O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

INTERNET Yo SAODAT, Yo HALOKAT!!!

 
 

Hozirgi tez suratda rivojlanib borayotgan davrda har qanday yumushni bir joyda o‘tirgan holatda bajarish imkoni paydo bo‘ldi. Hatto kommunal to‘lov yoki boshqa xarajatlarni ham uyda o‘tirib, uyali aloqa vositalari, kompyuter orqali bir zumda bajaramiz. Biz qiziqayotgan har qanday mahsulot yoki bizni qiziqtirgan har qanday savolni internet tarmog‘iga ulanib, izlash xizmatiga kiritsak bas, u haqda, uning tarkibiy tuzilishi, hatto narxlarini ham bilib olib, uni harid qilishimiz mumkin yoki bo‘lmasa savollarimizga to‘liq javob olib muammomizni hal qilib olish imkoniga egamiz. Dunyoning narigi chekkasida bo‘layotgan voqea va hodisalardan bir zumda xabardor bo‘lamiz. Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali bir birimiz bilan suhbatlar qurib, ahlimizdan xabar olib, ma’lumot almashinib turish uchun ham internet juda qulay vositaga aylanib qoldi. Unga shu darajada bog‘lanib qoldikki, hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgandek go‘yo.

Oqning qorasi, yaxshining yomoni bo‘lganidek internetning ham inson hayoti uchun salbiy oqibatlari borligi gohida yodimizdan ko‘tarilib qoladi. Internetda inson manfaatlari uchun xizmat qiladigan ma’lumotlar bo‘lishi bilan birga, kishini ma’nan quyi pog‘onalarga tushiradigan, insoniylik fazilatlarini yo‘qotib, hayvonlik xirslarini urchitadigan ma’lumotlar tarqatilayotgani kishini ajablantiradi. Ayniqsa yoshlar ongini zaharlash, sof Islom dinini bulg‘ash maqsadida dinimiz rivojiga ko‘z olaytirgan ayrim g‘alamis kimsalarning terroristik hamda ekstremistik g‘oyalarga yo‘g‘rilgan ma’lumotlarni tarqatayotgani va bilib bilmay ularning yolg‘on aldovlariga ishonib, kindik qoni to‘kilgan ona yurtini, vatanini tashlab g‘anim sari yuzlanayotgan insonlarning uchrashi naqadar achinarli holat.

Yaqinlaringizni ogohlantiring!!!

"Axborot asri" deb atalayotgan hozirgi zamonda ma’lumot olish va axborot almashishning qulay vositasi internetdir. Biroq bu tarmoqda hamma narsa aralash – quralash, oq bilan qora, ezgulik bilan yovuzlik yonma-yon. Ma’lumot tarqatish, biznes va reklama uchun katta maydonga aylangan global tarmoqni nazorat qilishning umuman imkoni yo‘q. Shuning uchun ham "o‘rgamchak to‘rida"da buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti va terrorga chaqiriqlar juda ko‘p uchraydi.

Sog‘lom aql egalari internet qulayliklaridan o‘z bilimlarini oshirish yo‘lida oqilona foydalanishmoqda. Lekin ba’zi shaxslar esa ushbu tarmoqda ma’naviy tanazzulga sabab bo‘ladigan saytlarda sayr qilib, o‘zlari va atrofdagilarning ongini zaharlayotganligi aniq.

Internetni "o‘rgimchak to‘ri" deb bejiz aytishmaydi. Zero, o‘rgimchak to‘ri quyosh nurida shunchalar jozibador va xilma-xil ranglarda tovlanadiki, beixtiyor inson unga mahliyo bo‘lib qoladi. Aksincha, quyosh nuridan xoli yerda uning jozibadorligidan asar ham qolmaydi.

G‘alamislarning internet orqali hujumlari asosan yoshlarga qaratilgan bo‘lib, ular o‘smirlar uchun qiziqarli bo‘lgan vositalardan ustalik bilan foydalanishmoqda. Jumladan, yoshlarning qiziqishiga qarab, ularni turli videolavhalar va fotosuratlarni tomosha qilishga jalb etish orqali yoki tashqi ko‘rinishidan go‘yoki o‘yin, texnika, sportga doir bo‘lsada, lekin ichki sahifalarida faqat buzg‘unchilikni singdiruvchi veb jurnallarni taqdim etmoqda.

Turli aldamchi ma’lumotlar ko‘paygan bir vaqtda to‘g‘ri va haqqoniy axborotni ajratish yo‘llarini bilish lozim. Jumladan bunday sharoitda ajdodlar tutgan yo‘lni tanlash kerak. Imom Buxoriy hazratlari hadislarning sahih, zaif va to‘qimalarini ajratishda juda mohir bo‘lganlar. Rivoyat qilinishicha, Imom Buxoriy bir hadisning roviysini qidirib, topadilar. Lekin roviy bir hayvonni quruq qo‘l bilan aldab, qo‘raga olib kirayotganini ko‘rib, suhbatlashmasdan qaytadilar. Mana, ajdodlarimiz qanday yo‘l tutishgan? Ular Islom diniga hos bo‘lmagan ma’lumotlar u yoqda tursin, hatto musulmonga yarashmagan bir sifat egasidan ham ma’lumot olishmagan.

Afsuski, internet tarmog‘ida qora quzg‘un kabi o‘rnashib, yurtimiz yutuqlarini ko‘ra olmayotgan yovuz kuchlarning nosog‘lom, bo‘hton va g‘iybat bilan to‘lib toshgan ma’lumotlarini ayrim yoshlar o‘qib, ba’zan ularga hamfikr bo‘lib, adashib ketayotganligi achinarli holatdir.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz lozimki, har bir aql egasi ijtimoiy tarmoqlardan va ma’lumotlar omboridan foydalanayotgan vaqtda undagi ma’lumotlar qanchalik to‘g‘ri ekanligiga etibor qaratsin. Internet qulayliklaridan o‘z manfatlari yo‘lida foydalansa albatta u yaxshilikga yetaklovchi, madaniyatni oshiruvchi, ma’nan rivojlanish uchun omil bo‘la oladi. Agarda foydalanish aksincha bo‘lsa, albatta u halokatdir.


Kiritilgan vaqti: 04/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2372
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/internet-yo-saodat-yo-halokat
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 10:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing