O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islomda erning moliyaviy burchi

 
 

Islom dini yer yuzida yoyilishidan oldin ham oila degan muqaddas dargohning o‘ziga yarasha talab va shartlari mavjud bo‘lgan. Chunki, har qanday jamiyatning farovon va go‘zal holda o‘tishiga qoida va tartiblarga rioya qilishi eng muhim ishlardan sanalgan. Jumladan, inson hayot ekan, uning kundalik ehtiyojlari vaqt o‘tgan sayin yangilanib turadi. Bularning uddasidan chiqish uchun kishi turli kasb-kamolotlarni bajarib uni yengib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Alloh taolo hazrati insonni yer yuzi va insoniyat ichida jamiyat bilan hamnafas bo‘lib hayot kechirib borishini ta’minlagan. Va bunga oila deb atalmish go‘zal dargoh ila uning rahbari bo‘lmish erning zimmasiga uning turmush tarzini boshqarib turish va maromida o‘tib borishi uchun yetarli moliyaviy (nafaqa) burch tomonlama ta’minotini yukladi. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifining bir necha o‘rinlarida to‘xtalib o‘tadi. Jumladan, qo‘yidagi oyat ila umumiy buyruq ila xukm qiladi.

الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ

Ma’nosi: Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir[1].

Haqiqatan, ushbu oyatning mazmuniga to‘liq e’tibor qilinsa, oilada erkak kishi ko‘plab narsalarga mas’ulligi va xossatan, oilaning moddiy ta’minotini olib borish erning zimmasida ekanligi ravshan bo‘ladi.

Yangi oilaning barpo bo‘lishida ota-ona va uning yaqin qarindoshlarining maqsadi, faqat kelin va kuyovni hamisha bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishi va kelajakda shirin turmush kechirishidir.

Dinimiz tomonidan nikoh vujudga kelayotgan oilada er-xotin uchun “kufu’” ya’ni, tenglik va moslik degan atama bilan uning go‘zal va bardavom bo‘lishini ta’minlaydi.

Tenglik va moslik haqida Rasululloh sallollohu alayhi vasallam muborak hadisi sharifning bir necha o‘rinlarida qayta-qayta zikr qilib o‘tganlar. Shulardan;

عن ابن عمر قال رسول الله إذا جاءَكُمُ الأَكْفاءُ فانْكِحُوهُنَّ ولا تَرَبَّصُوا بِهِنَّ الحدثانَ .

Ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar sizlarni (ayollaringizga nikohlash uchun) mos va tengdosh (kuyovlar) kelsa, ularni nikohlanglar. Ular uchun kecha va kunni o‘tishini kutmanglar”[2].

Bu haqda shu kabi hadislarning mazmuniga hamohang holda halqimizning go‘zal o‘gitlariga ko‘p bora shohid bo‘linadi. Jumladan, “Tengi chiqsa, tekin ber”, deb atalgan so‘zlar ham mavjuddir.

Xo‘sh, moslik va tenglik nimada bo‘lishi kerak bo‘ladi?, degan so‘zga dinimiz tomonidan manbaalarga murojaat qilinadi.

Bu haqda fiqhiy asarlarning nikoh kitobida turli mavzular ostida so‘z ketadi.

Moslik va tenglik bir necha o‘rinlarda bo‘lishi ham talab etiladi. Bular avvalambor, dinda, so‘ngra esa, nasab, hurlik, kasb-kamolot, davlatmandlik va jismoniy va ruhiy ayblardan holi bo‘lishda hisoblanadi. Bular kelin-kuyovning o‘zaro bir-biridan talab qilingan ko‘rsatmadir. Qo‘yida talablarni batafsil bayon etiladi.

1. Dindagi tenglik va moslik.

Bu haqda Abu Hanifa va Abu Yusuf rahmatulloh alayhlar shunday deb aytishadi: “Agar solih kishilarning avlodidan biror-bir ayol o‘zini fosiq kishiga bag‘ishlab nikohlansa, uning valiylari e’tiroz bildirishga haqqi bordir”.

Va yana faqihlar aytishadi: “Dindor oilaning xonadonida tarbiya topgan ayol ota-onasi o‘zga din vakillari bo‘lgan musulmon kuyov bilan moslik va tenglikda emas”.

2. Nasabdagi tenglik va moslik. Bu haqda ham barcha mazhablarda kerakli va zarur masalalar mavjuddir. Hanafiya mazhabi bo‘yicha arablarning Qurashiylari ba’zi qurashiylariga teng va mosdir. Va arablarning ba’zilari esa ba’zilariga nikohda teng va mosdir, deyiladi.

3. Ozod va qullikdagi tenglik va moslik. Bu holat Islomning ilk davrida bo‘lgan. Dinimiz tomonidan dastavval insonni qullik davridan olib chiqishga undaldi. Biroq, o‘sha paytlarda qulni hur ayolga nikohlanishida tenglik va moslik bo‘lmagani uchun ruxsat berilmadi. Sababi, oila bu tabaqalardagi kishilar bilan tuzulishi keyinchalik, uning yemirilishi va nizosiga olib chiqadi.

4. Kasb-kamolot va hunarmandchilikdagi tenglik va moslik. Bu esa oilaning tayanch va asoslaridan hisoblanadi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha hunarmand oilaga hunarmand oila teng va mosdir. Agar ularning kasbi bir jinsda bo‘lsa, yana ham yaxshiroqdir deb aytilgan. Masalan, to‘quvchining oilasi to‘quvchining oilasi bilan va nonvoy esa nonvoyning oilasi bilan quda-andachilik qilishidir. Fiqhda bu borada keltirilgan misollardan yana biri ko‘ndo‘zning o‘g‘liga atirchining qizini xotin qilib olib berilmaydi. Chunki, u bu muhitga mos va teng emas. Chunki, qiz doim xushbo‘ylik orasida yashagan bo‘ladi. Ko‘ndo‘zning oilasida bu holat topilmaydi. Agar uning aksi bo‘lsa, ya’ni, atirchining o‘g‘li ko‘ndo‘zning qiziga uylansa, ruxsat etilgan.

Agar bir oilada ikki xil kasb-kamolot qilinadigan bo‘lsa, uning ko‘p mashg‘ul bo‘ladigani e’tiborlidir.

5. Davlatmandlik va badavlatlikda tengik va moslik. Hanafiy mazhabida ham buning e’tibori bor. Davlatmandlik va badavlatlikning eng past holati mahr va nafaqaga qodir bo‘lishdir. Yuqorisining chegarasi yo‘qdir.

Nikoh tuzilgan paytda tenglik va moslik bo‘lishi e’tiborlidir. Keyinchalik boyning faqir bo‘lishi yoki uning aksi bo‘lishining e’tibori bo‘lmaydi.

Aksar faqihlar ko‘rimsizlik bilan chiroyni moslik va tenglik darajasiga olib chiqishmagan. Va uning e’tibori yo‘q ham deyishadi. Biroq, hanafiy olimlari yuqorida aytilgan fikrga qo‘shilib imkon qadar chiroy va go‘zallikda ham rioya qilishni tavsiya etganlar.

Jismonan kelin va kuyovning bo‘yi uzun yoki qisqa bo‘lishi tenglik va moslik talab qilingan xukmga tegishli emas.

Yuqorida zikr qilinganlardan ma’lumki, hozirgi yashab turgan jamiyatda oila boshlarning ikki yoshni nikohlash jarayonida shu tomoniga ham e’tibor qilishlari lozimdir. Bu diniy talablar bilan ularning kelajagidagi hayoti mazmunli o‘tadi. Shular qatoriga erning zimmasidagi nafaqa va unga tegishli masalalar ham kelib chiqadi. Bu haqda Qur’oni karim va sunnati nabaviyyada xukmlar va shu bilan birga aqliy va ko‘rsatmalar ham bordir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا مَا آَتَاهَا سَيَجْعَلُ اللَّهُ بَعْدَ عُسْرٍ يُسْرًا

Ma’nosi: Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O‘zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik (boylik)ni ham paydo qilur[3].

Ushbu oyatga ko‘ra har bir erkak oilasi moliyaviy nafaqasini o‘z iqtisodidan kelib chiqqan holda ta’minlashi kerak bo‘ladi. Nafaqaning turlari borasida ham dinimiz tomonidan kerakli tarzda batafsil bayon etilagan. Nafaqaga kiyintirish, taomlantirish shuningdek uy-joy bilan ta’minlashi kerakdir. Alloh taolo bu haqda shunday bayon qiladi:

وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ لَا تُكَلَّفُ نَفْسٌ إِلَّا وُسْعَهَا لَا تُضَارَّ وَالِدَةٌ بِوَلَدِهَا وَلَا مَوْلُودٌ لَهُ بِوَلَدِهِ وَعَلَى الْوَارِثِ مِثْلُ ذَلِكَ

Ma’nosi: “Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir. Hech kimga toqatidan ortiq (mas’uliyat) yuklanmaydi. Bolalari tufayli ota ham, ona ham zarar ko‘rmasin! Merosxo‘rning zimmasida ham xuddi shunday (nafaqa mas’uliyati bor)”[4].

Buncha ham go‘zal din!. Buncha ham amali oson bo‘lgan din!. Har bir shaxsning zimmasiga toqatidan oshiq xukmni ustuvor qilmagan din!. Bu oyatning ilk so‘zida erning zimmasidagi majburiyatni keltirib, oila a’zolari tomonidan ta’minot doirasida toqatidan ziyod narsani buyurmasliklarini ta’kidlab ham qo‘ymoqda. Alloh buyuk zotdir. Alloh ulug‘ zotdir.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam umumiy qilib ayollarning haqqini Alloh taolo o‘zi nazorat qilganini va uning omonati ekanligini ham bir so‘z bilan aytib o‘tdilar.

Jobir ibn Abdullohning rivoyatiga ko‘ra Rasululloh salllohu alayhi vasallam so‘ngi haj xutbalarida shunday deb aytganlar: “Ayollar haqqida Alloh taolodan qo‘rqingiz. Albatta, sizlar ularni Alloh taoloning omonati ila (nikohingizga) oldingiz”, dedilar va yana so‘zlarini davomida “ularning me’yorida rizqi (nafaqasi) va kiyimlari sizlarning zimmangizdadir”



[1] Erkak zotining ayol kishidan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganligida bir necha hikmatlar mavjud. Jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oila nomini unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish va boshqalar. Shu va boshqa jihatlarini hisobga olib, ayol kishining eriga nisbatan itoatli, himoyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi diyonat jihatidan talab etilgan.

[2] Fatxul kabir asari. Hamza harfi 1-juz, 93-bet.

[3] Taloq surasi 7-oyat.

[4] Baqara surasi, 233-oyat.


Kiritilgan vaqti: 29/11/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2921
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/islomda-erning-moliyaviy-burchi
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing