O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

JANOZADA BID'AT BORMI?

 
 

Alloh taolo biz bandalarini bu sinov dunyoda yaratib, hayotimiz davomida shod xurramlik kunlarni va ba'zida musibat, mashaqqatlarni berib sinaydi. Mo‘min banda bu ikki holatda ham savob oladi, chunki u yaxshilik yetganda shukur qiladi, musibat yetganda sabr qiladi. Pok dinimizda mo‘min insonni har ikkala holatda ham savob olishi uchun o‘zini qanday tutishi ko‘rsatib berilgan. Afsuski, ko‘pchiligimiz yetarli ilmimiz yo‘qligi tufayli ana shu savoblardan bebahra qolamiz. Hattoki savob ish qilamiz deb umuman dinimizda yo‘q bid'atlarni qilib gunohkor ham bo‘lib qolamiz. Keling hammaning boshida bor o‘lim, janozada qiladigan ishlarimizni bir ko‘rib chiqaylik.

Alloh taolo bandasini hech qachon qiyinchilikka buyurmaydi. Lekin bandalari o‘zlari o‘zlarini qiyinchilikka soladi. Mo‘min banda musibat yetganda birinchi qiladigan ishi sabrdir. Qur'oni karimda: “Musibat yetganda "Inna lillahi va Inna ilayhi roji'un" (ya'ni "Albatta biz Allohning bandasimiz va albatta biz Unga qaytamiz") degan bandalarimga xushxabar bering ana o‘shalarga Robbilari tomonidan salovat va rahmat bordir” (Baqara, 155-157 oyatlar) deyilgan.

Demak, musibat yetgan zahotiyoq jazavaga tushmay, yuz tirnab yoqa yirtmay, har xil dod faryodu, nojoiz so‘zlarni aytmay, yuqoridagi oyatdagi istirjo'ni aytishimiz kerak. Shu o‘rinda ba'zi tushunmagan odamlar janozada umuman yig‘lab bo‘lmaydi, degan gaplarni aytishlarini yodga olaylik. Bu ham to‘g‘ri emas. Chunki, inson o‘zining yaqini, mehribon kishisidan ayrilgandan keyin qalbi eziladi, ko‘zidan yosh oqadi. Bu jarayon esa inson ixtiyorida bo‘lmagan bir holat bo‘lib, u  rahm-shavqat deb ataladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘g‘illari Ibrohim dunyodan o‘tganda muborak ko‘zlaridan yosh oqdi. Shunda sahobalar so‘radilar: “Yo Rasululloh, siz bizlarni yig‘lashdan qaytargandingiz, bu qanday holat? deganlarida Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam: “Men sizlarni jazavaga tushib, dod faryod qilishdan qaytarganman, albatta qalb mahzun bo‘ladi, ko‘z yosh to‘kadi, bu Allohning rahm-shavqatidir” dedilar. Ko‘p amallar borki ularning asli dinimizga zid, bid'at amallardir.

Shulardan o‘zim ko‘rgan va bilganlarimni qiska keltirib o‘taman.

1) Erkaklar hovli suffasiga chiqib navbati bilan dod solib yig‘lashi;

2) Ayollarning uvvos solib baqirib yig‘lashlari;

3) Chorshanba kuni o‘lgan inson uchun bir mevali daraxtni kesish;

4) O‘likni eshik qolib derazadan chiqarish;

5) O‘likni tobutga solishdan oldin tobutni ko‘tarib, qimirlatib silkitib turish;

6) O‘likni tobutga solgandan keyin uch marta yerga qo‘yib ko‘tarib olish;

7) Tobutni oldiga tushib olib, yig‘lab, faryod qilib borish;

8) O‘lik chiqqandan so‘ng orqasidan suv sepish;

9) O‘likni yuvgan g‘assolning ortidan tosh otish;

10) Ayollarni o‘likni ortidan ko‘chaga chiqib baqirib qolishlari;

11) Mayyitni qabrga qo‘yganda kafanni yamlaydi, degan e'tiqod bilan hatto ayollarni ham, yuzini ko‘ksigacha ochib qo‘yish.

12) Mayyitni ko‘mib kelgach yana ovoz chiqarib baqirish;

13) Sag‘ir yetim bolalari qolgan bo‘lsa ham “xudoyi” deb ularni haqqidan marakalar qilish.

14) 20-40-51 kunlarda xoslab osh damlab odamlarga yedirish.

15) Bir yil o‘tgach yil oshi qilish.

Hozir biz janozaga oid bid'at amallarning barchasini zikr qilaolmadik. Yodimizga kelgani va biz yashab turgan hududlarda urf bo‘lganlarinigina sanab o‘tdik. Har joyning o‘ziga yarasha bid'atlari borki eshitib hayron qolamiz. Nima bo‘lganda ham yetgan musibatda savob olish va marhumga ham foydasi bo‘lishi uchun shari'atimizda ko‘rsatilgan amallarni qilishimiz kerak. Qaysi amal to‘g‘ri, shari'atga mos ekanligini bilishga qiynalgan kishi har kimdan emas, balki ulamolardan so‘rab o‘rganishi zarur, zero Alloh taolo “Agar bilmasangiz zikr ahlidan so‘rang” (Nahl surasi 43-oyati) deya marhamat qilgan.

Saydillo RO‘ZIYEV – Kattaqo‘rg‘on shahar “Qoriravot” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/12/2019 12:58;   Ko‘rilganligi: 1911
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/janozada-bidat-bormi
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing