O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

JAMIYATIMIZDA KENG TARQALGAN URF-ODATLARNING BARCHASI TO‘G‘RIMI?

 
 

Biz o‘zbek xalqining kelib chiqishi, etnik tarixi va xususiyatlari nixoyatda murakkab va uzoq davrni qamrab oladi. Tarixan tarkib topgan milliy an’ana, urf-odatlari, rasm–rusum, taomil, marosimlarning vujudga kelishi va rivojlanishiga bir qancha omillar bevosita va bil vosita ta’sir ko‘rsatadi.

Ayniqsa milliy marosimlar va urf-odatlar taraqqiyotida moddiy va ma’naviy madaniyat, tabiiy muhit, xo‘jalik munosabatlari ta’siri beqiyos bo‘lib, vaqt o‘tgan sari ular tobora mustahkamlanib avlodlarga meros bo‘lib o‘tib kelgan va shu tariqa ularning barqarorligi ta’minlangan. Jamiyat taraqqiyoti tufayli milliy marosimlar va urf-odatlar ham o‘zgarib ularning ayrimlari amaliyotdan chiqib unitilgan. Turmushga zamonga qarab yangi-yangi urf-odatlar va marosimlar kirib ta’komilashib borgan. Xalqchil urf- odatlar va marosimlar zamonlar osha davr sinovlariga bardosh berib yashab kelmoqda. Qolaversa, asrlar davomida bir makonda aralash yashab kelgan xalqlarning a’nanalari va urf-odatlarida o‘xshashliklar ko‘p.

Turli tarixiy davrlarda O‘zbekistonning tub yerli turg‘un aholisiga kelib qo‘shilgan qabila va elatlar o‘troqlashib o‘zbeklarning udumlarini qabul qilganlar va ayni vaqtda unga hissalarini qo‘shganlar.

Shuningdek, xalqimizning qadimgi milliy qadriyatlari bugungi kunda o‘ziga xos tarzda rivojlangan bo‘lib, o‘zbek milliy urf-odatlari, islom dini bilan bog‘liq odatlar, islomdan tashqari marosimlar, aza bilan bog‘liq marosimlar va to‘y-hasham bilan bog‘liq urf-odatlar kabi marosimlar xalqimiz hayotining ajralmas qismiga aylangan. O‘zbek milliy urf- odatlari qatoriga mehmondorchilik, boshqa millat–elatlarga bu darajada qadirlashmaydigan bir o‘ziga xos urf-odatlaridandir. Kattalarni hurmat qilish o‘zbek xanodonida umuminsoniy qadriyatlardan bo‘lib, bolalarga juda yoshligidan o‘rgatilgan.

O‘rta Osiyoga islom dini kirib kelganidan keyin xalqimizning milliy urf-odatlari qatoriga bevosita islom dini bilan bog‘liq bo‘lgan odatlar ham qo‘shiladi. Bular jumlasiga xalqimizning islom dinini qabul qilishligi bilan qon – qonigacha chuqur singib ketgan odatlar kiradi. Jumladan: Nikoh to‘yi, Azon aytish, Aqiqa, Tanglay ko‘tarish, Sunnat to‘yi, Mavlud va boshqalar.

Bugungi kundagi to‘y-hashamlarda nechog‘lik isrofgarchilikka ruju’ qo‘yatganimiz haqida telemushohada ko‘rsatuvlarida muhokama qilinmoqda. Bu faqatgina to‘y-hashamlarda emas balki, diniy marosimlarda ham ba’zida haddan oshgan holda dabdabalarga berilmoqda. Ba’zan, kimgadir Yaratgan zot farzand ne’matini berganligi yaqinlariga bildirish maqsadida yaxshi solih kishilardan farzandi haqiga duo qilishlari uchun, xursandchilikda shukrona tariqasida qilinadigan diniy “aqiqa” marosimini o‘tkazish o‘rniga, bugungi kunda yoshlarimiz “xursandchilik ustiga xursandchilik bo‘lsin” deb, do‘stlari bilan spirtlik ichimliklar ichishib nishonlashmoqda. Islom dinida ziyofat qilishga qarshilik yo‘q, agar unda odob chegarasidan chiqilmasa. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v) nabiralari Hasan va Husayn tug‘ilganlarida ikkita qo‘y so‘yib aqiqa ziyofati berganlar[1]. Aslida farzandini kelajakda beshikast, sag‘-omon voyaga yetib ota-onasiga, xalqiga hamda vataniga manfaati tegadigan inson bo‘lib ulg‘ayishi uchun duogo‘y xalqimizning nuroniy insonlarini “aqiqa” ziyofatiga chaqirishi maqsadga muvofiqdir. O‘zaro mehr–oqibat va do‘stlik rishtalarining mustahkam bog‘lanishi nazarda tutib ixcham o‘tkazishga mone’lik yo‘q.

Allohga shukurlar bo‘lsinki, vatanimiz mustaqilikka erishgandan keyin ota-bobolarimizning muqaddas dini, diniy urf-odatlarimiz, milliy an’nalarimiz emin–erkin osoyishtalik bilan o‘tkazilmoqda.

Xalqimizda islom dini kirmasidan oldin amal qilinib kelayotgan marosimlar ham mavjudki, bevosita tarixi o‘tgan ajdodlarimiz o‘tmishida qilib kelgan marosimlarga borib taqaladi. Shulardan biri - mushkul kushod. Mushkullarni oson qilish maqsadida (Masalan qizga sovchi kelmaganda, yigitga munosib qiz topilmaganda, biror ishi yurishmaganda) qilinadigan xurofot amallardan. Basharti bu marosim Rasulullohning: “Sadaqa baloni qaytaradi” degan hadislariga asosan joriy etilgan bo‘lsa-da, sadaqani o‘z o‘rnida ado etib, yomon odatlarini tashlab, yaxshi solih amallarni ko‘paytirib, faqatgina Allohdan mushkulini oson qilishni umid bilan so‘rash kerak. Va Bibi seshanba va Anbar ona kabi marosimlar muhtaram zotlarning ruhidan madad so‘rash bo‘lib, bular ham islom aqidasiga xilof amaldir . Shu bois ularni o‘tkazish shariatda man’ qilinadi. Chunki ruhlardan yordam-madad so‘rash ulkan gunohlardan biridir. Yordam-madadni faqat va faqat Allohdan so‘rash lozim.

Xalqimizda bir kishi vafot etgandan keyin, uning ruhini shod qilishlik maqsadida yetti, qirq, yigirmalik, yil, payshanbalik, davra kabi marosimlar o‘tkaziladi. Aslida bular islom dinida ko‘rsatilmagan bid’at amallardir.

Yuqorida sanab o‘tilgan marosimlar hammasi xudoyilarni ko‘p nomlar bilan o‘tkazib kelishiga ko‘ra, olamdan o‘tib ketganlarni xotira tarzida tez-tez eslab turish, degan ma’no kelib chiqadi, Lekin “oz bo‘lsin-u, soz bo‘lsin” deganlaridek shunday marosimlarni bilib bilmay, huda–behuda mol dunyo sarf qilish o‘rniga, “Nima qilsam Alloh rozi bo‘lib, o‘tganlarning ruhi shod bo‘ladi” deb aql yuritib, qarz-havola qilmasdan har-xil nomlar bilan ko‘p marotaba emas balki, ota-onam haqqiga ehson deb bir marotaba o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Janobi Payg‘ambarimiz: “Vaqtiki bir inson vafot etsa u bilan bog‘liq barcha ishlar to‘xtaydi, uziladi, faqat uchta narsada uzilmaydi: avvalo sadaqai joriya (ya’ni jamiyat manfaati uchun yo‘l, masjid qurush kabi ishlar) qilgan bo‘lsa, ikkinchisi, ilm yo‘lida jamiyat manfaati uchun foydali bir ish (mas.kitob yozib) qoldirgan bo‘lsa, hamda solih farzand qoldirgan bo‘lsa ota-onasining haqqiga duo qilsa” – deb marhamat qiladilar.

Hamonki mazkur odatlarga yillar davomida xalqimiz amal qilib kelayotgan ekan, mazkur sanalarda yoki kuni sanalmasdan hayr ehson, “amr-u ma’ruf ” (Odamlarni yaxshilikka buyurish) sifatida ixcham shaklda, isrofgarchiliksiz o‘tkazilsa maqsadga ham muvofiq keladi. Chunki u yerda Qur’oni karim tilovat etiladi, hadislar o‘qilib ma’nolari kishilarga yetkaziladi.

Bid’at amallarga amal qilish isrofga olib kelayotganini anglay boshlagan jamiyatimiz a’zolari, so‘nggi paytlarda ehson-yig‘inlarini dafn marosimidan keyin uchinchi kuni o‘tkazib, azani tugatganini ma’lum qilmoqdalar.

Endi mana shunday marosimlarda taom tayyorlash masalasiga kelsak, zero Rasululloh (s.a.v) shunday qilishga buyurganlar.

Mayyit chiqarilgan kuni qo‘shnilar va uzoq qarindoshlar azadorlarga taom tayyorlab yuborishlari, mustahab savobli amalardandir. Azadorlarning uch kun davomida taom qilib, ziyofat shaklida odamlarga berish makruhdir. Bunday musibatxonadan taom yeyishlikni Payg‘ambarimiz (s.a.v) qaytarganlar: “Men uch kundan oldin musibatxonadan taom yeguvchidan bezorman” - deb marhamat qilganlar.

Demak, aza va maxsus kunlarda mayyit ruhiyatiga savobi yetish uchun taom tayyorlab, uni ziyofat shaklida berish islomda mavjud bo‘lmagan ishdir. Hatto ba’zi joylarda musibatxonalarda 7, 20, 40 marosimlari munosabati uchun yoziladigan dasturxonlar, to‘y dasturxonlaridan hech qanday farqi qolmay qoladi. Ozgina farqi ichiladigan spirtli ichimliklar va xonanda-yu sozandalar yo‘qligida. Xuja ko‘rsin qabilidagi ehsondan ko‘ra, Qur’on tilovat qilib, tasbeh aytib va sadaqa qilib savobini marhum ruhoniyatiga bag‘ishlash mumkin. Bularning savobi marhum ruhoniyatiga yetadi va unga foyda beradi[2].

Xalqimizda “To‘qlik sho‘xlik keltirar, yo‘qlik xo‘rlik keltirar”- degan maqol bor. Bozor iqtisodiyoti kechayotgan bir davrda, mustaqil Respublikamizda diniy imkoniyatlarga kundan-kunga keng yo‘l ochib berilayotgan bir paytda, so‘ngi yillarda bid’at marosimlar qatoriga yana bir yangi “Payshanbalik” degan marosim qo‘shildi. Bu degani mayyit dafn qilingan kundan boshlab, to qirqinchi kunigacha har hafta payshanba kuni is qilishdir. To‘g‘ri, islom dini sadaqani man’ qilmaydi. Lekin “o‘lganni ustiga tepgan” qabilida qarz havola qilib, marosimlarni ko‘paytirish durust emas.

Mazkur marosimlarning nosog‘lom musobaqaga aylanib ketish hollari dabdabali to‘y-xashamlarini o‘tkazishga qurbi yetmagan or-nomusli kishilarni og‘ir ahvolga tushmoqda. Shu kabi xalq orasida islom dinida mavjud deb qilayotgan marosimlarimiz aslida bid’at-xurofotlar bilan aralashib ketganidan bexabarmiz.

Eng achinarli tomoni shundaki, bunday soxta xo‘ja ko‘rsinlik odatlari yoshlarimiz tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ular kabi nomaqbul an’nalarni va odatlarga aylanib borayotgan hollarga chek qo‘yish haqidagi talablarni bildirmoqdalar.

Xalq orasida majud milliy, diniy marosimlar, urf-odatlar, to‘y-hashamlarni ixchamlashtirish va tartibga solish maqsadida “Respublikada aza, to‘y, xashamlarning o‘tkazilishi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilingani hechkimga sir emas. Jumladan farmonda shunday deyiladi: Keyingi vaqtlarda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka-marosimlarni, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishda mamlakatimizning ko‘p joylariga shuhratparaslik, dabdabalik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, el-yurt odatlari va an’analari mensimaslik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik kabi eskidan qolgan asoratlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Bunday xunuk odatlarga berilgan davlat xizmatidagi ba’zi o‘zini yo‘qotgan, lavozimini suiiste’mol qilayotgan rahbarlar, oyog‘i yerdan uzilgan, mamanlikka berilib ketgan havoyi mansabdorlarning noma’qul harakatlari mahalalarda, istiqomat joylarida sog‘lom muhit buzulishiga sabab bo‘lmoqda, oddiy odamlar nafsoniyatiga tegmoqda. Ularni adolatga, umuman davlat hokimiyatiga ishonchiga ziyon yetkazmoqda.

O‘tganlarning xotirasiga bag‘ishlangan ma’rakalarni ham o‘ta ketgan dabdabali ravishda o‘tkazishlar ota-bobolarimizdan qolgan milliy rasm-rusumlarimizga putur yetkazish, muqaddas an’analarimizni obro‘sizlantirishga olib kelmoqda.

Fikrimizcha bu kabi amallarning o‘tkazilishi isrofgarchilikdan boshqa hech narsa emas. Buning marhumga ham, marhumning yaqinlariga ham hech qanday foydasi yo‘qdir. Dunyodan o‘tgan kishi suvda cho‘kayotgan kishi kabi yordamga muxtojdir, u yaqinlari va do‘stlaridan madad kutadi. Lekin u moddiy emas, balki ma’naviy madaddir.

Uning ortida qolganlaridan marhum uchun ko‘rsata oladigan birgina yordam, Alloh taologa iltijo qilib, qabr va otash azobidan uni asrashini so‘rab, duo qilishdir[3].

O‘z ehtiyojlaridan ortiq mablag‘larni xalqimizning diniy azaliy odatlariga amal qilib, xayr–ehson , mehr-muruvvat ko‘rsatish, muxtojlarga, beva–bechoralarga yordam berish, turar joylarini obod qilish, yo‘llar, ko‘priklar qurish kabi umummanfaatli ishlarga sarflaganlari o‘tganlarga ham hayotdagilarga ham foyda beradi.

Shunday ekan keling aziz yurtdoshlar islom dinida mavjud chiroyli urf-odatlar, marosimlarni bid’at-xurofotlar bilan aralashtirmasdan ularni sofligicha kelajak avlodlarimizga yetkazaylik. Zero bu kabi ishlarga barchamiz mas’ulmiz.



[1] Olimxon To‘ra o‘g‘li Yusuf “Islom. Aqiqa , ibodat va xayot tarzi .7 –bob. 158- bet

[2] Muhammad Siddiq “Raddul-Muxtor” Hidoyat 2003 yil 2-son.

[3] Dilafro‘z Turdiyeva“Marhumni xotirlash bilan bog‘liq marosimlar va udumlar”. Imom al-Buxoriy saboqlari 2/2006 yil


Kiritilgan vaqti: 28/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 8797
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/jamiyatimizda-keng-tarqalgan-urf-odatlarning-barchasi-togrimi
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 00:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing