HAJDAN KEYINGI AMALLAR
Alloh taologa beadad hamd va shukronalar bo‘lsinki, hijriy 1440 yilning haj mavsumi tinchlik-xotirjamlikda nihoyasiga yetdi. Yurtimizdan muborak safarga borgan yetti mingdan ziyod hoji ota va hoji onalar islomning beshinchi ruknini ado etib, sog‘-omon yurtimizga qaytib keldilar. Haj mavsumi so‘ngidan yangi 1441 yilni ham qarshi oldik.
"Hoji" degan maqomga ega bo‘lish o‘z o‘rnida kishining zimmasiga ko‘plab mas'uliyat yuklaydi. Bu maqom sohiblari o‘zlarini munosib tutishlari va hayotlarining davomini pokiza o‘tkazishga intilishlari lozimdir. Zero, xalq ularning siymosida islom nomini ko‘radi. Shunga binoan, muborak haj amalini ado etib qaytganlar quyidagilarga e'tibor qaratishlari maqsadga muvofiq:
- Barcha amallarni ixlos bilan, Alloh roziligi uchun qilish. Haj qilishdan murod birinchi navbatda zimmadagi farz amalni bajarish va Allohning roziligini topishdir. "Hoji" degan nomga ega bo‘lish yoki odamlar orasida obro‘ qozonish uchun bu ibodat amalga oshirilmaydi. Shunday bo‘lgach, hajdan keyin ham har bitta ish Alloh roziligi va jamiyat foydasi uchun qilinadi. Bu haqda Qur'oni karimda: "Holbuki, faqat Allohgagina ibodat qilishga, Uning dinigagina ixlos qilishga buyurilgan edilar", ("Bayyina" surasi, 5-oyat) "Ayting: "Albatta, namozim, ibodatim va hayotu mamotim olamlar Rabbi bo‘lmish Alloh uchundi", ("An'om" surasi, 162-oyat) deyish bilan Allohga ixlos qilish va barcha ishlar Uning roziligi uchun bo‘lishiga buyurilgan.
- Duo, ibodat va yaxshiliklarni ko‘paytirish. Mabrur hajning belgilari bor. Haj qabul bo‘lganining alomati safardan qaytgandan keyin hojining duo va ibodatlarni, yaxshilik va muruvvat ishlarini ko‘paytirishidir. Hasan Basriydan "Mabrur haj nima?", deb so‘ralganda: "Hajdan dunyoga qiziqishing kamayib, oxiratga rag‘bating oshgan holda qaytmog‘ingdir", deb javob bergan ekan. Hoji yaxshiliklarni ko‘paytirish barobarida atrofdagilarni ham xayrli ishlarga undashi, gunoh ishlar, jinoyatlardan qaytarishi lozim.
Haj qilish davomida talbiya aytgan kishi hamisha va har joyda Allohning chaqirig‘iga labbay deb javob beraman, deb va'da beradi. Zero, talbiya "Labbay Senga Allohim, labbay! Senga labbay! Sening sheriging yo‘q, Senga labbay! Albatta, hamd ham, ne'mat ham, mulk ham Senikidir! Sening sheriging yo‘qdir!" ma'nosida bo‘lib, bu Allohim senga hamisha itoat qilaman, buyrug‘ingga bo‘ysinaman deganidir. Baytullohning oldida ehrom man qilgan ishlardan tiyilgan kishi shuni anglashi kerakki, endi hayoti davomida ham qaytarilgan ishlardan to‘liq qaytishga, gunohga sabab bo‘luvchi ishlardan saqlanishga mas'uldir. Bu Allohning hukmi bo‘lib, Qur'onda: "Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz!" ("Baqara" surasi, 187-oyat) deb ta'kidlangan.
- Taqvoni mahkam ushlash va istiqomat (dinda og‘ishmay, to‘g‘ri turish, toatda ustuvor bo‘lish). Alloh taolo haj haqidagi oyatlarda hojini robbisiga yaqinlashtiradigan bois "taqvo" ekanini eslatadi va ushbu oyatda hajning eng oliy maqsadi va foydasi taqvo hosil qilish ekaniga ishora qiladi: "(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir" ("Haj" surasi, 32-oyat), "Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas.Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar" ("Haj" surasi, 37-oyat)
Haj qilish asnosida mahkam tutish lozim bo‘lgan ushbu taqvo keyin ham hojining hayot yo‘li bo‘lmog‘i o‘ta muhim. Hajdan keyingi hayot dinning buyruqlariga to‘liq amal qilish va qaytariqlaridan to‘la qaytish ila sayqallanishi kerak. Oyatlarning birida: "....haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma'siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q", deyilgan bo‘lib, bu qaytariqlarga amal qilish barobarida nafsimiz ham tarbiyalanib boradi. Hadisda zikr etilgan "Mo‘min tahqirlovchi, la'natlovchi, fahsh so‘zlovchi va so‘kong‘ich bo‘lmaydi"(Imom Termiziy rivoyati) kabi sifatlar sohibi bo‘lamiz.
Istiqomat masalasiga kelsak, bu taqvodan keyin mahkam ushlash lozim bo‘lgan jihatdir. Hadisda aytilishicha, Sufyon ibn Abdulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: " Yo Rasululloh, menga islomdagi bir so‘zni aytingki, Sizdan boshqa birortasidan uni so‘rashimga hojat qolmasin”, dedi. Shunda u zot: " Allohga imon keltirdim, deb ayt va so‘ngra istiqomatda bo‘l”, dedilar"(Imom Muslim rivoyati). Hasan Basriy istiqomatni “Allohning buyruqlarida istiqomat qilganlar Uning toati yo‘lida amal qilganlar, Unga gunoh qilishdan saqlanganlardir”, deb sharhlagan. Shu boshqa tariflarni umumiylashtirib istiqomatni Allohga hech bir narsani sherik qilmaslik, amallarning xolis Alloh uchun bo‘lishi, solih amallarda bardavom bo‘lish, gunohdan saqlanish, deb tushinish mumkin. Istiqomatda turishning mukofoti jannat bo‘lib, bu haqda Qur'onda "Albatta: "Rabbimiz – Alloh", – deb so‘ngra to‘g‘ri bo‘lgan zotlar huzuriga (o‘lim paytida) farishtalar tushib (derlar): "Qo‘rqmangiz va g‘amgin ham bo‘lmangiz! Sizlarga va'da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaningiz!", deb mujda berilgan.
- Davomiy shukr. Alloh taolo haj va qurbonlik qilish haqidagi oyatlarda shukrga alohida urg‘u berib, "Shukr qilishingiz uchun Biz ularni (chorva mollarini) sizlarga buysundirib qo‘ydik", ("Haj" surasi, 36-oyat) degan. Ulamolarimiz esa ibodatning shukri yana shuncha ibodat qilish bilan bo‘ladi, deganlar. Ya'ni, Alloh bizga bir ibodatni ne'mat o‘laroq nasib qilsa, uning shukri uchun biz yana ibodatda bardavom bo‘lishimiz kerak.
Hajning shukri namoz, ro‘za, zakot, nafl ibodatlar, sadaqalar, silai rahm, kishilarga g‘amxo‘rlik qilish, yosh avlod tarbiyasi, tinchlik-xotirjamlik uchun kurashish singari ishlar bilan ado bo‘ladi. Negaki shukr faqat tilda emas, balki amaliy harakat hosilasidir. Bu Qur'onda "(Ey) Dovud oilasi! (bu ne'matlarning) shukronasi uchun amal (ibodat) qilingiz! Bandalarim orasida (Allohga) shukr qiluvchisi ozdir", deyish bilan ifodalangan.
- Xulq va fe'l-atvorda hajning ta'sirini saqlab qolish. Ma'lumki barcha ibodatlar inson va jamiyatni tarbiyalash uchun joriy etilgan. Shu qatorda haj ham kishining nafsida axloq ko‘chatlarini o‘tqazadi. "Baqara" surasining 197 oyatida "Haj (mavsumi uchun) ma'lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma'siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q", deyilgan. Xotinga yaqinlashishning ta'qiqlanishi ehrom holatiga taalluqli bo‘lib, gunoh-ma'siyat va janjal hamisha va hamma vaqt mutlaq ta'qiqlangan. Kishi namoz o‘qib, ro‘za tutsa, zakot bersa va haj qilsada badxulqligicha qolaversa, o‘zgalar bilan yomon munosabatda bo‘lsa, bu uning ibodatlari qalbiga o‘rnashmaganining alomatidir. Haqiqiy ibodat kishining hayot tarzi, xulqi, boshqalar bilan munosabatini yaxshi tarafga burgan ibodatdir.
- Duo, zikr va ibodatda bardavom bo‘lish. Har bir ibodatdan so‘ng undagi nuqsonlar o‘rnini to‘ldirish uchun zikrlarga buyurilganmiz. Xuddi shuningdek haj tugagandan keyin ham duo, zikr va ibodatda bardavom bo‘lish lozim. Bu ham Qur'oni karim ta'limoti bo‘lib, jumladan shunday deyiladi: "(Hajga oid) ibodatlaringizdan forig‘ bo‘lganingizdan keyin Allohni go‘yo ota-bobolaringizni (madhiyalar bilan) yod etganlaringizdek, balki undan ham ziyodroq yod etingiz!" ("Baqara" surasi, 200 oyat). Haj mavsumi tugadi, hojilar yurtlariga qaytdilar. Oyatda ta'kidlaganidek, endi Allohni ko‘p eslash, duo va ibodatlarga mustaqim turish kerak.
Barchamiz ko‘rib, go‘voh bo‘lganimizdek, xalq orasida hojilarning hurmati yuqori. Ulardan duo olish, nasihat eshitish, ma'raka-marosimlarni ularning boshchiligida qilishga hamisha intilib kelamiz. Negaki ular ehromda turib arofotda bandalikni to‘kis qilish haqida Allohga va'da berganlar, baytullohni tavof qilib barcha gunohlariga tavba qilganlar. Hadisda "Kim Baytullohni haj qilsa, (unda) axloqsiz so‘zlarni gapirmasa va fisq-fujur ishlarni qilmasa, xuddi onasi uni tuqqan kundagi kabi (barcha) gunohlardan poklanib qaytadi", (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deyilgan. Hojilar ana shunday oliy maqomga erishib qaytganlar. Shunday ekan, keyingi hayotlarini ham ushbu maqomga mos tarzda o‘tkazadigan bo‘lsalar, dunyoda azizlik, oxiratda sharafga loyiq bo‘ladilar.
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 05/09/2019 12:11; Ko‘rilganligi: 1852
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 21:39