O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

HYOYO IYMONDANDIR

 
 

“Hayo” so‘zi lug‘atda uyatsizlikning teskarisini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda hayo aybdan va yomonlanishdan qo‘rqib o‘zini past olish va o‘zgarishdir.

Ulamolar hayoni turlicha ta’rif qilganlar:

Jurjoniy: «Hayo nafsning bir narsadan tortinishi va malomatdan hazir bo‘lib, uni tark qilishidir», degan

Islom ulamolari shunday deydilar: «Hayo ikki xil buladi:

Birinchisi – nafsoniy. U barcha nafslarda xalq qilingan bo‘ladi. Misoli avratni ochishdandan hayo qilish kabilar.

Ikkinchisi – iymoniy. U, musulmonning Alloh taolodan qo‘rqib harom ishlarni qilishdan tiyilishidir»

Haqiqiy hayo shudir. Odam zotini xilqatida yozilgan haqiqiy hayo shu iymoniy hayodir.

Kimda ana shu iymoniy hayo bo‘lsa unga Alloh taolo tomonidan katta ne’mat berilibdi. Chunki har bir inson ikki dunyo saodatiga ana shu iymoniy hayo bilan erishadi. Kimda agar aksincha bo‘lsa ikki dunyo saodatidan mahrum qolibdi. Hayo barcha yaxshiliklarning manbaidir. Hayoning ketishi esa barcha yaxshiliklarning ketishidir. Kishining dunyoda gunohga qo‘l urishi, asta sekin hayosini ketishiga sabab bo‘ladi. Yoki shu holda davom etishi bir yo‘la hayosini yo‘q qilib yuborishi mumkin. Bunday kishi shariatda fosiq deyiladi. Fosiq kishini jamoat joylarda uyatli, shariat man qilgan ishlarni ochiq qilishi uning iymonsizligidandir.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam “Al hayau minal iyman”, ya’ni “Hayo iymondandir”, deganlar. Boshqa bir hadislarida “Hayo faqat yaxshilik keltiradi” deb aytganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sallollohu alayhi vasallam:

“Iymon yetmish nechta yoki oltmish nechta sho‘badan iboratdir. Uning eng afzali “Laa ilaaha illalloh” demoqlik va eng kichigi yo‘ldagi ozor beradigan narsani olib tashlash. Hayo, iymonning sho‘basidir”,-dedilar”, deyilgan.

Abu Ayyub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “To‘rt narsa rasullarning sunnatlaridandir: hayo, xushbuy sepmoqlik, misvok va nikoh”, dedilar”.

Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri: “Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver” dir”, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Hayo iymondandir, iymon jannatdadir. Hayosizlik jafodir. Jafo do‘zaxdadir”, deb aytdilar”.

Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Albatta, Robbingiz hayoli va kariymdir. Bandasi Unga ikki qo‘lini ko‘tarsa, U zot ularni bo‘sh qaytarishdan hayo qiladi”, dedilar”, deyilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam: “Har bir diynning o‘z xulqi bordir. Islomning xulqi hayodir”, dedilar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam: “Fahsh nimada bo‘lsa, albatta, o‘shani sharmanda qiladi. Hayo nimada bo‘lsa, albatta, o‘shani ziynatlaydi”, dedilar.

Ya’ni kishini dunyoda inson tabiatida bo‘lmagan fahsh ishlarni qilishi hayvoniy sifatdir. Chunki xech bir hayvonga hayo berilmagan. Biz insonlar barchamiz buning shohididirmiz.

Alloh taolo barchalarimizni hayosizlikdan asrasin.


Kiritilgan vaqti: 10/02/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4215
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/hayo-iymondandir
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 20:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing