O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Halol mehnat ikki dunyo saodati

 
 

Xalqimizda mehnatdan kelsa boylik turmush bo‘lar chiroylik degan ajoyib maqol bor. Albatta mehnat kishini ulug‘laydi. Ammo mehnat qilish uchun ham kishida ilm, aqil, fahmu farosat bo‘lishi kerak. Alloh taolo Baqara surasining 172- oyatida “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!”-deb marhamat qilganlar. Demak mehnatimiz halollik asosida bo‘lishi va poklik mezonida o‘lchanishligi kerak ekan.

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak Odam (a.s) dehqonchilik, Idris (a.s) xattotlik, Nuh (a.s) durodgarlik, Dovud (a.s) esa temirchilik bilan shug‘ullanishgan. Payg‘ambarlar mehnat bilan shug‘ullanib bizlarga o‘rnak bo‘lgan ekan, bizlar ham o‘zimiz yoqtirgan kasbning ustasi bo‘lib, oilamizni halol pokiza rizq bilan boqishimiz kerak.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan xadisda Payg‘ambarimiz(s.a.v) shunday deganlar: “Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish maqsadida halol yo‘l orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiyomat kunida u Alloh taolaga yuzi to‘lin oydek yorug‘ bo‘lgan xolida yo‘liqadi”. Bu hadisi sharif har birimizning dasturul amalimiz bo‘lishi zarur.

Halol mehnat kishini ulug‘laydi va jannat tamon yetaklaydi. Tabaroniy rivoyat qilgan xadisda Payg‘ambarimiz(s.a.v) shunday marhamat qilganlar: “Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan harakatgina kafforat bo‘ladi”. Shunday ekan kelajagimiz bo‘lmish jondan aziz farzandlarimizga halol kasb hunar o‘rgatib, hech qachon o‘zgalarning xaqqiga ko‘z tikmaydigan, vatani, xalqi, dini uchun jon fido qiladigan ruhda tarbiya qilmog‘imiz lozim.

Bugungi kunda xorijga borib ishlashning xech keragi yo‘q. Halol mehnati bilan pul topib, oila tebratgan, ota-otasini muborak xaj safariga yuborayotgan farzandlarning son-sanog‘i yo‘q. O‘zbekistondek jannat makon yurtning farzandi bo‘lishdek baxtni teran anglagan holda, shunday yurtning qadriga yetib yashash xammamizga nasib etsin. Omin.


Kiritilgan vaqti: 25/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 33827
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/halol-mehnat-ikki-dunyo-saodati
Chop etilgan vaqti: 23/02/2024 06:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing