O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ko‘chat ekish savobdir

 
 

Jazirama issiqda ketar ekansiz, beixtiyor atrofni kuzatib biron bir daraxt soyasiga shoshilasiz. Quyosh nurini to‘sib turgan daraxt soyasida salqinlab, nafasni rostlab “Alxamdulillah” deb daraxtni ekkan kishi haqqiga duolar qilasiz. Ammo o‘sha joyda “Bahor kelsa men ham daraxt ekaman” degan fikr aksariyat kishilarda bo‘lmaydi. Nimaga? Nima uchun hikmatlar ichida yashab undan ibrat olmaymiz. Tafakkur qilmaymiz. Parvordigor Nahl surasining 10-11 oyatlarida “U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan Zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan (sug‘orulur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undurur. Albatta, bundan tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordur”, deb marhamat qilgan. Demak biz tafakkur qilsak har qadamimizda ibrat oladigan alomatlarni ko‘ra bilamiz. Masalan: Behisob og‘irlikka ega bo‘lgan suvga to‘yingan bulutlar, Allohning amri bilan yerga tushayotganda chumoliga ham ozor bermasdan yomg‘ir bo‘lib yog‘ishi, tafakkur qiladiganlar uchun juda katta alomatdur. Har qanday texnika rivojlangan davrda ham bulutlarning vazifasini bajarishning imkoni bo‘lmaydi. Oddiy bir urug‘ni yerga qadasak uning yerni yorib chiqishi, bosqichma-bosqich rivojlanib hosilga kirishi ham mo‘jizaning o‘zidir. Shunday ekan bizlarga berilgan imkoniyatdan unimli foydalanib oxirat ozig‘ini ortig‘idan ham ko‘proq yig‘moqligimiz kerak. Ayni kunlarda dalalarda ish qizg‘in. Dehqonlar hamal oyining har soniyasidan foydalanib o‘z ishlari bilan mashg‘uldirlar. Dehqon bo‘lmasakda daraxt ekish qo‘limizdan keladiku. Shu muborak savobli ishni farzandlarimiz qolaversa nabiralarimiz bilan birga amalga oshirib o‘rnak ko‘rsatsak, biz o‘tganimizdan keyin ham boshlagan ishimiz davomli bo‘lsa, albatda ajru savobi yetib turadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Qay bir musulmon biror ko‘chat yoki ekin eksa, undan qush, odam yoki biror jonivor yesa, ekgan kishiga sadaqa savobi yoziladi.” deganlar. Bunday ulkan savobga ega bo‘lishimiz uchun, bir birlarimizga ko‘chat ekishdek xayrli ishni eslatib, ko‘chat ekishda musobaqalashsak, yashab turgan joyimiz daraxtlarga burkanib yanada yashnab ketadi. Ayniqsa mahallamizda hashar uyushtirilsa unda faol ishtirok etib mevali va manzarali daraxtlarni ko‘plab eksak, ham insoniylik, ham musulmonlik burchimizni ado etgan bo‘lamiz.


Kiritilgan vaqti: 09/04/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3129
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/kochat-ekish-savobdir
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 13:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing