O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ISLOMDA OMMAVIY KASALLIKLAR MUOLAJASI

 
 

Bugun dunyoning bir hududida paydo bo‘lib, 200 ga yaqin davlatlarga tarqalib ulgurgan ommaviy kasallik “koronavirus”ning xavfi ortib borayotganligi kuzatilmoqda. Barcha davlatlar ehtiyot chorasini ko‘rib, o‘z xalqi, davlatini bu balodan saqlab qolishga juda katta ahamiyat qaratmoqda. 

Yurtimizga ham bu kasallik kirib keldi va o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshirig‘iga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bir qator cheklovlar o‘rnatilib, muayyan choralar ko‘rilmoqda. Hukumatimiz tomonidan tezkorlik bilan ushbu baloni bartaraf etish choralari ko‘rilib, xalqimizni infeksiya xavfidan asrab qolishga katta e'tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga xalqqa ham bu kasallikdan o‘zini o‘zi asrash, uni keng yoyilishini oldini olish bo‘yicha qator ko‘rsatma va tavsiyalar berib borilmoqda.

Tarixda bu kabi xavfli va yuqumli illatlar kuzatilganligi va o‘z davrida qanday muolaja qilinganligi to‘g‘risida ko‘plab manbalarda ma'lumotlar keltirilgan. Bugun tibbiyot, ilm-fan texnika rivojlangan davrda ham to‘satdan paydo bo‘lgan bu illatning muolajasida butun dunyo ojiz qolmoqda.

Xalqning boshiga kelgan ommaviy har xil kasalliklar islom tarixida ham bo‘lib, “Vabo” va “To'un” deb nomlangan. Bu illatdan shifo topish va saqlanish borasida muqaddas dinimiz ta'limotlarida ko‘plab ko‘rsatmalar berilgan. Imom Buxoriy va Imom Muslimlarning sahih asarida “To'un va vabo” kasalliklari haqida quyidagi hadislar keltiriladi:

Asoma ibn Zayddan Rasululloh (s.a.v) To'un haqida shunday marhamat qildilar: “To'un – azob va kasallikdir. Bu kasallikni Alloh taolo Baniy Isroil qavmidan bo‘lgan ba'zi toifalarga va sizlardan oldingi qavmlarga yuborgan. Sizlar uni biron joyda tarqalgani haqida eshitsangiz, u yerga (zinhor) kirmang. Agar kirsangiz u yerdan (hech qachon) chiqib ketmang”,  dedilar. Shuningdek, “Sahih Buxoriy” asarida:  Abu Hurayradan Rasululloh (s.a.v): “Bemor kishi, sog‘lom kishini oldiga kelmasin” dedilar”. Bu hadisda to'un va vaboga o‘xshash yuqumli kasalliklar bilan bemor bo‘lganlar haqida ta'kidlangan.

Insonni Alloh taolo yerdagi maxluqotlari ichida eng ulug‘ va mukarrami qilib yaratgan. Jism va ruhdan iborat inson hayotda har xil sinov va imtihonlar bilan sinaladi. Unga bardosh berib sabr qilgan kishiga ulug‘ ajrlar berilishi va'da qilingan. Alloh taolo “Baqara” surasi 155-oyatida: “Albatta, Biz sizlarni bir oz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber”,  deb marhamat qilgan. Qattiq sinovlardan keyin sabr qilganlarga ulug‘ ajr va mukofatlar berilishi va'da qilingan.

Arab tilida  to'un va vabo (الطاعون والوباء) so‘zlari bir xil ma'noga ega bo‘lib, uning ommaga salbiy ta'siri, tez tarqalib ketish xavfi bilan farqlanadi. Ulamolar bu ikki holatda ham quyidagi tavsiyalarni berishadi:

  1. Ziyon keltiruvchi sabablardan ehtiyot bo‘lish va undan uzoqlashish;
  2. To'un va vabo bor joylarga umuman kirmaslik, bu kasallik havodan o‘tishi sababidan unga yaqin bormaslik;
  3. Shu kasallik bilan kasallanganlar bilan birga bo‘lmaslik va ularni o‘ziga yaqin olmaslik (kasalning yuqumliligi sababidan);
  4. Nafsini poklash, Allohga tavakkal qilish, musibatga sabr qilish va rozi bo‘lish;
  5. Poklikka katta e'tibor qaratish, o‘zini va tevarak atrofni pokiza tutish;
  6. Kasallikni tarqalib ketishidan saqlash va uni oldini olishga bor vujudi bilan kirishish;
  7. Insonlarni kasallik maydoniga kirish va chiqishini man qilish. Chunki insonlar kirib bemorlar bilan muloqatda bo‘lib, tashqariga chiqadigan bo‘lsa bu borada olib borilayotgan barcha ishlar samarasiz bo‘ladi. Bu kasallik havodan ko‘chuvchi va tez tarqalish xususiyatiga ega bo‘lib, boshqa hududlarga ham tez tarqalib ketadi.

Islom dini insoniyatning hayoti, sog‘ligini saqlash va uni himoya qilishga katta e'tibor qaratgan din. Inson o‘z nafsi va hayotini halok qiluvchi ishlardan saqlashga buyurilgan. Alloh taolo “Baqara” surasining 195-oyatida: “O‘zingizni (o‘z qo‘llaringiz bilan) halokatga duchor qilmang”,  deb ogohlantiradi. Mazkur oyat va hadislar insonni boshiga shunday xavf xatar bo‘lgan vaqtda o‘zini qanday tutish, bu holda tevarak atrof, o‘zaro muomala madaniyatini, shaxsiy gigiyena masalalari qay holda bo‘lishiga e'tibor qaratgan.

To'un-vabo kasalligi jamiyatda har davrda uchrab tursada, ular bir biridan kasallikning xususiyati bilan farq qilgan. Kasallik sababi, tarqalgan maydoni, tanlangan hudud, muolajasi, tarqalish sabablarida ixtiloflar bo‘lgan. Shuning uchun ham bu kasallikning ilk muolajasi “tosh qotish salomatligi”,  ya'ni uydan chiqmaslik. Bu muolajani o‘n to‘rt asr oldin Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) muborak hadislarida ta'lim berganlar. Bugungi davrda ham aynan bu usuldan foydalanish muhimdir.

Islom dini jamiyatda yuqumli, xavfli kasalliklar aniqlangan vaqtda quyidagi amallarni bajarishni lozim sanaydi:

Bu kasallikni da'vosi uchun tabiblar tomonidan ijtihod qilmoq lozim bo‘ladi;

Uni boshqalarga o‘tmasligini oldini olishga katta e'tibor qaratiladi;

Kasallikni qasddan boshqaga yuqtirish islomda harom, shar'an nojoyiz amal hisoblanadi;

Sog‘lom kishilar vaqtincha bemorlar bilan har qanday aloqani uzishlari lozim bo‘ladi. Bu borada juda muloyimlik bilan bemorlar ko‘ngliga aziyat bermaslik shart qilinadi;

Lozim topilsa jamoatdan ajratish va yashash manzilini  o‘zgartirishga ham ruxsat berilgan.

Maqolada zikr etilgan oyat va hadislardan olinadigan foydalar hamda faqihlarning jamiyatda xavfli va yuqumli kasallik tarqalgan vaqtda unga nisbatan insonlarning munosabati qanday bo‘lishiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.

Darhaqiqat bugungi kunda aynan bizdan talab etilayotgan vazifalar ham shundan iborat. Bu “Koronavirus” deb nomlangan kasallikni oldini olish uni keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Fuqarolarimizdan talab qilinayotgani o‘z sog‘ligini, hayotini saqlashga qaratilgan. Bu talab va tavsiyalar tarixda sinalgan ilmiy-hayotiy tajribalarga asoslangan bo‘lib, “tosh qotish salomatligi” tajribasiga to‘g‘ri keladi. Ya'ni uyda qolish, poklikni lozim tutish, o‘z sog‘ligiga jiddiy e'tibor qaratish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni kamaytirish, mehr-muruvvatli bo‘lish, o‘zaro yordamni ko‘paytirish, uyda farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lish, ta'til davridan maqsadli foydalanish, masofadan ishlash kabi qulayliklardan iborat.

Barchamizga ushbu talab va tavsiyalarga amal qilib, jamiyatimizga kelgan bu sinovni hamjihatlikda yengib o‘tishimizni Alloh taolo  nasib etsin!

Shukurillo Umarov,
Hadisshunoslik ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori,
 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 
direktori o‘rinbosari

Kiritilgan vaqti: 30/03/2020 11:52;   Ko‘rilganligi: 1132
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/islomda-ommaviy-kasalliklar-muolajasi
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing