O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Inson qadri barcha narsadan ulug‘!

 
 

“Nahotki Bizning sizni yaratishimiz behuda bo‘lgan va siz bizga qaytarilmassiz, deb hisoblasangiz” (Al-Mo‘minun 115).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalarini dunyo hayotida behuda yaratmaganini, dunyoda qilgan amalining natijasi mukofat yoki jazo bo‘lishini va O‘ziga qaytarilishlarining xabarini bermoqda. Avvalo har bir inson, Alloh uni ikrom etgan insoniyligini va ahamiyatligini idrok etmoqligi muhimdir. Shu bilan u barcha harakatlarini, fahmi-idrokini yaratgan Robbisi uchun go‘zal tarzda ado etadi. Xalqimiz aytganidek: “Kim o‘z qadrini bilmas ekan, o‘zgalar qadrini xech xam bilmas”. Inson qadri muqaddasdir. Chunki u yaratilgan barcha maxluqotlar orasida azizu mukarramidir. Uning qadri – sha’ni va obro‘sidir! Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir. U bilan urushish kofirlikdir”. So‘kish bu – kishining qadri va sha’nini poymol qilish uchun undagi bo‘lgan va bo‘lmagan ayblari bilan haqorat qilishdir. Ushbu amal sohibini Payg‘ambarimiz alayhissallam fosiq deb nomlayaptilar. Fosiqlik bu - Alloh va Uni Rasulining itoatidan chiqish degani, shariat istilohida esa fosiqliq isyondan-da ko‘ra ashaddiy hisoblanadi. Qur’oni karimda: “... va sizlarga kufrni, fisqni va isyonni yomon ko‘rsatdi. ...”, deb marhamat qilinadi. (Hujurot 7). Demak musulmon kishi boshqalarning qadri va sha’nini poymol qilishdan o‘zini saqlamog‘i lozimdir.

U bilan urishish kofirlik - fisq kufrga olib borganidek, so‘kish ham urushga olib boradi. Kishining qadri va sha’nini poymol qiladigan so‘zlarni ko‘paytirish, shu bilan odatlanish kishini kufrga yetaklaydi. O‘zi bilmagan holda kufr so‘zini aytib yuborishi mumkin. So‘kish, haqorat qilish, qadr va sha’ni poymol qilish urushga olib boradi. Inson o‘z qadriga nomunosib ishni o‘ziga ravo ko‘rmasligi va o‘z qadriga noloyiq sharoitga rozi bo‘lmasligi kerak. Qadrlasang qadr topasan, qadrlanasan,-deydi xalqimiz!

Yurtimiz o‘z mustaqilligiga erishgandan so‘ng imzolangan birinchi xalqaro huquqiy hujjat – Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi hisoblanadi. Bosh Qomusimizda inson sha’ni muqaddas ekanligiga alohida to‘xtalgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-bob 27-moddasida: «Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanishi va turar joy daxlsizligi huquqiga ega», deb ko‘rsatilgan. Dinimiz va konstitutsiyamizda ham inson sha’ni va obro‘si daxlsizligi e’tiborga olingan. Bu degani qadri va sha’ni poymol qilingan shaxs himoyadadir!

Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohatlar shuni ko‘rsatyaptiki, yurtimiz fuqarolari, mo‘min-musulmonlar bir-birlari bilan tinch va totuv hayot kechirmoqdalar.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm-shafqatda va kattalarimizga hurmat va izzatda bo‘lmaganlar bizdan emas”, - dedilar. (Imom Termiziy). Ushbu muborak hadisi sharif o‘zbek xalqining ongu-shuuriga singib ketgan, urfu-odatiga aylanib bo‘lgan. O‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy muhitini sog‘lomlashtira olsak, insonning qadr va sha’niga bo‘lgan hurmatning asosini mustahkamlagan bo‘lamiz.


Kiritilgan vaqti: 20/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 5252
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/inson-qadri-barcha-narsadan-ulug
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 12:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing