O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Hamza roziyallohu anhuning islomni qabul qilishlari

 
 

Islomning ilk davrlari, Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam da’vatni maxfiy olib borayotgan kunlar edi. Insonlar ota-bobolaridan qolgan dinni tark etib, asta-sekin islomga kirishardi. Qurayshning kattalari esa islomga kirishlarini man qiladigan narsalar sababli yangi dinni qabul qilgilari kelmas, lek ularning orasida bu narsalarga e’tibor bermasdan islomga kirayotganlari ham bor bo‘lib, shunday insonlardan biri Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning amakilari va emikdosh birodarlari bo‘lmish Hamza ibn Abdul Muttalibdir.

Hamza jiyanining ulug‘ va komil inson ekani hamda uning ishining haqiqatligini va go‘zal hislatlarini juda yaxshi bilardi. U jiyanini faqatgina amaki sifatida emas, balki birodari va do‘sti sifatida e’tirof etardi. Chunki u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan deyarli tengdosh, birga o‘sib, birga o‘ynab, birga birodar tutinib, qadamma-qadam yurib ulg‘aygan edi.

Garchi yoshlikda bir xil yo‘lda bo‘lgan bo‘lsalarda, ulg‘aygach, Hamza o‘z tengqurlari bilan dunyoning yaxshiliklaridan foydalanishda raqobatlashib, Makka va Quraysh zodagonalari orasidagi o‘z obro‘-e’tiborini oshirish yo‘lini tanladi. Ammo Muhammad sallallohu alayhi vassallam esa Allohning yo‘lini, yoritib berayotgan nurini ibodat bilan ziyoda qilish hamda uni chuqur tafakkurga cho‘mdirib, hayotning g‘avg‘olaridan yiroq qilayotgan, qalbining tubidan chiqayotgan nido haqida o‘ylab, tayyorgarlik ko‘rar edilar.

Ikkisining tanlagan yo‘llari har hil bo‘lishiga qaramay, Hamza o‘zining jiyani va tengquri bo‘lgan Rasulullohning barcha komil fazilatlarini bir zum ham unutmagandi. Albatta, bu kabi komil fazilatlar va go‘zal ahloqlar egasi barcha insonlar qalblarida yuksak maqomga ega bo‘lib, uning buyuk istiqboli uchun oydin va ravshan surat chizib berdi.

Bir kuni erta tongda Hamza odatdagidek ko‘chaga chiqdi. Ka’baning yoniga kelib, u yerda Quraysh boshliqlari va sayyidlaridan bir guruhini ko‘rib qoldi. Ular bilan birga o‘tirib, nima haqida suhbatlashayotganlariga quloq tutdi. O‘tirganlar Muhammada sollallohu alayhi vasallam haqida gaplashayotgan edilar. Hamza qarasa, ular birinchi bor jiyanining da’vati haqida xavotirga tushib gapirishar hamda so‘zlarida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan achchiqlanish, g‘azab va hasadga urg‘u berishayotganini bildirishar edi. Muhammadning da’vatiga ilgari bu qadar e’tiborlari yo‘qligini va befarq ekanliklarini izhor qilganday bo‘lar edilar. Ammo bugunchi? Yuzlarida xavotir mavj urib, g‘azab bilan go‘yo u Zotni g‘ajiguday so‘zlamoqdalar!!! Hamza ularnining so‘zlarini eshitib uzoq kuldi, so‘ngra ularni haddan ziyod oshirib, yomon gumon qilishda aybladi.

Shunda Abu Jahl o‘rnidan turib o‘tirganlarga: «Albatta, Hamza Muhammad da’vat qilayotgan narsaning habarini hammadan ko‘ra yahshiroq biladi, lekin u buni yengil sanab, hatto Quraysh uyquga ketib, so‘ngra tongda uyg‘onganida hamma yer rasvo bo‘lib, jiyanining ishi g‘olib bo‘lishini istaydi», dedi.

Mushriklar bir-birlariga hayqirib va do‘q-po‘pisa qilib suhbatlarini davom ettirishardi… Hamza esa bir tabassum qilib, bir jahli chiqar edi. Hamma tarqab, uy-uyiga jo‘nab ketgach, Hamza boshini yangi fikrlar va xavotirlar bilan og‘irlashtirib o‘zi bilan o‘zi bahslashib, jiyanining da’vati hususida o‘ylay boshladi.

Kunlar ketidan kunlar o‘tib, Qurayshning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan da’vatlari atrofidagi hayqiriq va xavotirlari yanada ziyoda bo‘ldi. So‘ngra bu xavotirlar janjalga aylandi. Hamza esa bu voqealarni uzoqdan kuzatib turdi. Jiyanining sabot bilan turishi Hamzani hayratga sola boshladi. Chunki u Zotning o‘z iymoni va da’vati yo‘lidagi fidoiyligi barcha Quraysh uchun ilgari ko‘rilmagan yangilik bo‘lgandi. Agarda o‘sha kunlarda biror bir shak Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning rostgo‘yliklari va buyuk fazilatlari hususida biron insonni shubhaga sola olsa, bu shak Hamzaning qalbi va xayoliga sira yo‘l topa olmasdi. Hamza Muhammad sollallohu alayhi vasallamni go‘dakligidan to ulg‘ayguncha insonlar orasida eng yaxshi biluvchi zot edi. Tez kunlarda Hamza Rasululloh sollallahu alayhi vasallamga iymon keltirishni qalbiga tugib qo‘ydi. O‘sha kun yetib keldi...

Hamza kamonini yelkasiga osgan holda, sevimli mashg‘uloti bo‘lmish ovchilik qilish uchun sahroga tomon yuzlanib uyidan chiqdi. U ovchilik bobida nihoyatda mohir edi. Sevimli mashg‘ulotini tugatib, o‘ljasi bilan uyiga qaytayotganida, odatiga ko‘ra tavof qilish uchun Ka’ba tomon yo‘l oldi. Ka’baga bir oz qolganda Abdulloh ibn Shud’onning xodimasi unga yo‘liqdi. Xodima Hamzani ko‘riboq: «Ey Abu Umora, agarda jiyaning Muhammadga xozirgina Abu Hakam ibn Hishomdan yetgan ozorni ko‘rganingda edi,uni o‘sha yerda o‘ldirib qo‘ygan bo‘lar eding. Uni Ka’ba yonida ko‘rib qolib, so‘kib haqoratlab qattiq ozor beridi», dedi va Abu Jahl Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qanday ozor berganini birma-bir ayrib berdi. Hamza uning so‘zini diqqat bilan tingladi, biroz sukut saqlab, so‘ngra kamonini olib yelkasiga osdida, tez va shahdam qadamlar tashlab, Abu Jahlni uchratib qolish maqsadida Ka’ba tomon yurib ketdi. Agar Ka’ba yonida uni uchrata olmasa, albatta, boshqa yerlarni qidirib uni topishga ahd qildi. Biroq Ka’baga yetgach, Abu Jahl bir guruh Quraysh zodagonlari orasida o‘tirganiga ko‘zi tushdi. Hamza o‘zini bosgan holda Abu Jahlning yoniga kelib, kamoni bilan uni boshiga bir tushirdi. Abu Jahlning boshi yaralanib qonab ketdi. Hamza Abu Jahlga qarata qichqirdi: «Muhammadni haqorat qildingmi? Bilginki, men ham uning dinidaman. U aytgan so‘zni men ham aytaman. Agar qodir bo‘lsang, menga javob qaytar». O‘tirganlar barchalari boshliqlari ustiga tushgan xorlikni va uning boshidan oqayotgan qonni bir lahzaga unutib qo‘yishdi. Ularni ustilariga yashindak tushgan Hamzaning so‘zlari mashg‘ul qilib qo‘ygandi. Bu shunday so‘zlar ediki, ular orqali Hamza Muhammad sollallohu alayhi vasallamning diniga kirib, u aytayotgan so‘zni aytishini bildirgandi.

−Hamza Islomni qabul qildimi?!

−Qurayshning eng baquvvat va ulug‘ yigiti-ya?! Bu Quraysh ustiga tushgan katta bir halokat ediki, uni qaytarishga qodir emasdilar. Hamzaning Islomni qabul qilishi, sara insonlarning ko‘pchiligini tez kunda Islom tomonga boshlashi mumkin. Bu bilan Muhammad o‘z atrofiga tez orada kuchiga kuch qo‘shadigan, da’vatini quvvatlaydigan kuch va quvvatni topishi mumkin. Natijada qurayshliklar kunlardan bir kuni o‘z but-sanamlarini parchalab tashlayotganining shovqinini eshitib uyg‘onadi!!! Ha, albatta, Hamza iymon keltirdi va Quraysh boshliqlariga hafsalasini pir qilgan mushrik jamoatni tark qilib, qalbini Islomga bag‘ishlaganini e’lon qildi.

Abu Jahl yorilgan boshidan oqayotgan qonni artish bilan mashg‘ul bo‘lib turgan paytda Hamza kamonini yelkasiga osib, shahdam qadamlar tashlab uyi tomon ravona bo‘ldi. U teran aql va yuksak qalb sohibi ham edi. Uyiga qaytgach, kunning g‘avg‘olaridan forig‘ bo‘lib, fikr qilish uchun o‘tirdi. Hozirgina bo‘lib o‘tgan hodisa hech ham ko‘z o‘ngidan ketmasdi.O‘zi Islomini qanday qilib va qachon e’lon qildi …?! Darhaqiqat, u o‘z Islomini g‘azab va nafratga to‘lib, qizishgan lahzalarda e’lon qildi. Jiyani biror yordamchi topolmay haqorat qilinib, zulmlanganligiga g‘azab qilib, bani Hoshimning sharafini himoya qilgan holda, Abu Jahlning boshini yorib uning yuziga Islomni qabul qilganini ochiq- oydin e’lon qildi. Lekin inson uchun asrlar davomida amal qilinib kelgan ota-bobolarining dinini tark qilib, haqiqatini oz bilgan va ta’limotini o‘rganib chiqmagan dinni qabul qilishning eng to‘g‘ri yo‘li shu bo‘la oladimi? Haqiqat shuki, Hamza Muhammad sollallohu alayhi vasallamning rostgo‘yliklari va niyatlarining pokligiga zarracha ham shubha qilmas edi. Biroq kishi butun farzlari va mas’uliyatlari bilan yangi dinni g‘azabga to‘lgan holda qabul qilishi mumkinmi? Bas, Hamza tafakkur qila boshladi…. Oradan bir necha kunlar o‘tdi, ammo Hamza na kunduzi va na kechasi tinch orom olardi. Shunday qilib, Hamza Islom haqiqatiga yetishish uchun ota-bobolaridan qolgan eski din bilan yangi dinni taqqoslab tarozuga solib, aqlini bir oz ishlatib ko‘rgan edi, hatto nafsiga ota-bobolaridan meros qolgan dinga fitriy xohish va har bir yangi sinalmagan narsadan fitriy qo‘rquv hosil bo‘ldi. Uning xayolidan Ka’ba, olihalar va butun boshli sanamlar va ota-bobolaridan qolgan din va uning natijasida quraysh ahli va butun Makkadan kelgan obro‘-e’tibor o‘ta boshladi. Darhaqiqat, uning qalbida jiyani bayrog‘ini ko‘targan bu yangi da’vatga nisbatan hurmat va ehtirom cheksiz edi. Ammo agar unga mana shu da’vatga iymon keltirib, unga ergashib va uni himoya qilish taqdir qilingan bo‘lsa, bu dinga kirishning eng munosib vaqti qachon bo‘lishi mumkin? G‘azab va nafratga to‘lib toshgan lahzalardami yoki aqlini ishlatib chuqur fikr yurgizgan vaqtdami? Shunday qilib, qalbining to‘g‘riligi va fikrining pokligi uning bu ish hususida yangitdan, chuqur va nozik ravishda fikr qilishga chorladi. Hamza taajjub qilib, qanday qilib inson bu qadar osonlik va tezlik bilan ota-bobosining dinini tark qilishi mumkin deb o‘ylay boshladi va qilgan ishidan nadomat chekdi. Lekin yana o‘ziga kelib aqliga murojaat qildi. Qarasa, haqqa yetishishga aqlning o‘zi kifoya qilmas ekan. So‘ngra u Ka’baning yoniga borib, ko‘zlarini samoga qaratgan holda unga hidoyat yo‘lini ko‘rsatishligi uchun Alloh taologa yolvorib tazarru bilan duo qila boshladi.

Hamza roziyallohu anhu umrlarining oxirigacha islomni va Rasuli akram sollalohu alayhi vasallamni himoya qilib o‘tdilar. Va umrlarini oxirida buyuk shahid maqomini oldilar, qanday buyuk unvon. Barchalarimizga u zot kabi islomga xizmat qilish nasib etsin.

Jamoliddinov Husanboy - Ko‘kaldosh O‘rta Maxsus Islom bilim yurti 3 kurs talabasi.


Kiritilgan vaqti: 21/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 5533
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/hamza-roziyallohu-anhuning-islomni-qabul-qilishlari
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing