigan fojea yuz berishini soat sayin kutib turardi...

Ammo, metindek irodali samuraylar avlodi bo‘lgan yaponlar, shunda ham vahimaga tushishmadi. Avariya yuz bergan va hayot uchun halokatli radiatsiya taralib turgan reaktor atrofida ishlash istagidagi ko‘ngillilarni topish qiyin bo‘lmadi. Hatto, o‘z jonini qurbon qilish evaziga avariyani bartaraf etish uchun, yon-atrofdagi hududlargina emas, balki butun Yaponiyadan to‘plangan haqiqiy insonparvar hamda vatanparvarlar paydo bo‘lishdi.

Xatto, musibat voqe'ligida ayollar ham o‘zlarining jasoratlarini ko‘rsatadi. Tokiolik o‘t o‘chiruvchilar guruhining a'zosi Yasuo Sato xotiniga: “Atom stansiyasida ishlashga boryapman”, – deganida, xotini ung ajavoban faqatgina: “Yaponiyani qutqar”, – deb javob bergan ekan.

Yaponiya televideniyesi, sunami yer yuzidan yuvib ketgan Rikudzentakata shaharchasi vayronalarida daydib yurgan odamni ko‘rsatadi. U – mahalliy o‘t o‘chirish qismi rahbari bo‘lib, qo‘li ostidagi 45 nafar xodimni to‘lqin olib ketgan edi. Sobiq boshliq yuzini ko‘zyoshlari yuvar, xodimlari o‘lib, o‘zi tirik qolganidan xijolatda ekanini tinmay takrorlar edi. Bir necha kundan buyon u, aqli-hushini yo‘qotgan bir alpozda, vayronalar orasidan o‘z odamlarining jasadini izlash bilan band ekan...

Ayni shunday musibatli kunlarda yaponlarning rasmiy hukumatga ishonchi qay darajada bo‘ldi?

Yaponlar o‘z hukumatiga har qanday vaziyatda ham shak-shubhasiz ishonishadi. Bunday samimiylik – ularga bobomeros qadriyat sanaladi. Hukumat ular uchun barcha ishlarni imkon qadar amalga oshirmoqda. Bu haqda, hatto, ma'lumotlar yetarli bo‘lmasa-da, shunday ekaniga ishonishadi. Masalan, avvallari Tokioda radiatsiya darajasini ko‘rsatib turuvchi tablolar bo‘lgich edi. Falokatdan so‘ng (ayni kerak vaqtida!) ular o‘chirib qo‘yildi. Ammo turli “mish-mish”lar bolalab ketmadi. Elektr energiyasini tejash uchun shunday qilindi – vassalom.

Ikkinchi jahon urushini ulkan mag‘lubiyat va yo‘qotishlar bilan yakunlagan yaponlar hukumatga ishonch va beg‘arazlik tufayli, qisqa vaqt ichida aql bovar qilmas yutuqlarga erishganlar. Imperator millatga murojaat qilib, barcha qimmatbaho zebu-ziynatlar va buyumlarni yurtni tiklash uchun topshirishlarini so‘ragan. Fuqarolar bu chaqiriqni bir jonu-tan bo‘lib qabul qilishgan. Buning natijasi esa butun dunyoga ma'lum...

Xo‘sh, shuncha ofatlar keltirgan talofot va vayrongarchiliklarni bartaraf etish uchun jonsarak yaponlarga qancha vaqt zarur bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? 

Dahshatli tabiiy ofat, sirtdan qaraganda, Yaponiyada inqirozlarning “zanjirli reaksiyasi”ni boshlab berganga o‘xshaydi. Neftni qayta ishlash chorak foizga tushib ketdi. Yo‘llar vayron bo‘lib, katta miqdordagi texnika vositalari yaroqsiz holga kelgani sababli, benzin iste'moli ham kamaydi. Ammo, yaponlarning ruhi tushmadi, nogahoniy balo qarshisida qo‘llari ishga bormay, parishon bo‘lishgani ham yo‘q.

 “Yaponiya iqtisodiyotining poydevori juda baquvvat, – deb bayonot berdi iqtisodiy va moliya-byudjet siyosati bo‘yicha vazir Kaoru Yesano. – Binobarin, yuz bergan mislsiz ofat mamlakatimizni taraqqiyotdan to‘xtata olmaydi”.

Bosh vazir Naoto Kan esa, bu falokat, “Yaponiyani tiklashning keng ko‘lamli dasturi”ni ishga tushirishga turtki bo‘lishini ta'kidladi.

“Yerga ursang – ko‘kka sapchiydi”, – degan o‘zbekona iborani esga olish shu joyda o‘rinli bo‘lsa kerak. Negaki, bunday baloi-ofatdan so‘ng, uncha-muncha davlatning “beli sinib” ketishi hech gap emas-da. Lekin yaponlar anoyilardan emas. Masalan, ayrim optimist yaponlar, qayta tiklanish uchun atigi... 6 oy zarur bo‘lishini ta'kidlashgandi. Bu gaplarga ishonmaslik, yoki shubha bildirishga, ko‘pchilikda, hatto, jur'at ham yo‘qligi sir emas...

Xo‘sh biz nega bugun o‘tgan asrda ro‘y bergan yapon halokatini eslab qoldik. Javob oddiy: bugun Alloh taolo butun Yer kurrasi ahlini, ko‘zga ko‘rinmas sinov bilan baloladi. Bu ofat bizning yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.

Bunday vaziyatda bir tani bir jon bo‘lib harakat qilish va ofatga qarshi kurashish o‘rniga xalqimiz orasidagi nobakor o‘z nafsi va “jig‘ildon”idan boshqa narsani o‘ylamaydigan, insonlarning musibatidan ham cho‘ntak qappaytiradiganlar ko‘paymoqda.

Oziq-ovqatning, tibbiy maxsulotlarning narxini oshirib bugun pulimiz ko‘payar ammo, u pul bizga yuqarmikan? Bizni bugun xavotirga solayotgan virus balosi boshimizga mana shunday harom va insonlarga ozor berish kabi amallarimiz, odamlarning g‘am-qayg‘u va musibatlaridan foyda ko‘rish hamda Alloh taologa isyon qilishimiz kabi gunoh va xatolarimiz evaziga kelayotgan balo emasmi? Nahotki biz o‘zbeklar, musulmonlar faqatgina qorin va cho‘ntak to‘ldirish uchun yaratilgan bo‘lsak...

Odamlar imkon borida es hushimizni yig‘ib, musibatga qarshi birgalikda kurashaylik!

Manba:Muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 17/03/2020 12:07;   Ko‘rilganligi: 914
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/koronavirus-musibatda-ornak-bolgan-yaponlar
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 01:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing