O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

JANNATDAN OLIB KELDIM

 
 

Mashhur muhaddis, alloma va buyuk zotlardan biri shogirdlariga hadis fanidan dars berar edi. Imtihon qilish maqsadida talabalarga yuzlanib: «Ey shogirdlar! Ey talabalar! Ertaga mening oldimga eng qimmat narsani olib kelinglar!», — dedi. Talabalar uylariga qaytishdi. So‘ng, ertasi kuni, bomdod namozidan so‘ng hammalari Ustoz huzurida to‘planishdi va oralarida quyidagi suhbat kechdi.

Ustoz: «Xo‘sh, eng qimmatli narsani olib keldingizmi?», — deb so‘radi. Shogirdlar olib kelgan narsalarini navbatma-navbat ustozga taqdim qila boshladilar. Ustoz qarasa, talabalardan biri qo‘y, biri tuya, biri qimmatbaho kiyim, yana biri oltin, boshqasi kumush, xullas, har biri o‘zi qimmat deb o‘ylagan narsani olib kelibdi. Navbat 12-13 yoshlardagi yosh talabaga keldi. U ustozining oldiga bir ko‘zacha qo‘ydi.

Ustoz hayron bo‘lib so‘radi: «Sen eng qimmatli, deb shuni olib keldingmi? Bu nima o‘zi?».

«Hazrat, bu tuproq!», — dedi shogird, — bu men uchun eng qimmat bo‘lgan narsa. Men buni jannatdan olib keldim!”.

Ustoz bu holdan hayron bo‘larkan: «Jannatdan olib keldim, deysanmi!? Nima sen jannatni topdingmi?», deb so‘radi.

— «Ha, jannatdan olib keldim, jannatdan», — ta’kidladi shogird, — «onam hovlimizga chiqqanida, qadamlari ostidagi tuproqlarni olib, huzuringizga keltirdim, ustoz. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jannat- onalar oyog‘i ostidadir!», deganlar”.

Bu javobdan ustoz behad xursand bo‘ldi. Chunki shogirdlaridan xuddi shu javobni kutgan edi. Uning ko‘zlaridan mamnuniyat va rozilik ko‘z yoshlari tirqirab ketdi va talabaga «Bergan ta’lim va o‘gitlarim zoye ketmabdi. Sen yosh bo‘lishinga qaramay, topshirgan vazifamning haqiqiy mohiyatini anglabsan», deya mazkur shogirdni maqtab, uni boshqalarga o‘rnak qildi.

Ha, darhaqiqat, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek, «Jannat- onalar oyog‘i ostidadir». Bu so‘z haqida tafakkur yuritar ekanmiz, Alloh taolo dunyodagi barcha obidu zohidlarning, olimu solihlarning eng buyuk maqsudini onalarning oyoqlari ostiga tashlab qo‘yganligini anglab yetamiz. Ona degan nomga sazovor bo‘lgan zotlar uchun bundan ortiq sharaf, bundan zo‘r hurmat bormi?!

Ona… Shu birgina so‘z zamirida olam-olam ma’no mujassam. Yer yuzida oyoqlarini o‘pishga loyiq zot, bu — Onadir. Onasi hayot bo‘lganlar uning qolgan umrini g‘animat bilsinlar, unga muloyim muomalada, doim tavoze’da bo‘lsinlar.

Hargiz unga baland ovozda gapirmasinlar, uning yuziga qarab uf tortmasinlar! Nima uchun? Chunki, shunday bir kun keladiki, onaning o‘rnini bosadigan hech narsani topolmay qoladi kishi. Uni izlaydi lekin topolmaydi, uning qadriga yetmaganiga, qo‘llarini ko‘ziga surtmaganiga nadomat chekadi.

Boshinga mushkul ish tushganda hamma do‘stlaring seni tashlab ketishi mumkin. Ammo yolg‘iz bitta do‘sting seni tashlab ketmaydi. Bu sening Onangdir. Bu dunyo yo‘qotganlaringni qaytarishi mumkindir. Lekin onangni yo‘qotsang qaytarib bera olmaydi.

Ona shunday muqaddas va buyuk zot. U hammaning o‘rnini bosa oladi. Lekin hech kim uning o‘rnini bosa olmaydi.

Alloh ta’olo ota-onalarimizning umrlarini barakali qilsin, ularning roziligi sabab bizlarga jannatni vojib aylasin!

Aminov M.

Toshkent islom instituti 3 — kurs talabasi

"www.muslim.uz"dan


Kiritilgan vaqti: 09/12/2015 00:00;   Ko‘rilganligi: 1751
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/jannatdan-olib-keldim
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 03:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing