O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ISLOMDA TUSHGA BO‘LGAN MUNOSABAT

 
 

Alloh taolo O‘zining muqaddas kalomi bo‘lmish Qur’oni karimda bandalarning baxt-saodatga erishishlari uchun zarur bo‘lgan barcha narsani bayon etgan. Jumladan, bizdan oldingi ummatlarning qissalari zikr qilingan suralarni nozil qilgan. Ana shunday suralardan biri “Yusuf” surasi bo‘lib, suraning boshidan oxirigacha Yusuf alayhissalom to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Ushbu surada Yusuf alayhissalom hayotlarida muhim ahamiyat kasb etgan tushga alohida e’tibor qaratiladi. “Yusuf” surasida voqealar boshlanishi va rivoji, asosan, uyquda ko‘rilgan tushlar bilan bog‘liqdir: Yusuf alayhissalom tushlarida o‘n bitta yulduz, quyosh va oyning o‘ziga sajda qilayotganini ko‘rganlarini bayon qilish bilan boshlanib, o‘sha tush o‘ngda haqiqatga aylanishi bilan tugaydi. Shuningdek, qissadagi burilish nuqtalari ham tushga bog‘liq: Avval Yusuf alayhissalom bilan birga zindonga tashlangan ikki yigitning ko‘rgan tushlari, keyin esa Misr podshohining ko‘rgan tushi.

Alloh taoloning Yusuf alayhissalomga tush ta’biri ilmini berganini Yusuf alayhissalomning o‘zlari ne’mat deb hisoblaydilar. Yusuf alayhissalomning tushlarni to‘g‘ri ta’bir qilishlari Payg‘ambarlik mo‘jizasi hisoblanadi.

Ha, anglaganingizdek, eng muhim mavzulardan biri hisoblanadigan tush va dinimizning unga bo‘lgan munosabati haqidagi ba’zi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

E’tibor bersangiz, ba’zilar tushni umuman tan olmaydi. Ba’zilar esa hamma narsani tushga bog‘lab qo‘yadi. Islomda esa uning haqiqati o‘rganilib, shariat asosida ish yuritiladi va hukm chiqariladi.

Ulamolar tushni uch turga bo‘ladilar:

1.Allohdan bo‘lgan ilhomiy tushlar. Ularga ushbu suradagi tushlar misol bo‘ladi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘rgan tushlari ham shu turdagi tushlardan hisoblanadi. Ma’lumki, Payg‘ambarliklarining dastlabki olti oyida ko‘rgan tushlari xuddi tong yog‘dusidek aniqlik bilan voqelikda ham takrorlanib turgan. Yana solih insonlarning ko‘rgan tushlari ham ilhomiy tushlar sirasiga kiradi.

2. Bir inson hayotida bo‘lib o‘tgan narsalarni xotirlab, esga olib, so‘ng uxlagandan keyin o‘sha narsalarning tushga kirishi. Bu tushning e’tibori yo‘q.

3. Shayton ta’siri ostida ko‘riladigan alg‘ov-dalg‘ov tushlar. Buning ham hech qanday e’tibori yo‘q.

Shunday ekan, har bir ko‘rgan tushni e’tiborga olib, ta’birini axtarishga targ‘ib qilish ham yo‘q.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida: “Agar birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini tushida ko‘rsa, boshqalarga aytsin. Yomon ko‘radigan narsasini tushida ko‘rsa, chap tomoniga(elkasiga) uch marta tuflasin hamda boshqa tomonga yonboshlab olsin. Allohdan uning yomonligidan saqlashini so‘rasin. Birovga bu tushni aytmasin. Shunda bu tush unga zarar qilmaydi”, – deganlar.

Qur’onda zikr qilinganidek, tushlarni ta’bir qilish joiz. Lekin tushni har qanday inson ta’bir qilaverishi mumkin emas. Ta’bir qilish uchun Qur’oni karim va Sunnati Nabaviyning ta’limini olgan bo‘lishi hamda shular asosida ta’bir qilishi shart bo‘ladi.

Tobe’inlarning orasida tushlarni oyat va hadislar asosida ta’bir qiluvchi mashhur kishilar bo‘lganlar. Ibn Siyrin rahmatullohi alayh bu borada ularning peshvosi hisobnaladi.

Mir Arab o‘rta maxsus

islom bilim yurti o‘qituvchisi

Tojiddinov Abdusamad Abdulbosit O‘g‘li


Kiritilgan vaqti: 03/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 17824
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/islomda-tushga-bolgan-munosabat
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing