IXLOS
Taqvo va zohidlikda mashhurligi tufayli "qorilar bezagi" degan laqab olgan Muhammad ibn Vose' (223- hijriyda vafot etgan) ixlos haqida gapirar ekan, shunday der edi:
“Shunday kishilar bilan yashadik, kechalari yig‘laganidan yostig‘ini ho‘l qilib yuborar, lekin buni yostiqdosh rafiqasiga sezdirmas edi... Shunday kishilarni ko‘rdikki, namozda ko‘zidan shashqator yoshlar oqar, lekin safda yonida turganlarga bildirmas edi..." (Ibn Abid Dunyoning "Ixlos va niyat" kitobidan, 61- sahifa).
Ha... Ixlos - kamyob narsa, har kimda ham sof holda topilavermaydi. Bizning zamonamizga kelib esa sof ixlos anqoning urug‘iga aylanib ketdi, deyilsa ham mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Gunohlar ichida yurganlarni qo‘ya turamiz, yaxshi amallarni qilib yurganga o‘xshab ko‘ringan o‘zimizga nazar solaylik. Biror tuzukroq amal qilib qo‘ysak, odamlar ko‘rishini, baho berishini ich-ichimizdan xohlab turamiz. Dunyo ishlarida balki bu biroz maqbuldir (ya'ni, dunyo ishlari aksari farz ibodatlar bo‘lmagani uchun u qabul bo‘lmay qolsa odam ziyonga tushib ketmas), lekin Alloh uchun taqdim etilayotgan ibodatlarda bu narsa sira joiz emas. Negaki, Haq taolo o‘ziga qilingan ibodatlar ichida faqat sofini, riyodan butunlay xoli bo‘lgan ibodatni qabul qiladi.
Amallarni riyodan xoli qilish uchun esa riyoni yaxshi ko‘ruvchi nafs bilan butun umr kurashib o‘tish lozim bo‘lar ekan. Bir lahza beparvo qoldingizmi, o‘sha onda shayton sizga hujum boshlaydi. Shayton beparvo emas.
Ixlos eng qiyin, nafsning unga bo‘ysunishi juda og‘ir bo‘lgani uchun salaflarimiz nafs qattiq kurashib o‘tganlarini aytib o‘tganlar.
Mashhur tobeiy Muhammad ibn Munkadir "Nafsim bilan qirq yil olishdim, oxiri to‘g‘rilandi" deydilar...
Bunday qiyinchilikni ko‘rib tushkunlikka tushish ham yaramaydi. Ibodatlarni og‘ir qilib ko‘rsatish emas maqsad. Maqsad - doim sergak va ogoh bo‘lib turishga chaqirish, amallarni iloji boricha xolis qilishga da'vat etish, ixlosli bo‘lishga chaqirish. Banda qo‘ldan kelgancha shunga amal qilib borsa, Alloh taolo qabul qilib qolsa ajab emas.
Yaratganning O‘zi biz noshudlarni ham ixlosli bandalar qatoridan qilsin, gunohlarimizni kechsin... amiyn!
Hasanxon TEMIROV – O‘MI Samarqand viloyat vakilligi mutaxassisi
Kiritilgan vaqti: 31/10/2019 16:33; Ko‘rilganligi: 1208
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 19:43