O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Islom ta’limotida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarining aks etishi

 
 

Ma’lumki, dinlararo bag‘rikenglik tushunchasi xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir vatanda, ezgu niyatlar yo‘lida hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi. Dunyodagi dinlarning barchasi tinchlik, yaxshilik va do‘stlik kabi bir qancha ezgu fazilatlarga da’vat etadi.

Islom o‘z tarixi mobaynida, sobiq, o‘tgan dinlarga hech qanday tazyiq qilmadi. Turfa-tuman mazhab va mafkuralarga qarshi mutaassiblik yo‘lini tutmadi. Balki uning shiori shunday bo‘ldi: «Bas (ey Muhammad), Mening bandalarimga – so‘zga quloq tutib, uning eng go‘zaligaergashadigan zotlarga xushxabar bering!» (Zumar surasi, 17-18-oyatlar).

Payg‘ambarning sollallohu alayhi va sallam ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar. Habashiston nasroniylarining vakillari kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni masjidga tushirib, o‘zlari ziyofatini berib, xizmat qildilar. U zot shu kuni bunday deganlar: «Bular as’hobimizga ikromli edilar, men o‘zim ularni ikrom etmoqni xush ko‘raman».

Bir marta Najron nasorolari kelganda, ularni ham masjidga joyladilar va unda ibodatlarini ado etmoqqa ruxsat berdilar. Ular masjidning bir tomonida ibodat qilishsa, Rasululloh va musulmonlar boshqa tomonida namoz o‘qishgan. Ular dinlarini himoya qilib, Rasululloh bilan munoqasha etmoqchi bo‘lganlarida, ularni tinglab, chiroyli shaklda mujodala qilganlar. Bularning barchasi muloyimlik, odob va go‘zal axloq bilan bo‘lgan. Muqavqisning (qibtiylar podshosi) ham hadyasini qabul qilganlar. Uning yuborgan joriyasini qabul etib, Ibrohim ismli farzand ham ko‘rganlar. Shundan musulmonlarga: «Men qibtlarga yaxshi bo‘lishingizni tavsiya etaman, chunki sizlarda ular bilan nasab va quda-andachilik bor», deb vasiyat qilganlar.

Rasuli akramning yuksak insoniy tabiatli diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi ko‘rsatmalariga u zotdan so‘ng xalifalari ham amal qilishdi. Umar ibn Xattob Baytul Maqdisga fotih sifatida kirganlarida, u yerning masihiy aholisi shaharda yahudiylar bilan birga yashamasliklarini shart qilib qo‘yishganda, bunga rozi bo‘lganliklarini yaxshi bilamiz. U zot «Quddus al-Kubro» cherkovida ekanliklarida asr namozining vaqti kirib qolganda, u yerda namoz o‘qishdan bosh tortdilarki, keyinchalik musulmonlar buni dalil qilib cherkovni masjid qilib olmasinlar, deb!

Misr aholisidan bo‘lgan bir masihiy ayol hazrati Umarga hovlisini Amr ibn Os majburan masjidga qo‘shib olganligi haqida shikoyat qildi. U zot Amrdan bu haqda so‘raganlarida, shunday javob oldilar: musulmonlar ko‘payib, masjid ularga torlik qilib qoldi. Masjid yonida esa bu xotinning hovlisi bo‘lgan. Amr uning hovlisiga bir miqdor pul taklif qiladilar. Pul miqdorini qanchalik ko‘paytirmasinlar, xotin baribir rozi bo‘lmaydi. Bu hol Amrni hovlini buzib, masjidga qo‘shib olishga majbur etadi. Hovlining puli esa xotin qachon xohlasa, oladigan qilib, Baytul-molga qo‘yildi. Amr qilgan ishlarida uzrli bo‘lgan bu holat hozirgi qonunlarimizda ham joiz, deb bilingani holda Umar uning bu ishlaridan rozi bo‘lmaydilar va Amrga masjidning yangi binosini buzishga va xotinga hovlisi oldin qanday bo‘lsa, shunday topshirishga buyuradilar!

Diniy bag‘rikenglik ko‘rinishlaridan yana biri islom hukmronlik qilgan davrlarda masjidlar kanisalar bilan yonma-yon bo‘lishidir. Kanisalardagi din kishilariga diniy va kanisiy ishlarining barchasida raiyatlari ustidan to‘liq hokimiyat berib qo‘yilgan. Davlat bu ishlarda ularga aralashmasdi, balki mazhablari o‘rtasidagi ixtilofli masalalarini hal qilib berishgagina qo‘shilar va ular o‘rtasida insof bilan hukm etardi. Rum hukmronligi davrida Malkoniylar Misr qibtlarini quvg‘in qilib, kanisalarini tortib olishadi. Musulmonlar Misrni fath etgach, qibtlarga kanisalarini qaytarib olib berishdi. Shundan so‘ng qibtlar Malkoniylarning arab fathidan oldingi qilmishlari uchun intiqom olib, o‘zlaridan keta boshlashdi. Ular buni Horun ar-Rashidga shikoyat qilishganda, u qibtlar Misrda egallab olgan kanisalarni qaytarib olishga amr etdi. Malkoniylarning patriarxi murojaat qilgandan keyin ular Malkoniylarga qaytarib berildi.

Sulton Muhammad Fotihning butun Sharqda pravoslav patriarxiyasi qarorgohi bo‘lgan Qustantiniyani egallab olgandagi ko‘rinishni hech kim unutmagan bo‘lsa kerak. U o‘sha kunda barchasi nasroniy bo‘lgan aholiga mollarida, jonlarida, e’tiqodlarida, cherkov va xochlarida omonda ekanliklarini e’lon etdi va ularni askarlikka olinishdan ozod qildi. Raislariga esa qonunchilik va qavmlari orasida chiqadigan turli da’volarni davlatning aralashuvisiz hal qilish huquqini berdi. Qustantiniya (hozirgi Istanbul) aholisi bunda vizantiyaliklar zamonida ko‘rgan muomala bilan Sulton Muhammad Fotih tomonidan ko‘rgan muomala o‘rtasida katta farq sezganlar. Chunki vizantiyaliklar ularning mazhabiy ixtiloflariga aralashar, kanisalarini boshqa kanisalarga tobe’ bo‘lishini afzal ko‘rishardi. Qustantiniyaliklar millatdoshlari bo‘lgan hokimlar zamonida ham ko‘rmagan bunday diniy erkinlikdan xursand bo‘ldilar. Hatto Rum patriarxiga sulton tomonidan hukumat ichra hukumatga o‘xshash huquqlar berib qo‘yildi va uning jamoasi yaqin besh yuz yil yaxshilikda hayot ko‘rdi. Ular amalda mustaqil edilar, mustaqilliklariga na qo‘shin va na mol rahna sola olardi.

Diniy bag‘rikenglik ko‘rinishlaridan yana biri – islomiy fathlar vaqtida ko‘pchilik kanisalarda bir paytning o‘zida musulmonlar ham, masihiylar ham ibodat qilishidir! Payg‘ambarning sollallohu alayhi vasallam Najron nasorolariga musulmonlarning yonida ibodat qilishga qanday ruxsat berganlarini eslang. Holbuki, bu paytda musulmonlar ham namoz o‘qishardi. Keyinchalik Umaviy jome’siga aylangan Damashqdagi Buyuk Ioann kanisasida fath kunlari masihiylar uning yarmini musulmonlar olishiga rozi bo‘lishgan bo‘lsa, musulmonlar ham ularning ibodat qilishlariga ijozat berishgan. Bir vaqtning o‘zida ikki din vakillari yonma-yon ibodat qilayotganlarini ko‘ring. Bu tarixda nodir bo‘lgan ajoyib ko‘rinishdir. Unda islom erishgan diniy bag‘rikenglikka dalolat qiladigan chuqur ma’no bor!

Diniy bag‘rikenglik ko‘rinishlaridan yana biri – vazifalarning aqidasi va mazhabidan qat’iy nazar haqli, munosib kishiga berilishidir. Shu sababdan umaviy va abbosiylar zamonida masihiy tabiblar xalifalar diqqat markazida bo‘lishgan. Ular uzoq vaqt mobaynida Bag‘dod va Damashqdagi tibbiyot madrasalariga boshchilik qilishgan. Nasroniy tabib Ibn Asol Muoviyaning (r.a.) xos tabibi edi. Sarjun esa kotibi bo‘lgan. Marvon esa boshqa bir ismi Is’hoq bo‘lgan Isnosiyusni Misrdagi ba’zi hukumat mansablariga tayinlagan. U keyinchalik davlat devonida raislik martabasigacha ko‘tarilgan. U juda ko‘p boylik va katta obro‘ga ega edi. To‘rt ming qul, talaygina hovli, uy-joy va bog‘lar, juda ko‘p oltinu kumushlar egasi edi. U o‘zi sohibi bo‘lgan to‘rt yuz do‘kondan tushgan mablag‘ga Rahoda kanisa qurdirgan. Shuhrati shu darajaga yetganki, Abdulmalik ibn Marvon keyinchalik Misr voliysi bo‘lgan, ukasi Abdulazizning ta’limini unga topshirgan. U mashhur Umar ibn Abdulazizning otasi edi.

Xalifalar oldida obro‘si bor mashhur tabiblardan biri Jirjis ibn Baxtyashu’ edi. U xalifa Mansurga yaqin bo‘lib, xalifa uning rohat va xursandchiligi uchun qo‘lidan kelganini qilardi. Nasroniy Salmavayh ibn Banon Mo‘tasimning tabibi bo‘lgan. U vafot etganda Mo‘tasim juda qattiq qayg‘urdi va dinining urf-odatlariga binoan tutatqi va shamlar bilan dafn etishga amr qildi!

Baxtyashu’ ibn Jabroil Mutavakkilning tabibi bo‘lib, uning oldida ehtirom sohibi edi. Hatto, u libos, husnihol, mol ko‘pligi va muruvvatda xalifaga o‘xshardi. Shuningdek, shoir va adiblar ham din va mazhablaridan qat’iy nazar xalifa hamda amirlar huzurida hurmatga sazovor edilar. Hamma Axtalning umaviylar davridagi dovrug‘ini biladi. U tumor taqilgan ipak abo kiyib olib, Abdulmalikning oldiga iznsiz kirardi.

Xalifalar huzuridagi ilmiy halqalar dinlari, mazhablari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar turli olimlarni jamlagandi. Ma’munning ilmiy halqasida din va mazhablarning barchasidan olimlar yig‘ilgandi. Ma’mun ularga: «Xohlagan ilmingizdan bahs etavering. Faqat toifakashlik masalasi qo‘zg‘almasligi uchun har biringiz o‘z diniy kitobingizdan dalil-hujjat keltirmasangiz bo‘lgani», degan. Xalqning ilmiy majlislari ham shunday bo‘lgan. Xalaf ibn Musanno shunday deydi: «Basradagi bir majlisda ilm va nabohatda dunyo tan olgan o‘n kishi yig‘ilganini ko‘rdik». Ular: nahvchi olim Xalil ibn Ahmad (sunniy), shoir Humayriy (shia), Solih ibn Abdulquddus (dualist zindiq), Sufyon ibn Majoshi’ (xorijiy), Bashor ibn Barad (kosmopolit), Hammod Ajrad (zindiq, kosmopolit), shoir Ibn Ra’sil-Jolut (yahudiy), Ibn Nazir al-Mutakallim (nasroniy), Umar ibn al-Mu’yyid (majusiy), shoir Ibn Sinon al-Harroniy (sobiiy)lardir. Ular to‘planib olib, she’rlar o‘qishar, xabarlar naql qilishardi. Ular shunday do‘stona muhitda suhbatlashardiki, o‘rtalaridagi juda kuchli diniy-mazhabiy ixtiloflarni kishi sezmay qolardi!

Bu kabi misollarni Islom tarixidan juda ko‘plab keltirish mumkin. Islomning bosh manbalarida ta’kidlangan hamda Muhammad sollallohu alayhi va sallam tomonidan qanday amal qilinishi ifoda etilgan ko‘rsatmalar bugungi kunda ham davom etib kelmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har bir shaxsning dini, millati, kelib chiqishidan qat’i nazar, avvalo, uni insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning olijanob fazilatlaridandir. Shunday ekan, bag‘rikenglik, totuvlik, hamjihatlik asosida hayot kechirish har birimizning sharafli burchimizdir.

(O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV hazratlarining “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda so‘zlagan nutqidan)


Kiritilgan vaqti: 20/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3025
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/islom-talimotida-bagrikenglik-va-hamjihatlik-tamoyillarining-aks-etishi
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 05:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing