O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islomda bayroqdorlik

 
 

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsol hisoblanadi. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etadi. Ma’lumki, 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kundir. Shunday ekan, maqolada bu muhim kun munosabati bilan bayroq va bayroqdorlik tarixi to‘g‘risida so‘z yuritishni ma’qul topdik.

Tarixga nazar tashlasak, bayroqdorlik masalasi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng e’tibor qaratgan ishlaridan biri bo‘lgan. Xususan, Islom dini uchun olib borgan g‘azotlarida (kurashlarida) albatta bayroq bilan chiqardilar yoki bayroqdor tayinlab qo‘shin jo‘natardilar. Ushbu sharafli ishni bajarishni barcha sahobalar orzu qilishardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birinchi bog‘lagan bayroqlari melodiy 623 yilning mart oyiga to‘g‘ri keluvchi hijriyning 1 yili Ramazon oyida bo‘lgan. Ul Zot Hamza ibn Abdulmuttalib boshchiligida o‘ttiz kishilik muhojirlar jamoasini Qurayshning Shomdan kelayotgan Abu Jahl ibn Hishom boshliq uch yuz kishilik karvonini qarshi olish uchun yubordilar. Hamza roziyallohu anhu uchun tikilgan bu bayroqning rangi oq bo‘lib, uni Abu Marsad Kannoz ibn Husoyn al-G‘anaviy ko‘tarib olgan edi. Bu tarixda “Sayful-bahr sariyasi” deb atalgan.

Eng dastlabki katta g‘azotlardan hisoblangan Badr jangida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bosh qo‘mondonlik bayrog‘ini Mus’ab ibn Umayr al-Qurashiy al-Abdariyga berdilar, bayroq oq rangda edi. Muhojirlar bayrog‘ini Aliy ibn Abu Tolibga berdilar, bu bayroqni “Uqob” deyilardi. Ansorlar bayrog‘ini Sa’d ibn Muozga berdilar. Har ikki bayroq qora rangda edi.

Uhud g‘azotida muhojirlar bayrog‘ini Mus’ab ibn Umayr al-Abdariyga berdilar, ansorlarning Avs guruhi bayrog‘ini Usayd ibn Huzayrga berdilar va ansorlarning Xazraj guruhi bayrog‘ini Hubob ibn al-Munzirga berdilar. Bayroqning vazifasi qo‘shinni jipslashtirib, oldinga undash bo‘lgan va aksincha bayroq yiqilsa qo‘shin tarqalib ketgan. Masalan, Uhud jangida mushriklar bayrog‘i yiqilganida barchalari tumtaraqay ortga qochishgan. Musulmon kamonchilari o‘z joylarini tark etgani sababli dushman otliqlari orqadan hujum qilishdi va shundan so‘ng mushriklardan Amra bint Alqama al-Horisiya ismli bir ayol shoshib kelib, yerda yotgan bayroqlarini baland ko‘tardi, shundan so‘ng mushriklar bayroq atrofida jipslashib, bir-birlarini chorlay boshladilar. Va natijada musulmonlar katta talofatga uchradilar.

Rumliklarga qarshi bo‘lgan Mo‘ta g‘azotida bayroqni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlari tarbiyalagan Zayd ibn Horisaga berdilar. Son jihatdan tengsiz bo‘lgan bu jangda bayroqni navbat bilan tutgan Zayd ibn Horisa, Ja’far ibn Abu Tolib va Abdulloh ibn Ravohalar shahid bo‘ldilar. Chunki, dushman qo‘shini ikki yuz ming, musulmonlar esa uch mingtagina edilar. Allohning qilichi laqabli Xolid ibn Valid bayroqni olgach, harbiy hiyla ishlatib qo‘shinni qutqarib qoldi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Haybar kuni Muhammad ibn Maslamaga: “Ertaga bayroqni shunday bir odamga tutqazamanki, u Alloh va Rasulini jon-dildan sevadi. Bunday odamni Alloh va Rasuli ham yaxshi ko‘radi”, dedilar. Muhojirlar bilan ansorlar o‘sha suyukli kishi o‘zlari bo‘lib chiqishini orzu qila-qila uyquga ketdilar. “O‘sha kechasi bayroqdorlik lavozimiga erishishni orzu qildim”, deya eslaydi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu. Tong otganda Rasululloh Ali ibn Abu Tolibni yo‘qladilar. Odamlar uning ko‘zi og‘rib yotganini aytishganda, baribir olib kelishni buyurdilar va Ali roziyallohu anhuning ko‘ziga dam urib, tuflab qo‘ydilar, bemorning ko‘zi shu zahoti darddan forig‘ bo‘lib, charaqlab ochilib ketdi. Payg‘ambar alayhissalom Ali roziyallohu anhuga bayroqni tutqazib, qo‘shinni jangga boshladilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bayroqdorlikka eng ishonchli va shijoatli sahobalarni qo‘yardilar va ular ham U zotni ishonchlarini oqlardilar. Bayroqdorlik eng sharafli vazifa edi, chunki qo‘shinni taqdiri shunga bog‘liq edi.

Tarixda har bir davlat yoki xalqning o‘z bayroqlari mavjud bo‘lib, davlatning asosiy belgilaridan hisoblangan. Sohibqiron Amir Temur ham davlat ramzlariga, xususan, bayroqqa yuksak siyosiy ahamiyat bergan. Amir Temur bayrog‘i dastasi uzunligi to‘rt besh metrdan kam bo‘lmagan va moviy rangda bo‘lgan. Bayroq qo‘shin oldida olib yurilgan. Sohibqiron: “Jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham bayroqni baland tutsin!”, deb farmon bergan va bayroqni egilishini mag‘lubiyat deb qabul qilgan.

Bugungi taraqqiyot zamonida ham bayroq o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan va davlatlarning asosiy ramzlaridan hisoblanadi. Shuningdek, xalqaro musobaqalarda va sport bellashuvlarida, xalqaro tashkilotlarda bayroqning hilpirashi o‘sha davlatning obro‘ va e’tiborini belgilaydi. Mustaqil O‘zbekistonimiz bayrog‘i ham dunyo bo‘ylab hilpirab, bu yurtning dovrug‘ini dunyoga tanitib kelmoqda. Sport musobaqalarida, BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar qarorgohida bayrog‘ini hilpiratgan O‘zbekiston dunyoga o‘zgacha nigoh tashlab, taraqqiyot sari ildam odimlamoqda.

Akram ABDULLAYEV


Kiritilgan vaqti: 18/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 5786
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/islomda-bayroqdorlik
Chop etilgan vaqti: 03/11/2024 20:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing