O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Inson manfaati har narsadan ustun

 
 

Har bir yangi yilga nom berish orqali ko‘pgina ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda bir necha pog‘ona rivojlanish amalga oshirilmoqda. An’anaga binoan 2017 yil ham mamlkatimizning Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Insonni Alloh taolo aziz va mukarram qilib qo‘ygani O‘zining buyuk kalomida aksini topgan. Insonlar qadrini ulug‘lash, bu borada ular bilan muloqotga kirishish, ularning manfaatlarini har bir narsadan ustun qo‘yish eng ezgu amallardan hisoblanadi. Bu kabi xayrli ishlar xalqimizning azaliy qadriyati va musaffo dinimizning asosiy ko‘rsatmalaridandir. Bashariyat uchun o‘rnak va namuna bo‘lmish Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam ham hamisha as’hoblari qurshovida bo‘lib, har qanday inson bilan ochiq muloqotga kirishganlar, ularni tinglaganlar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi:

“Aqli bir oz bundayroq ayol: “Yo Rasululloh, sizda yumishim bor”, dedi.
“Ey, Ummu Fulon, qaysi ko‘chadan yurasan? Sening yumishingni ravo qilay”, dedilar u Zot. So‘ngra u bilan hojati chiqquncha yo‘lda yurib ketdilar”.
Imom Muslim rivoyati.

Zero, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam mo‘minlarga mushfiq, mehribon edilar. Bu haqda Alloh taolo marhamat qilib shunday degan: “Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, mashaqqat cheksangiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, siz(ning saodatingizga yetishishingiz)ga tashna, mo‘minlarga mushfiq, mehribon Rasul keldi” (“Tavba” surasi, 128-oyat).

U zot sollallohu alayhi vasallam ummatlarining manfaatlarini o‘zlarinikidan ustun qo‘yar, ularning taqdirlari uchun g‘am chekar edilar.

Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibrohim alayhissalom haqlaridagi Allohning: “Parvardigorim, u butlar ko‘pdan-ko‘p odamlarni yo‘ldan ozdirdilar. Bas, kim menga ergashsa, o‘sha mendandir” oyati va Iso alayhissalom haqlaridagi: “Agar ularni azoblasang, ular Sening ojiz bandalaring. Agar ularni mag‘firat qilsang, albatta Sen O‘zing qudrat, hikmat egasidirsan» oyatlarini tilovat qilib qo‘llarini ko‘tardilar-da, “Allohim ummatim, ummatim”, deb yig‘ladilar. Alloh taolo: “Ey Jabroil! Muhammad alayhissalom huzurlariga boring. Rabbingiz u kishining hollarini biluvchi bo‘lsa ham, so‘rang-chi, u zotni nima yig‘latmoqda ekan?” deganida, Jabroil alayhissalom borib so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh bilgan narsaning xabarini berdilar. Shunda Alloh: “Ey Jabroil, Muhammadning oldilariga borib: “Biz ummatingiz haqidagi narsada rozi etamiz, xafa qilib qo‘ymaymiz”, deb ayting”, dedi. Imom Muslim rivoyati.

Xalq tinchligi, yurt osoyishtaligi hayoti mazmunining asosiga aylangan buyuk mutafakkir shoir va davlat arbobi bo‘lmish Alisher Navoiy ham yurt obodligi, davlat taraqqiyoti va el farovonligi uchun har ishga, jumladan, shaxsiy orzu-umidlaridan voz kechishga ham tayyor edi. Ilmu ma’rifatga ixlos qo‘yib, umrini el baxti uchun o‘tkazgan edi. Otasidan qolgan mol-mulkini, o‘zi topgan jamiki boyliklarini ham xalq uchun sarfladi, yurtda uch yuzdan ortiq inshoot, maktab, masjid, kutubxona hamda ilm-ma’rifat taraqqiyoti yo‘lida ko‘plab binolar barpo ettirdi.

Navoiy asarlarida esa komil insonni tarbiyalash, o‘zaro mehr-oqibat, saxovatpeshalik, ayniqsa, elga naf yetkazishni oliy saodat deb bilish asosiy g‘oyalardan biridir. “Odami ersang demagil odami, Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”, der ekan shoir xalq g‘ami uchun qayg‘urmaydigan, insonni qadrlashni bilmaydigan shaxsni odam safiga qo‘shib bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

Insonlarga manfaat yetkazishga harakat qilish ham dinimizda targ‘ib qilingan amallardan hisoblanadi. Bu haqda ko‘plab hadisi shariflarda xabar berilgan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim biror mo‘mindan dunyo mashaqqatlaridan birini aritsa, Alloh undan oxirat mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir musulmon (ning boshqalarga aloqasi bo‘lmagan biror aybi)ni yashirsa, Alloh uni(ng ayblarini) dunyoyu oxiratda yashiradi. Banda, madomiki, do‘stiga yordam berish (yo‘li)da bo‘lar ekan, Alloh uning madadkori bo‘ladi”, –dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish singari amallar bilan doimo barcha insonlarga manfaat berish, ularning hojatlarini ado qilishda ko‘makchi bo‘lishni Alloh barchalarimizga nasib etsin!


Kiritilgan vaqti: 16/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2611
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/inson-manfaati-har-narsadan-ustun
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 03:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing