O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Gigenaga Islomning munosabati

 
 

Aziz birodarlar, Alloh taolo sizu bizga poklikni sevishini sifatlab shunday deydi:

فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ

“Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan erlar bor. Alloh poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi”. Tavba surasi 108-oyat

Islom dini sog‘liqni saqlash, tozalikka rioya etishga juda katta ahamiyat bergan. Musulmonchiligimizning qaysi bir kitobini ochmasangiz, xoh u hadis bo‘lsin, xoh u fiqhiy-shar'iy hukmlar bo‘lsin birinchi bo‘lib “Poklik” mavzusiga ko‘zingiz tushadi. Faqatgina bizning dinimizda, Islom dinida tozalik ibodat darajasiga chiqqan. Qaysi bir ish bo‘lmasin, dunyodagi hayot turmushimizning dunyovi ishlari yoki ibodatlarimiz bo‘lmasin, barchasi poklik bilan amalga oshadi. Buni hozirgi fan tilida “gigiyena” deyiladi.

Yuqorida zikr etilgan oyat va tozalik borasida aytadigan hadislarimiz bularning barchasi poklikka – gigiyenaga rioya qilishga undaydigan bir omildir. Shuning uchun Rasululloh s.a.v. shunday marhamat qilganlar:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم الطهور شطر الإيمان

“Poklik iymonning yarmidir”.

Demak, biz iymonli mo‘min bandalar ekanmizmi, poklikka rioya qilishimiz lozimdir. Tozalik bu iymonimizning yarmi ekan, poklik bu dinimizning yarmi ekan. Tozalik-ozodalik bo‘lmasa, hech bir ibodat maqbul emas, qolaversa, sog‘lig‘imizga ham zarardir.

Rasululloh s.a.v. dedilar: “Taomning barakasi undan oldin ikki qo‘lni yuvmoqdir va undan keyin ikki qo‘lni yuvmoqdir”. Ushbu hadislar bilan Islom madaniyatimiz qanchalar yuksak ekanligini anglashimiz mumkin.

Bu esa shaxsiy gigiyenaning bir ko‘rinishi, ya'ni inson nafas olganda kislorod yutib, nafas chiqarganda karbonat angidrid va shu bilan har xil mikroblar chiqadi. Shu sababdan Rasululloh s.a.v. ichimlikka puflash yoki ichiga nafas olishdan qaytardilar.

 Jobir r.a. Rasululloh s.a.v.ni bunday deganlarini eshitibdilar: “Idishlarning ustini yoping, meshkoblarning og‘zini bog‘lang. Chunki yilda bir kecha bor, unda vabo tushadi. Yopqichi yo‘q idish, bog‘ichi yo‘q meshkob oldidan o‘tganda o‘sha vabodan, alabatta, ularga tushadi”, dedilar.

Bu hadisi sharifda hozirgi meditsina ilmlari tasdiqlagan va qat'iyat bilan amal qilayotgan oziq-ovqatlar orqali, ularga tushgan mikroblar orqali turli kasalliklar, bemorliklar, vabolar tarqalishi mumkin ekanligi ta'kidlanmoqda.

      Islom dini poklikni har birimizga ibodat qilib, iymonning yarmiga tenglashtirib qo‘ygani va ibodat nopok holda qabul qilinmasligi bejiz emasligi xaqida tushuntiradi.

Muhtaram azizlar, Islom madaniyati buyuk xazora, yuksak madaniyat ekanligini  yaxshi anglab olaylik.

Buning yaqqol dalili, hozir biz bilgan, eshitgan hadis shariflardagi birgina shaxsiy ozodalik, gigiyena, poklik misolida bilib olishimiz mumkinki, bizning dinimiz, Islom dini naqadar eng to‘g‘ri din ekanligini, insoniyatni poklikka olib boruvchi va faqat bashariyatning foydasi uchun xizmat qilishini va eng avvalo bu din BUYUK VA QUDRATLI BO‘LGAN YARATUVCHIMIZNING haq dini ekanligini bilib olishimiz kerak.

Abdumannon Murodov

- Bulung‘ur tumani “Olomon” masjidi imom xatibi    


Kiritilgan vaqti: 09/04/2020 11:38;   Ko‘rilganligi: 2960
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/gigenaga-islomning-munosabati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing