O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ISTIQLOL SHAROFATI ILA TIKLANGAN QADRIYAT

 
 

Istiqlol yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.

Mustaqillik yillarida muqaddas dinimiz arkonlarini emin-erkin bajo keltirish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Xususan, mamlakatimizda tom ma’nodagi vijdon erkinligi ta’minlandi. Bu haqiqat, birinchi navbatda, diniy qadriyatlarimiz hayotiy maqomining tiklanishi jarayonida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda desak, aslo xato bo‘lmaydi.

Istiqlolning dastlabki yilidan boshlab Ramazon va Qurbon hayitlarining umumxalq bayrami sifatida nishonlana boshlangani, ayniqsa muborak Ramazon oyining kirishi arafasida muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan chiqarilgan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorlari butun xalqimizning qalbini faxr-iftixorga to‘ldirdi desak, xato bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, muqaddas dinimiz arkonlaridan biri bo‘lgan muborak Ramazon oyi insonning jismoniy, ma’naviy va ruhiy poklanishida asosiy omillardan biri bo‘lib hisoblanadi. Bu oyda mo‘min musulmonlar o‘rtasida bir birlariga nisbatan mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalari yanada mustahkamlanadi. Yaqin qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, yoru-birodarlar, qolaversa butun mahallada yashovchi kishilar o‘rtasidagi mehr-shafqat rishtalari yanada mahkam bog‘lanadi. Bunday xislatlar esa azal-azaldan xalqimizning qon-qoniga singib ketgan o‘lmas qadriyatlarimizdandir.

Ramazon oyi rahmat va mag‘firat oyi, savobli ishlarga ajru-mukofotlar bir necha barobar ko‘paytirib beriladigan oy, gunohlardan poklanadigan oy, insonlarning bir-birlariga nisbatan mehr-muhabbatlari oshib-toshadigan oydir. Bu oyda bir sabab bilan arazlashgan yoru birodarlar bir-birlariga quchoq ochadilar, farzandlar ota-onalarini xizmatlarini qilib, ularning ko‘ngillarini xushnud etib, duoi xayrlarini oladilar, ba’zi milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan illatlarga odatlangan kishilar esa, bu oyning sharofati bilan o‘zlari ko‘nikkan bunday illatlarni bir umrga tark etadilar.

Bu muborak oy Rabboniy, Rahmoniy bir maktab bo‘lib, uning eshiklari yilda mukammal bir oy ochiladi. Ro‘zadorlar shu oyda Alloh taologa toatu ibodat qilishni, gunohlardan tiyilishni o‘rganadilar, zero bu oy kunduzlari ro‘za tutish, kechalari ibodat qilish, Qur’oni karim tilovat qilish, sadaqa-yu, xayru ehson qilish kabi toat-ibodatlarni ko‘proq amalga oshirish oyidir.

Bir sabab bilan qarindoshlari bilan uzilishib qolgan kishilar, bu oyda albatta, ginalarni unutib, bog‘lanishlari kerak. Biron bir kishi “Men qarindoshlarimga silai rahm qilaman, ular mendan uzilib ketadilar, qanchalik ularga yaxshilik qilsam ham menga yomonlikni ravo ko‘radilar, ularga yaxshi muomalada bo‘lsam buni aslo e’tiborga olmaydilar”, degan o‘yda silai rahmni uzib qo‘ymasin. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ba’zi sahobalar shunday shikoyat qilishgan vaqtda ularni yomonlikka yomonlik bilan javob berishga buyurmaganlar, balki ularga chiroyli muomalada bo‘lishga, qarindoshlik rishtalarini aslo uzmaslikka chorlab, shunday deganlar: “Qarindoshlariga oqibat qilmaydigan odam qarindosh emas, balki uzilib qolgan qarindoshlik aloqalarini tiklovchi odam haqiqiy qarindoshdir”.

Shu o‘rinda yana bir muhim qadriyatlarimizdan biri-qo‘shnichilik odobi haqida. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qo‘shnichilikning haq-huquqlari naqadar muhim ekanligiga ishorat qilib: “Jabroil alayhisalom menga qo‘shnichilikning haq-huquqlari to‘g‘risida shunchalik uzoq uqdirdilarki, men hatto qo‘shnilar bir-biridan meros olishni ham tayinlasalar kerak, degan xayolga bordim” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Muoz ibn Jabal (r.a.) rivoyat qilib aytadilarki: “Habibim (Rasululloh s.a.v.) buyurdilarki, qachon uyingda biror sho‘rva kabi taom pishirsang, suvini ko‘proq sol va qo‘shningni oila a’zolariga ham bir miqdor nasiba berib, yo‘qlab turgin, deganlar”. Qo‘shnining haqqi to‘g‘risida hadisi shariflarda yana shunday deyiladi: “Agar biror yordam so‘rasa, yordam bermoq, qarz so‘rasa qarz bermoq, moddiy yordam ko‘rsatmoq, kasalini ko‘rmoq, vafot etsa, dafnida qatnashmoq, biror quvonchli hodisa ro‘y bersa, tabriklamoq, biror musibat yetsa, ta’ziya, hamdardlik bildirmoq, noqulay imorat qurish yoki soyali daraxtlar ekish ila haqqiga tajovuz qilmaslik, uyiga meva-cheva kabi narsalardan keltirganda, qo‘shnilariga ham ulashmoqlik, agar bergisi kelmasa, o‘z bolalarini qo‘lida mevalar bilan qo‘shni bolalarini oldiga chiqarmaslik, qozonni qirganda kapgir ovozi yoki taom hidi bilan qo‘shniga ko‘z-ko‘z qilmaslik, hatto uning itini urmaslik lozim”-kabi o‘gitlarni aytgan ekanlar.

Qo‘shnichilik odoblaridan yana biri shuki, nafaqat qo‘shniga zarar yetkazmaslik balki mabodo qo‘shnidan zarar yoki ozor yetsa, unga toqat qilib, janjal ko‘tarmaslikdir.

Yuqorida zikr etilgan qarindoshlik rishtalari va qo‘shnichilik odoblari millatimizning ming yillik ma’naviy qadriyatlaridandir. Bugungi kunda ham biz ushbu o‘lmas qadriyatlarimizga amal qilib, farzandlarimizni ham ana shu qadriyatlar asosida tarbiya qiladigan bo‘lsak, ayniqsa, ma’naviy tahdidlar avj olgan bir davrda, xalqni xalq, millatni millat qiladigan ezgu urf-odatlarimiz, milliy-diniy qadriyatlarimizga amal qilib yashasak tom ma’nodagi buyuk millat va buyuk xalq bo‘lib, ajdodlarimizning o‘lmas ma’naviy meroslariga munosib voris bo‘lib qolamiz, inshaolloh.

Muborak Ramazon oyida xayrli, savobli amallar bilan umrimizni, hayotimizni bezaylik, nafaqat Ramazon oyida balki, Yurtboshimiz ta’birlari bilan aytganda “Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kuni qilish kerak”.

Muhtaram yurtdoshlar!

Muborak Ramazon oyida amalga oshiriladigan eng ezgu qadriyatlarimizdan biri bu-iftorlik marosimlarimizdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ro‘zadorga iftorlik qilib berishning savobi ulug‘ligini ta’kidlab: “Kimki ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, Alloh taolo uni do‘zax otashidan xalos qiladi” (Tanbehul g‘ofilin, Abu Lays Samarqandiy) degan hadislariga amal qilish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Bunday xayrli ishlarni ixchamgina qilib, har kim o‘z xonadonlarida o‘tkazishlarini tavsiya etamiz. Iftorlikni to‘yxona yoki oshxonalarda o‘tkazish, mutlaqo shariatimiz andozasiga to‘g‘ri kelmaydi. Yoki beva-bechora, yetim-esirlarga, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga, mehribonlik va qariyalar uylariga sarflasak, inshaolloh ulug‘ ajr-savoblarga erishamiz.

Alloh taolo muborak Ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimizni, toat-ibodatlarimizni, qilayotgan savobli amallarimizni o‘zining fazlu karami ila qabul etib, barchalarimizga ulug‘ ajru mukofotlar ato etsin.


Kiritilgan vaqti: 18/06/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2861
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/istiqlol-sharofati-ila-tiklangan-qadriyat
Chop etilgan vaqti: 23/06/2021 10:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing