Kim shaytonning birodari?!
Prezidentimiz tashabbuslari sabab yurtimizda jadal olib borilayotgan islohotlar hech bir sohani chetlab o‘tayotgani yo‘q. Shu jumladan to‘yu marosimlarni ham. Aslini olganda to‘y bu bir ehson bo‘lib, uning o‘ziga yarasha bir necha qonun-qoidalari bor. Avvalo ehson kishining o‘z imkoniyatlari doirasida bo‘lmog‘i darkor. Ya’ni qarz ko‘tarib qilinmaydi. Hozirgi ko‘plab to‘ylar yoru – birodarlarning “xolis” yordamlari bilan o‘tkazilmoqda. Bu yordamlar “temir” daftarda qarz o‘laroq qayd etilgan bo‘lib, kezi kelganda o‘sha “yordam”ni o‘z vaqtida qaytarmaslik har qanday qarindoshchilik, do‘stu – yorlikni uzishi va buzishi mumkin bo‘lib, bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Muqaddas dinimiz insonga hech bir sohada mashaqqatni yuklamagan. Chunonchi surai Baqaraning oxirgi oyatida Alloh taolo “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi” deb marhamat qilgan. Demak, dinimiz musulmon shaxsga xoh u ibodat masalasida bo‘lsin, xoh u muomalat masalasida bo‘lsin uning imkoniyat doirasini inobatga olib vazifalar yuklagan. Shu bilan birga bu vazifalar uning imkoniyat doirasining chegaralarigacha yetib bormaydi. Bunga misol tariqasida ko‘p holda musulmon kishida besh vaqt namozdan tashqari ko‘plab nafl namozlar o‘qish, bir oy Ramazon ro‘zasidan tashqari ko‘plab nafl ro‘zalar tutish imkoni mavjud bo‘ladi. Shundoq bo‘lsa ham unga bir kecha kunduzda besh vaqt namoz, bir yilda Ramazon oyi ro‘zasiningina farz qilinganini keltirish mumkin. Bizdagi hol esa to‘yu marosimlar masalasida dinimiz ta’limotiga muvofiq kelmayotir. Ya’ni to‘y qilish bir mashaqqat bo‘lsa, qarz uzish yana bar mashaqqatdir.
Ehsonning shartlaridan yana biri isrof qilmaslikdir. Biz yuqorida imkon doirasi haqida so‘z yuritdik. Bu degani barcha imkoniyatni ishga solib isrof qilish degani emas, albatta. Musulmon kishisi isrof ham qilmaydi, xasislik ham qilmaydi, balki o‘rtacha yo‘l tutadi. Bu ayni shariat talabidir. Isrof bu moddiy jinoyat bo‘lib, o‘zining haqiqiy egalariga yoki o‘rinlariga yetib bormagan moldir. Bu esa o‘z o‘rnida ma’naviy jinoyatlarning eng xatarlilaridan biri bo‘lmish riyo bilan qorishib ketishi hayotiy misollarda o‘z ifodasini topgan haqiqatdir. Bu illlatlar faqatgina to‘ylarimizdagina bo‘lmay balki barcha turdagi marosimlarimizni qamrab olgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslini olganda bizdagi marosimlarning bazilari bid’at va xurofotdan boshqa narsa emas. Ular uchun sarf qilingan vaqt, zakovat va mol zoye ketadi xolos. Savob haqida umid ham qilib bo‘lmaydi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Molni zoye qilishingizda Alloh sizdan rozi bo‘lmaydi” deb marhamat qilganlar. Alloh rozi bo‘lmagan amalga qo‘l urishlik oqibati hasratdir, nadomadtir!.
Zikr qilingan mashaqqat, isrof va riyokorlikning oldini olish uchun qat’iy chora tadbirlar ishlab chiqish ayni chog‘da dinimiz va voqe’ilik taqozosidir. Alloh o‘z kalomida “Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang” (Isro 26) deb o‘z habibi Muhammad alayhissalomga qat’iy amr qilgan. Oyatdagi isrof deb tafsir qilingan “tabzir” kalimasidan molni o‘z o‘rnida ishlatmay, nojoiz ishlar va noo‘rin joylarga sarflab yuborib isrof qilish tushuniladi. Shu suraning 27 – oyatida Alloh taolo isrofgarlarni shaytonni birodarlari deb e’lon qilgan. Bundan anglashiladiki, isrofgarchilikni oldini olishda muayyan talab va majburiyatlarni tadbiq qilish lozim bo‘lib, so‘zning o‘zi bilan natijaga to‘laqonli erishib bo‘lmaydi ekan. Belgilangan tartib joriy qilinishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev takidlanlaridek, to‘y qilaman, maraka qilaman deb poraxo‘rlik, tamagirlik kabi jinoyatlarga qo‘l urishning oldini oladi. Shunda ota – onalar farzandlarini qarovsiz tashlab chet ellarga ketib, tirik yetim qilmaydilar. Erlar o‘z oilalarini qoldirib ketib firoqda yurmaydilar, rafiqalarini tirik beva qilmaydilar. Ajrimlar kamayadi, fitnalar kamayadi.
Inson bebaho va bebaqo umrini to‘yu marosim va imorat qurishgagina sarflamasdan balki oliy maqsadlar sari yo‘naltirmog‘i, uni ikki dunyo saodati sari yetaklaydi inshaalloh.
Kiritilgan vaqti: 08/05/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1882
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:23