O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

KISHILARGA YAXSHILIK QILISH INSONIY BURCHIMIZDIR

 
 

Vatanimizda olib borilayotgan odilona siyosat insonlarning manfaati uchun, tinch-xotirjam yashash, ilm olib, kelajak sari ildam qadam tashlash, bir-birlariga bo‘lgan mehr-muhabbatining oshishiga qaratilgandir. Zero, inson ongli mavjudod bo‘lib, butun borliqning gavharidir.

Islom dini yer yuzida o‘zining adolatli ko‘rsatmalari bilan insonlarni to‘g‘rilikka, odob-axloqli bo‘lishga undaydi. Baqara surasining 29 oyatida Alloh taolo bandalariga shunday marhamat qiladi: “U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi*. So‘ngra samo sari «turdi-da», uni yetti (qavat) osmondan iborat qilib qo‘ydi. U barcha narsani biluvchi (dono)dir.” Bildikki, yerdagi barcha narsa inson uchun yaratilgan ekan. Biz inson bo‘lib tug‘ilganimizdan mamnun bo‘lib, bir-birimizni qutlashimiz va hech qachon bir-birimizga nisbatan yomonliklar qilmasligimiz kerak. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning bir hadisi shariflarida: “Sizlardan hech biringiz toki o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqa birodariga ham yaxshi ko‘rmaguncha haqiqiy mo‘min bo‘laolmaydi”, deb marhamat qilganlar. (Buxoriy rivoyati).

Shunday ekan, bu o‘tkinchi dunyoda, fitnalarga aldanmasdan, boyliklarga berilib, kibr otiga minmasdan insoniylik fazilatlaridan foydalanib, bir-birimizga hamisha ko‘mak berib, qo‘llab-quvvatlab yashamog‘imiz lozim. Yana boshqa hadisi sharifda: “Mo‘min-musulmon odam atrofidagilar bilan ulfat tutunadi va ular ham buni o‘zlariga ulfat qiladilar. Odamlar uni do‘st tutmaydigan va u ham odamlarni do‘st tutmaydigan kimsada hech qanday yaxshilik yo‘q”, deb aytilgan. Dono xalqimiz bekorga “Odamni zahrini odam oladi”, deb aytmaganlar. Inson yolg‘iz yashashi juda ham og‘ir darddir. Chunki inson insonlar bilan birga yashaydigan qilib yaratilgan. Shunday ekan hech qachon yolg‘izlikni havas qilmasdan, elu xalq bilan, ular dardi bilan yashashlik kerak. Bu dunyo o‘tkinchi sinov dunyosidir. Do‘stlar davrasida yashmoq eng oliy baxt, kimki birovga yaxshilik qilsa, avvalo o‘ziga yaxshilik qilgan bo‘ladi. Zero bu dunyodagi har bir ezgu ish u dunyoda katta mukofotga aylanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallam: “Mo‘min mo‘minning oynasi”, deb aytganlar. Oyna qanchalik tiniq bo‘lsa, shunchalik ravon tasvirni ko‘ramiz. Qalbimiz ilm nuri bilan munavvar bo‘lsa, fikr-o‘yimiz insonlarga yaxshilik qilish bo‘ladi.

Alloh taolo har birimizni bu dunyoda o‘zgalarga manfaat yetkazadigan insonlardan qilsin.


Kiritilgan vaqti: 31/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4133
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/kishilarga-yaxshilik-qilish-insoniy--burchimizdir
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 17:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing