O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

KASALLIKNI DAVOLASHDAN KO‘RA, OLDINI OLGAN YAXSHIROQ

 
 

Alloh taolo insoniyatni jaholat botqog‘idan ma’rifat nuriga va jabr-zulm iskanjasidan ilohiy adolatga olib chiqish uchun Muhammad s.a.v.ni yer yuziga payg‘ambar ya’ni O‘zi tomonidan elchi qilib yubordi.

Islom kelgach inson qadrini va sha’nini yerga uradigan, ularni xorlaydigan ko‘plab johiliyat illatlariga barham berildi. Jumladan cho‘ri qizlarni pul topish maqsadida o‘z tanalarini sotishga majbur qilish, qizlarni tiriklay ko‘mish kabi ko‘plab salbiy holatlarga qat’iy chek qo‘yildi.

Tarix sahifalariga qaraydigan bo‘lsak, Islom kelishidan ilgari ayolning qadr-qimmati toptalganiga va ularga bir arzimas matoh singari muomalada bo‘linganiga guvoh bo‘lamiz.

Ayolga boylik to‘plash vositasi deb qarash oddiy hol bo‘lgani uchun ham, qaysi oilada qiz tug‘ilsa, o‘sha oila isnodga botib qolgan va hattoki ba’zilari bu sharmandalikdan qutulish uchun qiz farzandlarini tiriklayin tuproqa ko‘mib tashlaganlar. Bu xususda Qur’oni Karim oyatlarida shunday deyiladi:

وَإِذَا الْمَوْءُودَةُ سُئِلَتْ . بِأَيِّ ذَنبٍ قُتِلَتْ

Va vaqtiki, tiriklay ko‘milgan qizdan so‘ralsa. U nima gunoh uchun o‘ldirilgan?”[1]

Islom kelgach, insonning bu dunyoda baxtli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan besh omilni muhofaza qilishga kirishdi va buni qattiq turib himoya qildi. Ular insonning joni, aqli, nasli, mol-mulki va obro‘si kabi eng muhim asoslardir.

Bulardan biriga qilingan tajovuz dinimizda insonning butun borlig‘iga qilingan tajovuzga tenglashtiriladi. Islomdagi jazolar ham aynan mazkurlardan biriga qilingan tajovuz sababidan joriy qilingan. Shu sababli ham insonning joniga bo‘lsin, aqli yoki nasliga yoxud mol-mulkiga va obro‘siga bo‘lsin salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qotillik, giyohvandlik va aroqxo‘rlik kabi jinoyatlarga qarshi kurashiladi.

Ammo kishilik jamiyatida shunday illat va balolar borki, ular yuqorida tilga olingan barcha insoniy asoslarga birdaniga tahdid qiladi. Ana shunday halokatli illatlardan biri “Asr vabosi” nomini olgan OIV ya’ni odamning immunitet tanqisligi virusidir.

Bu shundayin dahshatli illatki, u insoning aqliga ham, nasliga ham, diniy e’tiqodiga ham, mol-mulkiyu, sha’n-obro‘siga ham baravariga shiddatli tajovuz qilmoqda. Bu illatning hozirgi paytdagi ko‘lami va zarari shunchalik ulkanki, uni daf qilishga biror davlat yoki tuzilmaning kuchi yetmayapti.

Alloh taolo barcha maxluqotlari ichida insonni aziz va mukarram qilib yaratgan. Unga Yerdagi juda ko‘p narsalarni bo‘ysundirib, sanog‘iga yetib bo‘lmas darajada ne’matlar bergan.

Bu bilan Parvardigorimiz insoniyatni barcha yomonliklardan saqlanishga, ilohiy amrlarni ado etishga va bu dunyoda obod qilib, insonlarga xos tarzda hayot kechirishga buyurgan. Agar inson bu boradagi muvozanatning buzilishiga sabab bo‘ladigan yomon yo‘llarga qadam qo‘ysa, unga omonat qilib topshirilgan jon va aql ne’matiga xiyonat qilgan bo‘ladi va o‘zini halokatga tashlagan bo‘ladi.

Hozirda mazkur OIV balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, uning aziz va mukarramligiga putur yetkazayotgan mash’um illatlardan bo‘lib turibdi. OIV kasalligi Alloh taolo insonga ato etgan jon, jism va aql ne’matlarining zavoliga sababchidir.

Chunki bu Allohning yaratish hikmati va irodasiga zid ishdir. Alloh taolo barchamizni ogohlantirib aytadi:

“وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ”

ya’ni: “...o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!..”[2]

Muqaddas dinimiz qaytargan, yuqorida sanab o‘tilgan besh narsadan biriga putur yetkazadigan har qanday illatga, xususan OIV balosiga mubtalo bo‘lish ham o‘zini o‘zi halok qilishdir.

Alloh taolo insonga omonat qilib berilgan barcha tana a’zolari va aqlini turli yomon illatlardan, zararlardan avaylab saqlashni buyuradi.

Bas kimiki bu ilohiy buyruqqa amal qilsa bu dunyoda osuda va farovon hayot kechiradi. Aksincha bo‘yin tovlaydigan bo‘lsa, dunyo va oxiratda xorlik va azobga giriftor bo‘ladi. Xususan, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan va keng tarqalayotgan yuqumli OITS kasalligidan ehtiyot bo‘lish lozim. Bu ofat nafaqat u kasalga mubtalo bo‘lganlarni, balki butun bir jamiyat vakillari uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi kasallikdir.

Barchamizga ma’lumki bu illat asosan jinsiy yo‘l—fohishabozlik va qon orqali o‘tuvchi kasallik sanaladi. Alloh taoloning bu ummatga mehribonchiligidan biri, ularga ibrat olishlari uchun o‘tgan qavmlarning qissalarini bayon qilib bergan. Qur’on Karimda Alloh taolo Lut a.s. ning qavmi bu kabi jirkanch ishni kasb qilib olgani uchun ularning ustiga balo-ofatlarini yog‘dirgani va kelgusi avlod bundan ibrat olib nopokliklardan chetlanishi lozimligi haqida aytib o‘tgan.

Bu kabi oyati karimalarda Alloh taolo O‘z payg‘ambariga va u zot orqali barcha mo‘min-musulmonlarga nopokliklardan chetda bo‘lishni buyurgan. Mufassirlarimiz bu nopokliklar faqat inson tanasidagi va ustboshidagilardangina iborat emas, balki bunga yana shirk, zinokorlik, axloqsizlik, bezorilik, harom qilingan narsalar, ya’ni aroqxo‘rlik, giyohvandlik, buzuqlik kabi ma’naviy nopokliklar ham kiradi, deb aytishgan. Dinimizda insonlarning hamma sohada toza, pokiza bo‘lishlariga alohida e’tibor berilgan. Ayniqsa qalb pokligi va taqvo alohida e’tiborga molik. Sababi qalbi musaffo, niyati to‘g‘ri va o‘zi pokiza insondan ifloslik, razillik chiqmaydi.

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan OITS kasalligini davolash va tartibga solish ishlari bo‘yicha 150 ta davlatlarda “Milliy hay’atlar” tuzildi va ular katta miqdorda mablag‘ bilan ta’minlandi.

Bu yaramas illat davlat yoki millat tanlamaydi. Oxirgi kuzatuvlar natijasiga qaraganda bu kasallik yuqori suratda ortib bormoqda. Bu esa jamiyat va kelajak avlod vakillari uchun benihoya katta xatar sanaladi.

Bu yuqumli kasallik ijtimoiy kasallik bo‘lib nafaqat iqtisodiy, siyosiy zarar keltiradi, balki oilaviy, ruhiy, ma’naviy, axloqiy jihatdan ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Shunday ekan, kasallikning oldini olish, uning tarqalishiga beparvo bo‘lmaslik barcha jamiyat vakillarining mas’uliyatlari sanaladi.

Musulmon odam doimo o‘z burch va mas’uliyatini his etib yashaydi. Zero Rasululloh s.a.v:

“كلكم راع وكلكم مسؤل عن رعيته”

“Sizlarning har biringiz boshliqsiz va sizlarning har biringiz qo‘l ostilaringizdagi kishilar haqida so‘ralasiz” dedilar.

Shunday ekan barchamiz, kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizga, o‘quvchi va talabalarimizga, mahalladagi yoshlarimizga beparvo bo‘lmasligimiz lozim.

Dono xalqimiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshiroq!”, - deydi. Shunday ekan, har bir ota-ona, har bir kishi sog‘lom millatni voyaga yetkazadi, sog‘lom millat esa, inshoalloh ulkan ishlarga qodir bo‘ladi.

Alloh taolo barchalarimizni, xususan yosh avlod bo‘lgan aziz farzandlarimizni asr vabosi sanalmish OITS va giyohvandlik kabi illatlardan O‘z panohida saqlasin!



[1] Takvir surasi 8-9-oyatlar.

[2] Baqara surasi 195-oyat.


Kiritilgan vaqti: 04/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3424
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/kasallikni-davolashdan-kora-oldini-olgan-yaxshiroq
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing