O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Juft tanlash odobi

 
 

Oila va uning baxti, saodati haqida so‘z yuritishdan oldin insonning yaratilishidan ko‘zlangan maqsadga nazar solish, ayniqsa “nima uchun erkak va ayol juft qilib yaratildi?”, degan savolga javob axtarish lozim bo‘ladi. Shu ma’noda Qur’oni karimga yuzlansak unda insonning juft qilib yaratilishi haqida bir qancha oyatlar nozil bo‘lganini ko‘ramiz. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib: “Va Uning oyat belgilaridan sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi, oralaringizda mehru‑muhabbat va marhamatni solganidir. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat‑belgilar bordir”.

Insonning erkak ayolga ajratib juft yaratilishi Allohning biru borligi, barkamol sifatlar sohibi ekanining yorqin dalilidir. Alloh taolo insonning o‘zidan unga juft yaratib berishining hikmatini bayon qilib : “Sokinlik topishingiz uchun” demoqda. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning o‘zlari ham oila qurishlikka targ‘ib qilib: “Bir muddat o‘tkazib bo‘lsa ham ixtiyor qilinglar” deb marhamat qilganlar. Bu hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har bir inson uylanishidan oldin avvalo tanlashlik, tekshirishlik, ko‘rishlik kerakgini aytib o‘tmoqdalar. Kuyov tanlash borasida sarvari olam sallallohu alayhi vasallam: “Vaqtiki dindor va omonatdorligiga rozi bo‘ladigan odam sizlarga sovchi bo‘lib kelsa, albatta qo‘lingizdagi qizlaringizni unga beringlar” deb aytganlar. Bu hadisi sharifda erkaklarga kerak bo‘ladigan ikki sifatni aytdilar. Birinchisi, har qanday holatda Alloh bilan birga bo‘ladigan, Xudodan qo‘rqadigan banda zaifa ayoli bilan birga xonada qolganida ayolga hech vaqt zulm, qahr, jabr qilmas.

Chunki Nabiy sallallohu alayhii vasallamdan rivoyat qilingan hadisda: Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilaringizdir. Men o‘z ahli eng yaxshi bo‘lgan kishingizman, dedilar. Omonatli bo‘lib, omonatga xiyonat qilmaydigan bo‘lsin. Agar u odam birovni moliga xiyonat qilsa, birovni so‘ziga xiyonat qilsa, albatta oilasiga xiyonat qiladi. Demak gunohlarni katta‑kichigi bo‘lmaydi. Kichik gunohdan kattasi kelib chiqadi. Kuyov tanlashda, kelin tanlashda nihoyatda diqqat qilishimiz, etiborli bo‘lishimiz lozim.

Xazrati Umar roziyallohu anhuning o‘g‘illariga kelin tanlashdagi talablari ko‘pchilikka ibratdir. Xazrati Umar kechalari Madina shahrini aylanardilar. Bir uy oldidan ketayotib bir ayolning ovozini eshitib qoldi.

– Ey qizim sutga ozroq suv qushgin keyin chiqarib bergin.

Onajon sutga suv qo‘shsam bu xiyonat bulmaydimi? Amirul mu’minin bilib qolsalar nima buladi?

Amirul mu’minin qaydan ko‘rib turibdi, u sening nima qilayotganingni ham bilmaydi. Siz haqsiz onajon! Amirul mu’minin ko‘rmayotgan bo‘lsa Umarning Robbisi ko‘rib turibdiku, dedi. Bu voqeadan keyin xazrat Umar roziyallohu anhu shu qizga sovchi qo‘yib o‘g‘illariga olib bergan ekanlar.


Kiritilgan vaqti: 27/07/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4347
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/juft-tanlash-odobi
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 09:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing