O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Kelajagi porloq yurt

 
 

Shuni mamnuniyat bilan ayta olamizki bugungi kunda biz o‘z oldimizga ezgu va ulug‘ maqsadlarni qo‘yib, tinch-osoyishta hayot kechiryapmiz. Avvalambor, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotgan jannatmakon mamlakatda yashamoqdamiz. Mustaqil O‘zbekistonimiz jahonga yuz tutib, gullab yashnamoqda. Mamlakatimiz rivojlanishining bir nechta jabhalari qatorida islom ma’rifatining rivoji, shu bilan bir qatorda, musulmonlarning diniy ibodat va marosimlarini ado etishlari uchun ham qulay sharoitlar parpo etildi. Qur’oni Karim to‘rt marta o‘zbek tilida chop etildi. Mutaxassis kadrlar tayyorlanib, diniy o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsata boshladi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining tashabbusi bilan 1999 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti tashkil qilindi. Mustaqillikkacha 83 ta masjid faoliyati ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirga kelib 2200 dan ziyod masjidlar faoliyat olib bormoqda.

Ming afsuski, bunday chiroy ochib borayotgan, rivojlangan davlatlar qatorida o‘ziga xos nufuziga ega bo‘layotgan, vijdon erkinligiga keng imkoniyatlar yaratilgan mustaqil yurtimizni ko‘ra olmaydigan kuchlar ham paydo bo‘la boshladi. 90-yillarning boshida masjidlarda maxsus diniy ta’limga ega bo‘lmagan shaxslarning rahbarlik qilishi, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan diniy ta’lim beruvchilar paydo bo‘ldi. Ular turli jinoyatlarga ham qo‘l urishdi. 1997 yil noyabrda Andijonda avliyolar qabri toptaldi, dekabr oyida Namanganda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vakillariga suiqasdlar uyushtirildi. «Hizbut-tahrir», «Akromiylar», «Vahhobiylar» kabi atamalar ostida turli xil oqimlar paydo bo‘ldi, ularning maqsadlari hokimiyat tepasiga chiqish edi. Tinchligimizni ko‘ra olmaydigan guruh va kuchlar o‘z g‘arazli, buzg‘unchi g‘oyalarini islomning mazmun-mohiyatini yaxshi tushunmaydigan o‘zimizning musulmonlar orqali amalga oshirishga harakat qilishdi. Shu tariqa, din niqobidagi bir guruh oqimlar chetdan bizning mamlakatimizga kirib kelib, O‘zbekistonning mustaqilligiga, tinchligiga tahdid soluvchi katta muammoga aylandi.

Islom niqobidagi ekstremizm — diniy firqalar yoki ayrim dindorlar tomonidan jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarga zid bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qilish va shunday g‘oyalarga mos kelmaydigan faoliyat olib borishni anglatadi. Bu guruh o‘zining ikki xususiyati bilan ajralib turadi. Birinchisi, ular aqidasiga ko‘ra, islom o‘zini islomiylik tusini yo‘qotgan, degan johil qarashlariga tayanib qonuniy hukumatlarni va ular olib borayotgan siyosatni tanqid qilish uchun «asos» bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchi xususiyati, ular o‘zlari yaratgan «islomiy tartib»ni o‘rnatish uchun keskin va agressiv harakat qilish zarur deb hisoblaydilar.

Islom niqobidagi terrorizm esa odamlarni qo‘rqitib, jamiyatda qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish bilan xavf va dahshat tug‘dirishni anglatadi. Terrorchilik har doim diniy va insoniy me’yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va axloqiy fazilatlarga qarshi qaratilgani uchun eng og‘ir va vahshiyona jinoyat hisoblanib kelgan. Eng achinarlisi, bunday g‘oyalar ta’siriga yoshlarning jalb etilishi tashvishlanarli holdir. Yoshlar ongiga ekstremizm, terrorizm g‘oyalarini singdirishning oldini olib, ularning ongini bunday zararli illatlardan muhofaza qilib, antiterroristik usullar ishlab chiqish diniy xodimlarning ham dolzarb vazifasiga aylanib bormoqda. Ushbu maqsadni ko‘zlagan holda 2000 yil 15 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining «Terrorzmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonuni (167-II-son) qabul qilindi. Uning 5-moddasi «Terrorchilik faoliyatining oldini olish» deb nomlangan va quyidagi jumlalar mavjud: «Terrorchilik faoliyatining oldini olish davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa profilaktik choralar majmuini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi». Qonunning 6-moddasida esa «davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlariga ko‘maklashadilar va zarur yordam beradilar» deya belgilangan. «fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari» deganda biz diniy muassasalarni ham ko‘zda tutishimiz lozim. Demak, bundan terrorchilik faoliyatining oldini olish o‘quv yurtlarda, diniy muassasalarda, masjidlarda juma namozlarida profilaktik choralar majmuini amalga oshirish orqali ham amalga oshirilishi lozimligini anglamog‘imiz lozimdir.

Ta’lim-tarbiya uzluksiz jarayon bo‘lib, inson dunyoga kelishidan tortib, to umrining oxirigacha davom etib boradi. Bu jarayon davomida atrof-muhitdagi voqea-hodisalarning shaxsga salbiy yoki ijobiy ta’sir etishi uning insoniy fazilatlari qay darajada shakllanganligini belgilaydi. Bugungi kunda diniy muassasalar oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, kelajak avlodni komil shaxs sifatida shakllanishini ta’minlashdan iborat. Eng nozik balog‘at davrida bola akademik litsey va kollejga o‘qishga keladi. Ana shu paytda yosh navnihol bolani ongidagi dunyoqarashni nimaga yoki qaysi jihatga moyilligini aniqlab, shu moyillikni muayyan maqsad yo‘lida sayqallashtirib, uyg‘unlashtirib, rivojlantirish biz diniy xodimlarning asosiy vazifamiz hisoblanadi. Biroq, ba’zan yoshlarda mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish usullarini samarali qo‘llamaslik oqibatida bolaning ko‘ngliga yo‘l topa olmaymiz. Bu esa yoshlarning ongida g‘oyaviy bo‘shliq paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.Bu holatdan har xil yomon niyatli kishilar, g‘araz maqsadlarini amalga oshirishda foydalanishlari ehtimoldan holi emas. Shunday paytda biz yoshlarning ongida g‘oyaviy bo‘shliqning oldini olishning tarbiyaviy jihatlarini yaratishimiz lozim. Ushbu jarayonda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida malakali diniy xodimlarning o‘quvchi yoshlar va talabalar bilan uchrashuvlari, ularga musaffo islom dinining asl mohiyatini tushuntirish, o‘quvchi yoshlarning diniy qarashlarini ilmiy, diniy, axloqiy tomondan asoslab, jangari, buzg‘unchi-teroristik g‘oyaga emas, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi bunyodkor g‘oyaga yo‘naltirishga erishmog‘imiz zarur.

Yurtimiz rahbari 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilishining zamirida yurtimizdagi barcha soha vakillari qatori diniy xodimlarning ham xalq bilan muloqotlari, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod bilan uchrashuvlari jarayonida islom niqobidagi ekstremizm va terrorizmning aholi va o‘quvchi-yoshlar madaniyatiga salbiy ta’sirini oldini olish, milliy g‘oya va qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan masalani yorqin bayon qilib berish muhim ahamiyat kasb etadi


Kiritilgan vaqti: 10/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 11166
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/kelajagi-porloq-yurt
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 22:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing