O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ilmning avvali - ma’rifatdir

 
 

Alloh taolo ilmli bandalarini darajasini baland qilib, olimlarning fazilati haqida: “....Ayting: “biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!”...”, - deydi[1]. Ilmning inson hayotida nechog‘lik katta o‘rin tutishi mazkur oyatdan ham ma’lum bo‘ladi.

Chunki har bir millatning salohiyati, kuch-qudrati va kelajagi uning olimlari bilan belgilanadi, jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu haqda: “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, “Ilm olish har bir erkagu ayol mo‘min-musulmonga farzdir”, deb bizlarni ilm sari intilishimizga buyuradilar. Ammo, insonni komil inson bo‘lib shakllanmog‘i uchun faqat ilmning yolg‘iz o‘zi kifoya qilmaydi. Insonni o‘z maqomida tutib turadigan, unda insoniylik fazilatlarini shakllantiradigan narsa omil – bu uning ma’rifatidir.

“Ma’rifat” so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya, maorif degan ma’nolarni anglatadi. Ma’rifatsiz ilm o‘z sohibini halokatga yetaklaydi. Shuningdek, ulamolarimiz “ma’rifat”ni inson Alloh taoloni tanimog‘i va o‘zligini anglamog‘i deb sharhlashganlar. Shu sababli ham insonga eng avvalo bilish zarur va shart bo‘lgan narsa Alloh taoloni tanish va uning ne’matlariga shukr qilish hisoblanadi. Mana shu sharh va izohlardan ma’lum bo‘ladiki, ma’rifat – Alloh taologa imon keltirish, jaholat – Alloh taoloni haqiqiy anglab yetishlikda anglamaslikdir. Alloh taoloni tanimoqlik iymonning asli va barcha yaxshiliklar manbaidir. Islom dini – eng avvalo ma’rifat dinidir. Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo‘lmish Qur’oni karimning sakkiz yuzdan ortiq o‘rinda, ya’ni uni yettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalarga bag‘ishlangan-ki, toki insonlar ilm sababli o‘zlarida ma’rifat hosil qilsinlar va ezgulik sari yuz tutsinlar. Ulamolarimiz aytadilar: Dinning avvali imonning sog‘lomligi, ilmning avvali muloyimlik va ofati yuzga choparlik, ishlarning avvali Alloh taoloni tanish, Alloh taoloni bilishnng eng yaxshi yo‘li Alloh taologa itoat qilishdir, Alloh taoloning azobidan omonlik hidoyat bilandir. Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam: “Ilmning avvali – Alloh taoloni tanimoqdir... , – deb aytdilar.

«Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, iymon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir».[2]

«Xudo bizga qo‘ygan talab bitta – iymonli bo‘lish, halol yashash va halol mehnat qilish»[3]

Islom dini paydo bo‘lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo‘lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma’rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mu’iyn Nasafiylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O‘z ilohiy hikmati ila ixtiyor etdi.

Yurtimiz O‘zbekiston – jannatmakon yurt,

Ilmu ma’rifatdan ziyo sochgan yurt,

Buyuk kelajakka keng yo‘l ochgan yurt

Bizni qo‘llab– quvvatlab duoda bo‘lsin!

O‘tmishni asraylik–panohda bo‘lsin!

manba: bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 10/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1577
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ilmning-avvali---marifatdir
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 18:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing