Istiqlol ulug‘ ne’mat!
O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga (1991 yil 1-sentyabr) yaqinda 25 yil to‘ladi. Mustaqillik kuni – Vatanimiz tarixida, xalqimiz hayotida abadiy muhrlanib qolgan qutlug‘ sana xisoblanadi.
Istiqlol tufayli mamlakatimizda Islom dini uchun keng imkoniyatlar ochildi. E’tiqod erkinligi qonuniy ravishda kafolatlanib, barcha milliy va diniy qadriyatlar tiklanib, madrasalar va masjidlar musulmonlar ixtiyoriga qaytarib berildi. Ularning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy kitoblarni nashr etilishi va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ro‘za hayiti va qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuni etib belgilanib, bayram sifatida e’lon qilindi. Shuningdek har yili besh mingdan ziyod hamyurtlarimiz Islomning beshinchi arkoni bo‘lgan haj ibodatini ado etishga va minglab hamyurtlarimiz umra ziyoratini ado etishga muyassar bo‘lmoqdalar.
Bas, shunday ekan mana shu ne’matlarning qadriga yetib, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni asrab-avaylagan holda Vatan ravnaqi, tinchligi, osoyishtaligi va uning taraqqiy topib rivojlanishida hamjixatlik bilan sa’y-harakat qilishimiz zarur. Zero, Alloh taolo aytadi: “Ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat yo‘lida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq Zotdir” (Moida 2)
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng Islom diniga katta e’tibor berila boshladi. Yurtimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Islom dini ota-bobolarimiz dini, u biz uchun ham iymon, ham ahloq, ham diyonat, ham ma’rifat ekanini unutmaylik”, deb aytgan so‘zlari ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan, o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan, millatni islom dinidan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydigan sof aqidalar yig‘indisidir. Ana shu ma’rifatni kishilarimiz jon-jon deb qabul qiladilar va yaxshi o‘gitlariga amal qiladilar.
Mustaqillik yillarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi atoqli Islom olimlari va tasavvuf ulamolarining qadamjolari obod qilindi va asarlari nashr qilindi. 2008 yilda muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro markazi ochildi. U yerda Respublika bo‘yicha barcha rasmiy imom xatiblar o‘z faoliyatidagi diniy va dunyoviy bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar.
Shu qatorda mustaqillik davrida O‘zbekiston iqtisodiyoti yildan yilga o‘sib borayotganini ham ta’kidlash joiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi o‘sish ko‘rsatkichlarini dunyoning boshqa davlatlarida kamdan-kam uchratish mumkinligini bugungi kunda BMT, YUNISEF, YUNYESKO va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar e’tirof etmoqdalar.
Aholining turmush sharoitini yaxshilash, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish bugungi zamonaviy davlatchilik taraqqiyotidagi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Yaqinda ayni shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha BMT ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan ijtimoiy so‘rov va tadqiqotlar o‘tkazilib, shu asosda “Butun jahon baxt indeksi”ning “World Happiness Index” yangi reytingi e’lon qilindi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston 158 mamlakat orasida 44-pog‘onada, MDHga a’zo mamlakatlar orasida esa 1-o‘rinda qayd etildi. Bundan ikki yil avval mazkur ro‘yxatda mamlakatimiz 60-o‘rinni band etgan edi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli “Ekonomist” jurnalining e’tirof etishicha, Vatanimiz poytaxti azim Toshkent shaxri obodligi va yashash uchun qulayligi jihatidan dunyo reytingida 140 ta shaxar orasida 58-o‘rinni egalladi.
Yaqinda Shveysariyada Jahon iqtisodiy forumi – “World Economic Forum” iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar reytingini e’lon qildi. Jahon bankining “Global iqtisodiy taraqqiyot” prognozi asosida tayyorlangan mazkur ma’lumotda 2014 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda yillik o‘sish darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida O‘zbekiston 5-o‘rinda turishligi e’tirof etildi.
Jahonda mustaqil yurtimiz shunday yuqori o‘rinlarni egallashi va kundan-kunga ravnaq topib rivojlanishi shu jonajon yurtda yashayotgan barchalarimiz uchun faxr-iftixordir.
Iloho, yurtimiz tinch va osuda bo‘lib, xotirjamlikda ibodatlarimizni ado etib borishimizda va yurtimiz yanada rivjlanishida Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!
Kiritilgan vaqti: 17/08/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3772
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 13:21