O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Insof insonni sabr-qanoatga chorlovchi omil

 
 

Insonning chin ma’nodagi insonligi – uning iymoni, diyonati, mehr-oqibati, pokligi va halolligi, kamtarligi va boshqalar bilan o‘lchanadi. Bu umumiy tarzda insoniylik tushunchasi bilan ifodalanadi. Insoniylik esa faqat iymonli insonlardagina bo‘ladi. Bu o‘rinda hamma kishilar uchun umumiy tarzda tegishli bo‘lgan masalalar ustida baholi qudrat fikr yuritamiz. Mazkur masala ko‘p qirrali bo‘lib, qo‘yilgan masalani har kim o‘z ma’naviy dunyosi o‘lchami bilan o‘lchaydi va shunga yarasha hatti-harakatlarni amalga oshiradi.

Marhum yurtboshimiz Islom Karimov xalqimizning buyuk fazilatlari haqida to‘xtalib insonparvarlikning o‘zbeklarga xos qirralarini ko‘rsatib berishga e’tibor qaratib, shunday degan edi: “Insonparvarlik bu o‘zbek xalqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir.”

Insoniylikning muhim shartlari –mehr-shafqatlilik, poklik va halollilikni iymon tushunchasi o‘z ichiga oladi. Insonparvarlik bo‘g‘inlaridan biri insof bo‘lib, uning ma’lum bir jamiyatda istiqomat qiluvchi kishilar o‘rtasidagi muamolotlarda hamda umumiylik va shaxsiyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamiyat hayotida adolat va haqiqat, mehr-shafqat, insofu diyonat kabi tushunchalarni qaror toptirishda Vijdon pokligi va bedorligining o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Aynan mana shu omil insonda insof va diyonatni shakllantiradi.

“Vijdoni uyg‘oq odam yon-atrofida bo‘layotgan voqealarga, yordam va ko‘makka muhtoj insonlarning muammolariga, adolatning toptalishiga befarq qaray olmaydi. Ayniqsa, el-yurt manfaatiga zarar yetkazadigan yovuz xatti-harakatlarga hech qachon chetdan jim qarab turolmaydi, o‘z yurti va xalqiga nisbatan xiyonat va sotqinlikni aslo qabul qilolmaydi. Bunday holatlarni ko‘rganda vijdoni qiynaladi, doimo yonib-kuyib yashaydi, qanday qilib bo‘lmasin, ularni bartaraf etishga intiladi, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda hatto jonini ham fido qiladi.”[1]

Milliy odatlarimizda ham insofga targ‘ib qilinib: “Insof sari baraka”, “Insofi borning barakasi bor” deyiladi.

Payg‘ambarimiz s.a.v.ning sahobalaridan bo‘lgan Ammor insof haqida shunday deydilar: Uch xislatni o‘zida mujassam qilgan kishining imoni mukammal bo‘lgaydir:

Insofli va adolatli bo‘lmoq;

Barchaga salom bermoq;

Kambag‘alligida ham sadaqa berib turmoq.[2]

Insof – adolat va vijdon amri bilan ish tutish tuyg‘usi, ishda kishilarga munosabatda halollik, to‘g‘rilik, tenglik, sofdillik va haqiqatgo‘ylikdir.

Sharq falsafasida insof shunday talqin etiladi;

“Insof – kishining o‘z xulqi, odobini tartibga solish va ahloqiy baholashidir. Agar kishi biror ishni to‘g‘ri bajarsa, unda ichki qoniqish paydo bo‘ladi, vijdoni pok bo‘ladi, atayin noto‘g‘ri bajarsa, insofdan chiqqan bo‘ladi.”

Insof – insonparvarlikni targ‘ib etuvchi g‘oyalardan hisoblanib, hozirgi murakkab davrimizning ko‘plab axloqqiy ma’naviy masalalarini hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi bilan e’tiborga molikdir.

Mazkur ta’riflardan ma’lum bo‘ladiki, insof tushunchasi ham ma’naviyat tushunchasi kabi bir necha xislatlarni o‘z ichiga olib, imonning mukamalligiga dalolat qilar ekan.

Shuni iftixor bilan qayd etishimiz lozimki, tasavvuf ta’limoti va ilgari surgan ma’naviy-axloqqiy g‘oyalarida ham insof va adolatli bo‘lish eng muhim omillardan sanaladi. Chunonchi, Ahmad Yassaviy hikmatlarida ilgari surilgan axloqqiy pand-nasihatlardan molparastlikni fosh etish, kishilarni insofli, diyonatli, iymonli bo‘lishga chaqirishda foydalanish o‘rinli. Yassaviy inson hayotidagi katta kurash - nafsni taslim etishga xizmat qiladigan kurash deb hisoblagan. Nafsga mag‘lub shoh - qul, nafsdan ustunlikka erishgan g‘arib - shohdir, deb aytadi. Nafs inson uchun katta yovdir. Shu yovning boshini yanchgan, uni yenggan, nafsga taslim bo‘lmagan kishining g‘ururi va insoniy qadr-qimmatini hech kim poymol qila olmaydi, deb bilgan.

So‘fi Olloyor qoidali, tartibli, imonga mos yaxshi amallar sohiblarini fazilati va ulardan o‘rnak olib yashashga targ‘ib qilib shunday deydi:

“Yuragim sof erur deb urmag‘il lof,

Alarcha bo‘lmag‘aysan keltur insof”.

Ya’ni, garchi payg‘ambaru sahobalar maqomiga yetolmasangda, aziz-avliyolar kabi bo‘laolmasangda insofli bo‘lgin, deb insof xislatini o‘ta muhim ekanligini ta’kidlaydi.

Husayn Voiz Koshifiy aytganidek, “Yaxshi qiliq, go‘zal muomala bir yo‘ldirki, u yo‘l bilan yurmasdan turib, izzat va sharaf manziliga yetib bo‘lmaydi. U yo‘lga qadam bosmasdan turib, vujud yukini hayvoniyat biyobonidan insoniyat dorilmulkiga eltib bo‘lmaydi”.

“Go‘zal fe’l-atvorning nishonasi o‘n narsadir: birinchi nishonasi – yaxshilik, ikkinchi – insofli bo‘lish, uchinchi – boshqa odamdan ayb qidirmaslik, to‘rtinchi – biror kishi-da nojo‘ya harakat ko‘rsa, uni yaxshi yo‘lga boshlash, beshinchi – bir odam o‘z aybiga iqror bo‘lib uzr aytsa, uzrini qabul qilish, oltinchi – boshqalar uchun mashaqqatni o‘z ustiga olish, yettinchi – faqat o‘z manfaatinigina ko‘zlamaslik, sakkizinchi – ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘lish, to‘qqizinchi – muhtojlarning hojatini chiqarish, o‘ninchi – muloyim va tavoze’li bo‘lishdir”. (Husayn Voiz Koshifiy)

O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti marhum I.A. Karimov: Inson faoliyatining adolatga yaqinligi yoki uzoqligi uning aqliga, xulqiga, yashagan jamiyatiga bog‘liq. Agar unda yomonlik fikrlari ozroq bo‘lsa, adolatga yaqin bo‘ladi, agar ko‘proq bo‘lsa adolatdan, insofdan uzoqroq bo‘ladi. Xulq albatta insonning yaxshi yoki yomon xislatlarining nisbatiga bog‘liqdir”, – deb shakllanib kelayotgan “yosh inson”lar ongidan yomon illatlarni chiqarib, uning o‘rnini adolat va insof kabi yaxshi xislatlar bilan to‘ldirish zarurligini uqtiradi.

Mana shunday ezgu niyatlar bilan qalblarimizni nurlantirgan Alloh ta’ologa hamdu - sanolar aytib xulosa qilish mumkinki, hayotimizni go‘zal va farovon qilish uchun halol mehnat qilib, turli kasb-korlarni sidqidildan bajargan holda yer yuzida yaratuvchanlik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmoqligimiz kerak. Gulzor tikansiz bo‘lmaganidek, oramizda turli buzg‘unchilik va qo‘poruvchilik kabi ishlarni kasb qilib olgan ba’zi noinsof kishilarning borligi dilni xira qiladi.

Ana shunday noinsof, tavfiqdan begona kishilarni ham tavfiqu insofga sazovor bo‘lishini Yaratgandan tilab, barcha xayrli va savob ishlarda barchaga o‘rnak bo‘lish biz imom-xatiblarning burchimiz deb bilaman.

Va yana birovlar uchun Alloh taolodan insof-adolat so‘rashdan oldin, avvalo o‘zimizga insofu tavfiq so‘rash, do‘st-birodarlarga nisbatan ham hamisha adolatli bo‘lib, uning haq-huquqlarini to‘la ado etish muqaddas dinimizning talablaridan ekanligini unutmasligimiz lozim.



[1] Karimov.I.A. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”. Toshkent. «Ma’naviyat».2008. – B 17.

[2] Imom Buxoriy Muhammad ibn Ismoil. “Sahihi Buxoriy”, “O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi”, T.: 2008. 1-juz. –B 14.


Kiritilgan vaqti: 27/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 7175
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/insof-insonni-sabr-qanoatga-chorlovchi-omil
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 15:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing