JANNAT RAYHONLARI
Millatning sog‘lom bo‘lishi avvalo, onalarga bog‘liq. Shunday ekan onaning ham jismonan, ham ruhan sog‘ bo‘lishi barkamollik sari qo‘yilgan birinchi qadamdir. Tiriklik, avlodlar dovomiyligi nikoh va oila bilan. Oila totuvligi va bolalarni yaxshi tarbiyalash ayollarimizning eng muhim burchlaridir.
Qur’oni karimda ayollarga go‘zal muomila qilish buyuriladi. Jumladan oyati karimda “Ular bilan totuv turmush kechiring” deya marhamat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom ko‘pgina hadislarida bu haqda marhamat qilganlar. Jumladan, “Sizlarning yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lguchilaringizdir”. (Termiziy rivoyati).
Ulug‘lar “Ko‘ngil bog‘ining mevasi farzand erur” deganlar. Bu meva qanchalar benuqson, sog‘lom bo‘lsa, ko‘ngil shunchalar xotirjam. Bu xotirjamlik esa insonni ulug‘ maqsadlar, ezgu ammallar sari yetaklaydi. Darhaqiqat, farzand Alloh taoloning buyuk nematidir. Bu borada Payg‘ambar alayhissalom “Go‘daklar jannatning rayhonlaridir” deya marhamat etganlar. Shu bois halqimizda farzand ko‘z nuri, qalb qo‘ri deya ta’riflanadi. Yer yuzida birorta ota-ona yo‘qki, farzandlari sog‘lom, aqilli, ilimli, xushxulq va ko‘rkam bo‘lishini orzu qilmasa. Farzandning sog‘lomligi, tarbiyaviyligi inson hayotida shunchalar ahamiyatli ekan, uni qachondan boshlash kerak? Bu savolga har kishi har xil javob beradi. Kimdir tug‘ilgandan keyin desa, yana kimdir bola oqu-qorani ajrata boshlagach deb fikr bildiradi. Lekin farzand tarbiyasi va salomatligiga hali u tug‘ilmasdan ilgari, aniqrog‘i yangi oila barpo etilyotgan kezlaridayoq jiddiy e’tibor qilmoq lozim. Shu e’tiborlardan biri tibbiy ko‘rikdir. Qonuniy nikoh qurayotgan yoshlarimiz bu ko‘rikdan ongli ravishda o‘tishlari lozim. Nikoh rishtasi bilan bog‘lanayotgan odamlar bir birlarining sog‘liklarini bilishlari o‘zlari uchun muhimdir.
Manbalarda keltirilishicha farzandni kamolga yetkazishdagi muhim masalalardan yana biri luqmaning halolligidir. Zero bu ham tarbiyaning ajralmas qismi. Hadisi shariflarda aldov, xiyonat, firibgarlik, qo‘yinki, barcha yomon xislatlar nopok luqma bilan voyaga yetgan farzandlarda paydo bo‘lishi, ular ota-onasiga ham jamiyatga ham zarar keltirishi aytib o‘tilgan. Aksincha bola halol luqma bilan voyaga yetsa, tarbiyalansa solih inson bo‘lib yetishi borasida ko‘rsatmalar berilgan. Bu ko‘rsatmalarga amal qilib kelgan oilalardan dovrug‘i dunyoga doston ulug‘ avliyolar-u allomalar chiqqanligi tarixda o‘z isbotini topgan.
2016- yil “Sog‘lom ona va bola yili” deb elon qilinishi zamirida diniy va milliy qadriyatlarimiz o‘z aksini topgan. Azaldan ajdodlarimiz ayollarga nisbatan chiroyli muomalada bo‘lib ehtirom ko‘rsatib kelganlar. Ayol homilador bo‘lsa bu hurmat va e’tibor ikki karra oshgan. Homilador, ya’ni farzand kutayotgan ayol dunyodagi eng ma’suma ayol deb ta’riflanadi. Chunki u pokiza vujudni yuragining ostida asrab ulg‘aytiradi. Yurtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 23 yiligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzalarida bu mavzuga alohida to‘xtalib shunday deganlar: “Haqiqatdan ham bolaga e’tibor, bo‘lajak onaga e’tibor qaratishdan boshlanishi kerak. Chunki homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati, barcha his tuyg‘ulari, kayfiyati ona vujudi orqali bolaga o‘tadi. Bundan xulosa shuki, bolani e’zozlash uchun avvalo onani e’zozlash zarur. Bu borada barchamiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak”.
Zero, dinimiz doimo ayol sha’nini himoya qilgan, uni ulug‘lagan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirgan.
Faqeh Abu Lays as- Samarqandiyning “Tanbehul-g‘ofiliyn” asarida quyidagi muborak hadis naql etilgan. “Payg‘ambar alayhissalom aytdilar “Kim bozordan farzandlariga hadiya keltirsa u sadaqa qilgan kishi kabi bo‘ladi, hatto uni ularning og‘ziga soladi. Tarqatishni qizlardan boshlasin, chunki Alloh taolo ayollarga yumshoqlik qildi. Kim ayollarga yumshoqlik qilsa Allohdan qo‘rqib yig‘lagan kishi kabidir, kim Allohdan qo‘rqib yig‘lasa uni Alloh kechiradi, kim qizlari bilan xursand bo‘lsa , Alloh qiyomat kuni uni xursand qiladi” deganlar.
Azizlar, sha’ni ulug‘, qadri baland ayol zoti onamiz, opa-singlimiz, yonimizdagi juftu-halolimiz, qiz va kelinlarimizni asrab avaylaylik. Zero, ular naslimiz, millatimiz davomchilaridir.
Kiritilgan vaqti: 20/02/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 4218
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:40