O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Istig‘for va tavbaning fazilati

 
 

Inson goh bilib, gohida bilmay xatolar qilib qo‘yadi. O‘zining xatosini tan olgan kishi qaytib bu ishni qilmaslikka harakat qiladi. Inson o‘zi qilgan ishlarni tafakkur qilishi, xato qilganda tavba qilish imkoniyati borligini anglashi lozim. Alloh taolo xatokor insonga unga imkoniyat beradi. Tezda xatosiga jazo bermaydi, toki u qilgan gunohi uchun tavba qilsin. Chunki U o‘ta mehribon va shavqatli Zotdir.

“Rasululloh  (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘tgan va kelasi barcha gunohlarini mag‘firat qilinganiga kafolat borligiga qaramasdan, u zot har kuni yetmish martadan ortiq istig‘for aytgan va tavba qilganlar”, deyiladi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda (Imom Buxoriy rivoyati).

Odam (alayhissalom) aytadi: “Alloh Muhammad ummatiga menga bermagan to‘rtta afzallikni berdi: birinchisi, mening tavbam Makkada qabul bo‘ldi. Muhammadning ummati qayerda tavba qilsa ham, Alloh ularning tavbasini qabul qiladi. Ikkinchisi, men osiy bo‘lgan vaqtimda, Alloh libosimni olib qo‘ydi, ammo Muhammadning ummati yalang‘och holda osiy bo‘lsa ham, Alloh ularni liboslantirdi. Uchinchisi, osiy bo‘lgan vaqtimda ayolim bilan oramiz ajratib qo‘yildi. Ammo Muhammadning ummati osiy bo‘lsa-da, ular bilan xotinlarining orasi ajratib yuborilmaydi. To‘rtinchisi, men jannatda osiy bo‘lgan edim, Alloh meni u yerdan chiqarib yubordi. Ammo Muhammadning ummati jannatdan tashqarida Allohga osiy bo‘ladi, lekin tavba qilsa, Alloh ularni jannatga kiritadi”.

Har bir mo‘minga tavba qilish vojib hisoblanadi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

“(Hud alayhissalom o‘z qaviga aytganlari:) Ey qavmim! Rabbingizdan mag‘firat (kechirim) so‘rang, so‘ngra Unga tavba qiling, shunda U osmondan ustingizga barka yomg‘iri yog‘dirar va quvvatingizga quvvat qo‘shar. Jinyatchi bo‘lib ketmang!” (Hud, 52),

Boshqa bir oyati karimada esa:

Ey imon keltirganlar! Allohga chin tavba qiling, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa! U kunda Alloh payg‘ambari va u bilan birga imon keltirganlarni sharmisor qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o‘ng tomonlarida yurar. Ular: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag‘firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirsan”, derlar” (Tahrim, 8).

Modomiki, gunoh Alloh bilan banda orasida bo‘lar ekan, boshqa biron kishining haqi aralashmagan bo‘lsa, albatta, Parvardigor uni kechiradi. Faqat uchta shart bajarilsa:

1.Gunohdan butkul uzoqlashish.

2.Astoyidil tavba qilish.

3.Gunohga qaytmaslikka ahd qilish.

Agar uchlikdan birontasi bajarilmasa, tavba qabul bo‘lmaydi.

Agar boshqa biror kishining haqi aralashgan bo‘lsa, yuqoridagi uchta shart va o‘sha kishini rozi qilish bilan tavba qabul qilinadi.

Kunlarning birida Robi'a Adaviyyaning uyiga tunda o‘g‘ri kiradi va bir obdasta suvdan boshqa hech narsa topa olmaydi. U uydan chiqib ketish uchun eshik tomon yurayotganida Robi'a unga: “Ey falonchi, agar sen rostdan ham o‘g‘ri bo‘lsang, uyimdan quruq chiqib ketma”, dedi. O‘g‘ri talmovsirab: “Men hech narsa olganm yo‘q”, deydi. Robi'a: “Obdastani olda, tahorat qilib, hech bo‘lmasa ikki rakat namoz o‘qib so‘ng chiqib ket”, deydi. O‘g‘ri uning aytganini qiladi, tahorat olib, namoz o‘qishga kirishadi. Robi'a osmonga qo‘lini ko‘tarib: “Ey Rabbim, mana bu bandang mening eshigimga kelib hech narsa topa olmadi, uni Sening dargohinga jo‘natdim, fazlingdan bebahra qaytarma”, deydi. O‘g‘ri ikki rakaat namozni tugatib, ibodat lazzatini butun vujudi bilan his etadi va tong otgunicha ibodat qiladi. Tong chog‘i Robi'a uning oldiga kirsa, boshi sajdada Yaratganga munojat qilar edi.

Ertalab Robi'a unga: “Tunni qanday o‘tkazding”, deydi. “Rabbim huzurida siniqlik bilan ibodat qildim, tavba va istig‘for aytdim, xato va gunohlarim kechirilishini so‘radim”, dedi.

Robi'a qo‘lini duoga ochib: “Parvardigoro, bu bandang soatlab Sening dargohingga qo‘l ko‘trib turibdi, uni noumid qo‘yma”, deb duo qiladi.

Ne maqsadlar bilan kirgan o‘g‘ri obida ayolning duosi bilan obid banda bo‘lib chiqib ketdi.

Allohning dargohi keng, qilgan xatolarimizni kechirishi shaksiz, imkoniyat, vaqt g‘animat bor, foydalanib qolaylik, azizlar!

Abduqayum Rahmonov – Urgut tuman “Abduqahhor” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/04/2020 10:56;   Ko‘rilganligi: 2650
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/istigfor-va-tavbaning-fazilati
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing