IBRAT BILAN YASHASH SAODATDIR
Bugun Alloh taolo jannatmisol yurtimizga yog‘dirayotgan mo‘l-ko‘l ne’matlari, eng asosiysi 32 millionli xalqimiz zarracha hadik nima bilmasdan xotirjamlikda hayot kechirayotganligi haqida ozgina fikr yuritgan kishi borki qalbi olam-olam quvonchlarga to‘ladi. Bugungidek dorulomon damlarni ko‘rgan har bir aqli raso inson Yaratganning ne’matlarini ko‘rib fikr yuritishi, atrof-javonibda bo‘layotgan holatlarga qarab ibrat olishi shubhasiz. Zero, muqaddasi dinimiz ta’limotlari ham mulohaza ila, ibrat olib yashashga qaratilgandir.
Qur’oni karimning muborak oyati karimalarini varaqlar ekanmiz, undagi bir biridan ibratli, ta’sirli qissalarni o‘qib, ularning so‘ngida albatta Alloh taolo o‘z bandalarini ne’matlar borasida aql yuritishga chaqirganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan Bani Isroil qavmi qo‘rg‘onlari ichra berkinib olib, Allohni, Uning ne’matlarini e’tirof etmasdan endi bizga hech narsa bo‘lmaydi deganlarida, Alloh ularning ko‘ngillariga vahima solib, qo‘rg‘onlarini vayron bo‘lganini Hashr surasining dastlabki oyatlarida eslatar ekan uning so‘ngida:
َ فَاعْتَبِرُوا يَا أُولِي الْأَبْصَارِ
“Ibrat oling ey aql egalari” (Hashr surasi 2 oyat) deydi.
Dono xalqimiz ham “Birini ko‘rib fikr qil birini ko‘rib shukur qil” deb bejizga aytmagan.
So‘ngi paytlarda yurtini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lib, boshqa davlatlardan poshpana izlab yurganlarning qiyinchilik ila to‘la hayotlari haqidagi ma’lmotlar bot-bot takrorlanib turilibdi.
- Belgiya 2016 yilda 14 ming kishiga boshpana bergan.
- 2016 yilning yanvar oyidan iyuniga qadar Germaniyaga taxminan 171,5 ming Suriyalik, 60,6 ming afg‘on va 56,5 ming iroqlik tashrif buyurgan, kabi xabarlarni eshitishga quloqlar ham odatlanib qolgandek go‘yo. (Alloh mazlumlarga najot bersin)
Aslini olganda insoniyat vaxshiyligi sabab o‘limga yuz tutgan odamlar va bolalar haqida aytishga tilimiz ham, qalamimiz ham bormaydi. Mana shu qochqinlikda o‘z uyi, o‘z vatani, o‘z to‘shagidan ayrilib o‘zga yurtlarda mustar bo‘lib yurgan insonlar ham o‘zga sayyoradan tushgan emas, balki ular ham xuddi siz bilan bizning toifamizdan. Siz bilan bizga o‘xshab issiq-sovuqni sezadigan, farzandlarining qorni ochligiyu usti yupunligidan yurak bag‘ri qon bo‘lib eziladigan insonlardir.
Keling bugun biz ko‘proq ibratlanaylik. Dunyoda ibratlar to‘lib toshib yotgan zamonda, minglab odamlar o‘zga yurtlarda sarsonu-sarosimada yurganda bizni xalqimiz ko‘chani to‘ldirib o‘z ishi, yumushiga, bozorga shoshayotganini ko‘ramiz. Bu nimaning belgisi?!
Mana shu ilohiy in’omlarni his qilgan holda ortimizda qolayotgan 2016 milodiy yil mustaqil ona Vatanimizning uzoq va yaqin hududlarda tinch-omon, farovon yashayotgan barcha xalqlar hayotida ham esda qolarlik olamshumul jarayon va voqealarga boy bo‘lganini xursandchilik ila yodga olgimiz keladi.
Alloh taoloning marhamati bilan mehnatkash xalqimiz ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Birgina Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi Qamchiq tunelining ishga tushirilishi xalqimizga ulkan quvonch bag‘ishlab, butun dunyoning e’tiborini yana bir bor go‘zal O‘zbekistonimizga qaratdi.
“2016 yil Sog‘lom ona va bola” yili deb nomlanib, shunchaki hamma shu haqda gapirib, peshtoqlarga osib qo‘yilmadi. Balki maxsus davlat dasturi qabul qilinib, olamshumul ishlar amalga oshirilganini ham hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘ldik.
O‘tgan “Sog‘lom ona va bola” yilida xotin qizlar, xususan onalar va farzandlar sog‘lig‘iga katta etibor qaratildi. Shahar, qishloqlarda hatto chekka hududlarda ham sihhatgohlar, shifoxonalar, bolalarni davolash muassasalari bunyod etildi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘la ta’minlandi. Buning barchasi hazrati inson omiliga mustaqil va aziz davlatimiz, hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning bir ko‘rinishi desak, aslo xato qilgan bo‘lmaymiz.
Bugun ne’mat haqida gapirilganda ko‘pchilik qimmatbaho moshinayu, hashamatli xovli joyni tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Aslida uyquga ketib uyg‘onish, yangi kunning boshlanishi eng katta ne’mat ekanligini anglashimiz kerak. Bir kunlik umrni qiymatini hech kim belgilay olmaydi. Ba’zilarni ko‘ramiz oyoqda turaolmaydi, og‘zidan har xil nojo‘ya so‘zlar chiqadi. Ba’zilar bebaho umr yillarini behuda o‘tkazib yuborayotganini ko‘rib achinamiz. Bugungi tahlikali zamonda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashasak, dunyodagi holatlardan ibrat olsak yurtimizning tinchligi mustahkam, taraqqiyoti ziyoda bo‘ladi inshaalloh.
Mustaqil davlatimizning prezidenti yaqinda bo‘lib o‘tgan sog‘liqni saqlash hodimlari bilan uchrashuvida “Kechagi kun bugun tarixga aylandi.Ertaga bugun ham tarixga aylanadi” degan edilar.
Hazrati Umar r.a “Hisob qilinishingizdan oldin o‘zingizni hisob qiling, amalingiz (qiyomat kuni) tarozuda tortilishidan oldin o‘zingiz uni torting” degan edilar.
Mo‘min kishi ne’matning oziga ham beparvo bo‘lmaydi. Ozida ne’matni anglagan bandasi ko‘pida ham hech qachon loqayd bo‘lmaydi. U har bir narsadan munosib o‘z o‘rnida foydalanishga jiddu jahd qiladi. Keling har birimiz ortimizga boqib o‘tgan umrimizni bir sarhisob qilib ko‘z oldimizga keltiraylik. U 30 yilmi, 70 yilmi, 80 yilmi uzoq keng kechalar, uzoq yillar bor yo‘g‘i bir kunga to‘g‘ri keladi xolos. Yoshi ulug‘ otaxonlarimizning gaplariga e’tibor berganimizda ular yoshlik kunlarini kecha deb eslaydilar. Bu dunyoda insonning umri shunday tez o‘tadi. Bu bizning dunyodagi hisobimiz. Oxiratda ham huddi shunday bo‘lishini Alloh taolo eslatib shunday deydi:
كَأَنَّهُمْ يَوْمَ يَرَوْنَهَا لَمْ يَلْبَثُوا إِلَّا عَشِيَّةً أَوْ ضُحَاهَا
“Ular uni (qiyomatni)ko‘rgan kuni (bu dunyoda qancha ko‘p umr ko‘rgan bo‘lsalar ham) go‘yo bir oqshom yoki choshgoh payti miqdoricha turgandek bo‘lurlar” (Noziot surasi 46 oyat)
G‘aflatdagi insonning misoli huddi poyezdga mingan kishining misoliga o‘xshaydi: go‘yoki poyezdga mingan kishining hayolida poyezd to‘xtab turibdi, boshqa moshinalar uning yonidan yurib ketayotgandek tuyiladi. Aslida unday emas, u ham poyezd bilan qo‘shilib yuryapdi. Yoshlarimiz kuch quvvatga to‘la navqiron, o‘spirinlik chog‘larida men shu yoshda turibman, boshqalar qariyapdi, deb o‘ylab g‘aflatda qolib ketmasligi kerak. Balki oqar suv misol o‘tib ketadigan umr yillarini har soniyasini g‘animat bilmoqliklari lozim.
Azizlar! “2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da yaxshi niyatlarni qilaylik, ezgu ishlarga bel bog‘laylik. Bir narsani unutmaylik, inson o‘tgan umrdan boshqa narsada orzu qilsa bo‘ladi. Ammo o‘tgan yillar endi qaytib kelmaydi. Uni endi qaytib topa olmaymiz. O‘tgan umrimizdan ham ibrat olib elu xalq, vatanimiz va oxiratimiz uchun ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishni Alloh taolo hammamizga nasib aylasin.
Kiritilgan vaqti: 19/01/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 11913
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 04:39