O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

IFTORLIK-RIYOKORLIK EMAS

 
 

Allohga beadad shukrlar bo‘lsinki, muborak Ramazon oyini barchamiz tinchlik, xotirjamlikda o‘tkazib kelmoqdamiz. Bu oyning dastlabki o‘n kunligi – “rahmat” dahasida yer yuziga Allohning rahmati yog‘iladi. Ikkinchi o‘n kunligi mag‘firat dahasi atalib, xolis niyat bilan ro‘za tutgan kishilarning gunohlari kechiriladi. Oxirgi o‘n kunligi esa “Do‘zaxdan najot”, ya’ni Allohning rahmatiga noil bo‘lgan, gunohlaridan pok bo‘lganlar, albatta, do‘zaxdan najot topadilar. Yana bu dahani “Qadr dahasi” ham deb ataydilar.

Payg‘ambar (s.a.v.) marhamat qilganlar: “Hayit namozi o‘qiladigan kuni shayton “dod” deb yuboradi. Shogirdlari: “Ustoz, sizni kim xafa qildi” deb qayta-qayta so‘rasalar ham to‘xtamay yig‘layveradi. Oxiri yig‘isini boisini aytadi: “Bir yil harakati qilib, Odam bolalarini yo‘ldan urib, ularga turli gunohlarni qildiruvdim, bari kuyib ketdi. Bir oy tutgan ro‘zasi hurmatiga Alloh ularning barcha gunohlarini kechirib yubordi” deb javob beradi.

Ramazon oyining go‘zal amallaridan biri bu iftorlik – ehsonidir. Iftorlik ham ehsondir, ya’ni birovga biron ne’matni berish, yaxshilik, ezgulik qilish kabi ma’nolar tushuniladi. Bu amalni qilish bilan kishi savob – mukofotlarga erishadi. Yoki o‘sha savobni o‘tgan yaqinlarining ruhiga bag‘ishlashi ham mumkin. Ehson qilinuvchi kishilar ham o‘zlariga ko‘rsatilgan bu yaxshilik, e’tibordan sevinadilar, qalblarida ehson sohibiga nisbatan mehr, hurmat paydo bo‘ladi.

Qur’oni karimda: “Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ezgulikdir” (Ar-Rohman, 60), “...Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil!...” (Qasas,77); “Agar (shundan keyin) ezgu ish qilsangiz – o‘zlaringizga ezgulik qilgan bo‘lasiz...” (Isro,7) deya marhamat qilib ehsonning fazilati, uning nihoyatda savobli amal ekani haqida bayon etadi.

Ammo taassuflar bo‘lsinki, ba’zi bir iftorlik marosimlarida xo‘jakursinlik, dabdababozlik va isrofgarchilik holatlari ham uchrab turibdi. Aslida iftorlik so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “og‘iz ochish”, istilohda esa ro‘zador kishiga taom berish, uning og‘zini ochib, duosini olishlikdir. Ba’zi bir iftorlik marosimlarida bitta ham ro‘zador odamning yo‘qligi, ammo katta qo‘chqorlar so‘yilib, dasturxonlar haddan ziyod bezatilishi, uy qolib hovlilarga stol-stullar qo‘yilib yuzlab odamlarning mehmonga chaqirilishi mutlaqo salbiy holatdir. Iftorlik riyokorlik emas. Aksincha undan savobga erishish vositasi sifatida foydalanish lozim. Shunday ekan dinimiz ko‘rsatmalariga rioya etish kerak bo‘ladi.

Bir yil avval iftorlik marosimini o‘tkazayotgan bir xonadonga borib, iftorlik o‘tkazayotgan uy sohibi bilan ozgina suhatlashdim. Suhbat asnosida shu narsa ayon bo‘ldiki, u kishi bozordan iftorlik uchun katta bir qo‘chqorni sotib olibdi, (u kishini eshitishicha go‘sht sotib olsa iftorlikka o‘tmas emish) dasturxonga ham kattagina mablag‘ sarflabdi. Shu birgina iftorlik uchun hisoblasak ehson sohibining ikki oylik maoshi sarflanibdi. Yana ham afsuslanarlisi surishtirsam chaqirilgan mehmonlar orasida birorta ham ro‘zador kishi yo‘q ekan. Vaholanki o‘sha kishining mahallasida bir necha ro‘zador kishilar bor edi. So‘ngra men u kishiga isrofning ulkan gunoh ekanligini iftor nima, iftorlik marosimini qoidalari, uning mohiyati haqida tushuntirdim. O‘ylaymanki albatta u kishi to‘g‘ri xulosa chiqarib oldi.

Iftorlikning odobi har kim o‘z imkoniyatiga qarab, ro‘za tutgan kishilarni uyiga chaqirib mehmon qilishlik va ularning duolaridan bahramand bo‘lishlikdir. Dasturxon ham me’yorda bo‘lishligi ortiqcha isrofga yo‘l qo‘yilmasligi lozim, zero Alloh taolo Qur’oni karimda “Albatta Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi”, deya marhamat qilgan. Payg‘ambarimiz a.s. esa hadislarida “Har bir (katta-yu - kichik) isrof haromdir” deya ta’kidlaganlar.

Iftorlik marosimida chiroyli suhbatlar qurish lozim. Aslo g‘iybat, fitna – fasod, ig‘vo, buzg‘unchi so‘zlar gapirilmasligi lozim. Aks holda o‘sha iftorlik marosimining savobiga darz ketadi.

Ro‘zadorlar qaytishayotganda esa toza sochiqlar tutib, iliqgina suv bilan qo‘llarini yuvdirsa o‘sha xonadonning barakoti yanada ziyoda bo‘ladi.

Yaratgandan barchamizga Ramazon oyining, ro‘zaning yaxshiliklari yil davomida hamroh bo‘lishini tilab qolamiz.


Kiritilgan vaqti: 24/06/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3093
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/iftorlik-riyokorlik-emas
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 13:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing