O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Har birimiz mas'ulmiz!

 
 

Koronavirus pandemiyasi insoniyat boshiga katta sinov bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Darhaqiqat, hozirgi vaqtda ushbu pandemiya butun dunyo xalqini tashvishga solib bo‘ldi. Mamlakatimizda ushbu kasallik tarqab ketmasligi uchun davlatimiz tomonidan barcha choralar ko‘rilyapti. Yurtboshimiz shu sinovli damlarda har bir yurtdoshimiz, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerakligini ta'kidladi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kim bo‘lishimizdan qat'iy nazar, amalga oshirilayotgan ishlarga befarq bo‘lmasligimiz, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.

Har birimiz kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, o‘zimiz mas'ulmiz. Buni qalban his qilgan holda, ulkan mas'uliyat,  intizom bilan amalga oshirishimiz bugungi kundagi eng katta vazifa bo‘lib turibdi. Aholi o‘rtasida vahima va sarosima gaplarni tarqatishga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Zero, asossiz vahimalar va qo‘rquv tushkunlik holatini keltirib chiqaradi, irodamizni sindiradi. Bu esa kasallikka moyillikni oshirib, virusni yuqtirish uchun o‘zimiz yaratib bergan imkoniyat bo‘ladi.

Karantin kunlarida oilamiz va yaqinlarimiz yonida bo‘lib, farzandlarimiz bilan birga, masofadan ta'lim olib, kitob o‘qib, uy yumushlarni bajarib, shu orqali oilamiz farovonligi va Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shaylik.

Ayni paytda biz, imom-xatiblar aholi bilan onlayn muloqot qilish orqali davlatimiz rahbarining xalqimizga murojaati mazmun-mohiyatini yana bir karra tushuntiryapmiz. Qilinayotgan barcha sa'y-harakatlar aynan elimiz salomatligi uchun ekanini har bir qalbga singdiryapmiz.

Sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishni ko‘pchilik odatdan chiqarib yuborganini tan olmoqda. Shuncha qilinayotgan ishlar, sayu-harakatlarga qaramasdan chekka qishloq joylarida niqobsiz ko‘chada yurish, 5-6 kishining bir to‘da bo‘lib gaplashib turgani, maqsadsiz avtomobillarda yurishlar juda ko‘p kuzatilmoqdi.

    Shuni aytishimiz kerakki, ko‘pga kelgan bu baloni yengish uchun tozalik va ozodalikka qat'iy rioya qilish kerak. Bunga oiladagi ayollar, onalar ko‘proq mas'ul ekanini unutmaslik zarur.  Xonadonimiz sarishta, toza bo‘lsa, oila a'zolarining har biri unga rioya qilsa, har qanday balo-qazolar, kasalliklar ostonamizdan uzoqlashaveradi.Bugungi kundagi vaziyat qoida va talablarga qat'iy amal qilishni taqoza qilmoqda. Karantin qoidalariga rioya qilish bilan oilamiz farovonligi va Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shaylik.

Qadrli yurtdoshlar!

Barchamiz yuksak insoniy fazilatlarimiz, qadriyatlarimiz va vatanparvarligimizni namoyon etib, yurtboshimiz atrofida jipslashib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik! Shundagina bu sinovli kunlarni birgalikda yengib o‘tamiz. O‘zingizni va oila a'zolaringizni, yaqinlaringizni ehtiyot qiling! Bu ishda “Har birimiz mas'ul” ekanligimizni  unutmaylik!

Pastdarg‘om tuman “Nurul Islom” jome masjidi imom-noibi S.Chaxoyev


Kiritilgan vaqti: 09/06/2020 12:59;   Ko‘rilganligi: 761
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/har-birimiz-masulmiz
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 12:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing