O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

HALOLLIK UMR MAZMUNI BO‘LSIN

 
 

Inson yaralibdiki, hayotini hamisha gullab yashnashi va umrini osuda va farovon o‘tishini qalban istaydi. Bu maqsadga erishish uchun yoshu-qari o‘zidagi bor kuch quvvatini sarflab o‘tadi. Albatta, Alloh taolo butun insoniyatni yo‘qdan bor qildimi, uni ona zaminda emin-erkin yashashi va tinch hayotini ta’minlaydigan ko‘rsatmalarni bosqichma-bosqich yaratib beradi. Haqiqatan, bu yo‘llanmalar kishiga umri davomida baxt-saodat va barokotlarni beradi.

Jamiyatning har bir jabhasida ko‘rsatmalar zarur bo‘lib, ularning barchasida halollik, poklik va sof qalb bilan yo‘g‘rilgan amallarni bajarish zarurdir. Albatta, Alloh taolo insonni doimiy shunday yashashiga Kalomi sharifining bir necha oyatlarida ko‘rsatmalarini bayon etgan. Jumladan:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ إِنَّمَا يَأْمُرُكُمْ بِالسُّوءِ وَالْفَحْشَاءِ وَأَنْ تَقُولُوا عَلَى اللَّهِ مَا لَا تَعْلَمُونَ

Ma’nosi: “Ey, odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir[1]. U sizlarni faqatgina yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha’niga o‘zingiz bilmagan narsalarni gapirishingizga buyuradi”[2].

Bu oyatda Alloh taolo hazrati odamga dastavval chaqiriq qilib, ularni yer yuzida yashashga imkon berganini bildirdi. Bu bilan inson uchun hayotini halol-pok muhitda o‘tkazishga buyurib, shu asnoda ularga o‘z luqmalarini pokiza holda iste’mol qilishga buyurgan. Bu oyatni davomida kimki, halollik asosida yashamas ekan, albatta, u shubha va xaromning jar yoqasiga borishi aniq ekanligini ham o‘qtirib o‘tmoqda. Natijada, shaytonning qadam soyasiga ergashib qolish mumkin. Chunki, u insonni faqat yomonlik, xarom-xarij muhitga solib qo‘yadi.

Alloh taolo tomonidan bandalar uchun zarur ta’kidli amallar Qur’oni karim uslubiga ko‘ra takrorlanib keladi. Bu uslub esa o‘sha buyruq yoki qaytariqni o‘ta muhimligiga dalolat qiladi. Shular jumlasiga Moida surasining 88-oyati ham kiradi.

وَكُلُوا مِمَّا رَزَقَكُمُ اللَّهُ حَلَالًا طَيِّبًا وَاتَّقُوا اللَّهَ الَّذِي أَنْتُمْ بِهِ مُؤْمِنُونَ

Ma’nosi: “Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning halol va poklarini tanovul qilingiz va o‘zlaringiz imon keltirgan Allohdan qo‘rqingiz!”[3].

Aytib o‘tilganidek, bu oyatda ham Alloh taolo yuqoridagi oyatning mazmuniga hamohang ravishda insonni faqatgina hayoti davomida halol-pok umr o‘tkazishga buyurmoqda. Va yana Alloh taolo bergan rizqlardan pokizalarini tanlab tanovul qilib yashashga ham amr qilmoqda.

تُليَتْ هذه الآية عندَ رسول الله صلى الله عليه وسلم : يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الأَرْضِ حَلالاً طَيِّباً ..فقام سعد بن أبي وقاص فقال: يا رسول الله ادع الله أن يجعلني مستجاب الدعوة، فقال رسول الله صلى الله عليه وسلم: يا سعد أطب مطعمك تكن مستجاب الدعوة، والذي نفس محمد بيده إن العبد ليقذف اللقمة الحرام في جوفه ما يتقبل منه عمل أربعين يوماً، وأيما عبد نبت لحمه من سحت فالنار أولى به".

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh salllohu alayhi vasallamning huzurlarida qo‘yidagi oyat tilovat qilindi. Sa’d ibn Vaqqos roziyallohu anhu o‘rnilaridan turib aytdilar: “Ey Rasululloh sallollohu alayhi vasallam! Alloh mendan duoni ijobat qilishiga (haqqimga)duo qiling”. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Ey Sa’d! Oshqozoningni halol-pok tut, duo(ying)da ijobatli bo‘lasan. Muhammadning nafsi uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, banda xarom luqmani qorniga soladi. Undan qirq kun (mobaynida) amali qabul bo‘lmaydi. Qay bir bandaning go‘shti xaromdan unsa, olov unga loyiqroqdir”.

Halollik va poklik barcha kishilarga yashab turgan hayotida suv va havodek zarurdir. Hatto, kasb-kamolot tanlagan paytida ham avvalambor bu ishi qay darajada xalqqa, xususan, oilasiga nafi tegadi degan savolga javob bo‘lishi kerak. Shuningdek, qanday kasb-kamolot egasi bo‘lsin, jamiyat xizmatida ekan qonun-qoidalarga, ayniqsa, halollikka e’tiborda bo‘lishi Islom dini talab qilgan muhim narsalardan hisoblanadi. Zero, bu haqda hadisi shariflarda ham bir necha ko‘rsatmalar kelgan. Shulardan;

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ - رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ - قَال : قَال رَسُول اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَا تَصَدَّقَ أَحَدٌ بِصَدَقَةٍ مِنْ طَيِّبٍ ، وَلاَ يَقْبَل اللَّهُ إِلاَّ الطَّيِّبَ ، إِلاَّ أَخَذَهَا الرَّحْمَنُ بِيَمِينِهِ ، وَإِنْ كَانَتْ تَمْرَةً فَتَرْبُو فِي كَفِّ الرَّحْمَنِ حَتَّى تَكُونَ أَعْظَمَ مِنَ الْجَبَل ، كَمَا يُرَبِّي أَحَدُكُمْ فَلَوَّهُ أَوْ فَصِيلَهُ

Darhaqiqat, Islom dini kishini halol-pok molidan ehson va sovg‘alar qilishga chorlagan. Bu haqda Rasululloh sallollohu allayhi vasallam aytdilar: “Kimki halol-pok (molidan) sadaqa qilsa, faqat Alloh taolo halol-pokini qabul qiladi, Rahmon u (halol-pok ehson)ni o‘ng qo‘li bilan oladi. Garchi u bir xurmo bo‘lsa ham Rahmonning kaftida bo‘lib tog‘dan ham kattaroq bo‘ladi. Bu xuddi biringiz toychog‘i yoki (onadan ajragan) ulovini katta qilgandekdir”.

..يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ[4] ...

ثُمَّ ذَكَرَ الرَّجُل يُطِيل السَّفَرَ أَشْعَثَ أَغْبَرَ يَمُدُّ يَدَيْهِ إِلَى السَّمَاءِ يَا رَبِّ يَا رَبِّ ، وَمَطْعَمُهُ حَرَامٌ ، وَمَشْرَبُهُ حَرَامٌ ، وَمَلْبَسُهُ حَرَامٌ ، وَغُذِّيَ بِالْحَرَامِ ، فَأَنَّى يُسْتَجَابُ لِذَلِكَ. قَال النَّوَوِيُّ : وَهَذَا الْحَدِيثُ أَحَدُ الأَْحَادِيثِ الَّتِي هِيَ مِنْ قَوَاعِدِ الإِْسْلاَمِ وَمَبَانِي الأَْحْكَامِ . .

Nabiy sallollohu alayhi vasallam halollikka targ‘ib qiluvchi oyatlarni birma-bir tilovat qildilar. So‘ngra, Baqara surasining 172-oyatini tilovat qilib bir kishini (atrofdagilarga) eslab o‘tdilar. U uzun safarga chiqqan, sochlari to‘zigan va chang bosgan kishidir. Ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib: “Ey Robbim!, Ey Robbim! (deydi). Uning yemishi xarom(dan), ichimligi xarom(dan), kiyimi xarom(dan) va xarom bilan ozuqalangan. Buning sababidan qanday ham (duosi) ijobat bo‘lsin”. Imom Navaviy rahmatulloh alayh bu hadisi sharifni Islom qoidalaridan va axkomlaridan biri hisoblanadi deb aytadilar.

Kishi barcha narsalarda halollik va poklikni o‘ziga shior qilib olar ekan uning ibodati ham shukuhli va yaratganning iltifotiga sazovor bo‘ladi. Uning qiynalib bajargan amallarining savobi ziyodasi bilan ato etiladi. Bu haqda Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning so‘zlari bizlar uchun barcha amallarimizda katta ibrat bo‘la oladi.

أبي هريرة ، عن النَّبيِّ - صلى الله عليه وسلم - قال : إذا خرج الرجلُ حاجاً بنفقةٍ طيبةٍ ، ووضع رجله في الغَرْزِ فنادى : لبَّيْكَ اللهمَّ لبَّيكَ ، ناداه منادٍ من السَّماء : لبَّيْكَ وسَعْدَيك زادُك حلالٌ ، وراحلتك حلالٌ ، وحجك مبرورٌ غير مأزورٍ ،

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sallollohu aliayhi vasallamdan rivoyat qilib aytadilar: “U zot aytdilar: “Agar kishi halol-pok nafaqasi bilan hajga chiqsa, Muzdalifaga qadamini qo‘yib لبَّيْكَ اللهمَّ لبَّيك nido qilsa, osmondan bir nido qiluvchi nido qiladi: لبَّيْكَ وسَعْدَيك, yemishing halol, uloving halol, (ado etgan) haj amaling ko‘maksiz (ham) maqbul hajdir”[5].

قَدْ وَرَدَ فِي الْحَدِيثِ مِنْ قَوْلِهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : الْحَلاَل بَيِّنٌ ، وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ ، وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لاَ يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ ، فَمَنِ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ ، وَمَنْ وَقَعَ فِي الشُّبُهَاتِ كَرَاعٍ يَرْعَى حَوْل الْحِمَى يُوشِكُ أَنْ يُوَاقِعَهُ

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Halol ochiq-oydindir. Xarom ochiq-oydindir. Bu ikkovining orasidagilar shubha ostidadir. Ularni ko‘p insonlar bilmaydilar. Kimki, shubhalardan o‘zini saqlasa, dini va obro‘sini saqlabdi. Kimki, shubhalarga o‘ralashsa, taqiqlanagan (joy) atrofida o‘tlatyotgan cho‘pon kabi, uning domiga tushishiga oz qoladi”.

Ba’zilar tomonidan halollikka e’tibor beraman deb ba’zi narsalarni Qur’on va Sunnat halol sanagan narsaga xarom va shubha degan atamalarni ishlatib hatto fatvo berishgacha borishadi. Aslida bir narsani xarom yoki halolligi hujjat va dalil bilan bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida shunday bayon qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُحَرِّمُوا طَيِّبَاتِ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

Ma’nosi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi”[6].

So‘zimizning so‘ngida ibrat olishga haqli zotlarning halollik borasida farzandlariga qilgan o‘gitlari borasida to‘xtalib o‘tamiz. Ma’lumki, Islom tarixida oz muddat jamiyatni boshqarib, to qiyomatga davr so‘zlab tugatib bo‘lmaydigan darajada ibratomus hayot yo‘lini bosib o‘tgan shaxslardan biri Umar ibn Abdulaziz rahmatulloh alayhdir. U zot farzandlariga halollik haqida umrlarining so‘ngi damida shunday deb vasiyat qildi: “Ey farzandlarim! oldilaringizda ikki yo‘l bor. Biri, boy bo‘lasizlar-u, otalaringiz do‘zaxga kiradi. Yoki kambag‘al yashaysizlar-u, otalaringiz jannatga kiradi. Otangiz uchun sizlar boy holda yashab, u do‘zaxga kirganidan ko‘ra sizlar kambag‘al holda yashab, otalaringiz jannatga kirishi yaxshiroqdir. To‘g‘ri yashanglar. Alloh taolo sizlarni o‘z himoyasida asrasin”. Xalifaning so‘ngi so‘zlarining ma’nosi shu bo‘ldiki, inson hayotini halollik ustiga qurar ekan, dunyoda biroz qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘lsa ham oxirat maydonida rohat va farog‘atda bo‘lishi barhaqdir. Albatta, buning ta’siri o‘zi va kelajak avlodi va xonadoni uchun katta baxt saodat bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, inson hayoti davomida ikki yo‘lda bo‘ladi. Biri to‘g‘ri, biri so‘qmoq, biri halol va yana biri esa xarom. Umr davomida kishini juz’iy tanlash ixtiyori o‘zida ekan albatta, kam bo‘lsa ham halol bo‘lsin. Chunki halollik har doim baraka eshigini ochuvchi kalit hisoblangan.



[1] Shaytonning izlaridan ergashish deganda, uning inson qalbiga yo‘naltirgan vasvasalariga amal qilish, deb tushunish lozim.

[2] Baqara surasi, 168-169 oyatlar.

[3] Moida surasi, 88-oyat.

[4] Baqara surasi 172-oyat.

[5] Imom Tabaroniy rivoyati.

[6] Moida surasi, 87-oyat.


Kiritilgan vaqti: 15/11/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3615
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/halollik-umr-mazmuni-bolsin
Chop etilgan vaqti: 28/07/2021 10:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing