O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Fitna paytida nima qilish kerak?

 
 

Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Fitnalar paytida ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish mening huzurimga hijrat qilish bilan teng" (Imom Muslim rivoyati).

Haqiqatdan, hozir biz yashayotgan davr xuddi tun zulmati kabi bostirib keladigan turli xil muammolarga to‘lib ketdi. Lekin xuddi shu muammolar ichida ham — bizdan oldin bo‘lganidek va bizdan keyin ham davom etadiganidek — undan foydalanib qolishni xohlaganlar uchun bir ilohiy nur bor. Kim bu nurga intiladigan bo‘lsa, hayotida muammolarga duch kelganida o‘zini Alloh Taolo oldida qanday tutishi kerakligini biladi. Nurga bo‘lgan bu intilish Allohning payg‘ambari, bashariyat sayyidi Muhammad alayhissalom risolatiga tayanadi. Bu yo‘lda malomatchilarning malomatlariga qaralmaydi. Ayni paytda bunda Alloh subhanahu va ta’oloning yetuk hikmati ham bor. Kim bu nurdan bahramand bo‘lsa, uning hayoti yaxshilik va salohiyatga boy bo‘ladi, Robbisining roziligi va amallarini qabul qilishiga erishadi. U muvaffaqiyatlar qozonib boraveradi va oxir-oqibatda ham g‘oliblardan bo‘ladi… Insha Alloh.

"Fitna" so‘zi arab lug‘atida "sinov, imtihon" ma’nosiga ega. Arablarda ma’danni o‘tga solib, sinab ko‘rish "fitna" deyiladi. Istilohda kishilarni dindan qaytarish, dinga qarshi harakatga chorlash fitna sanaladi. Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir. Ma’naviy sohada insonning imon-e’tiqodi, shariatga amal qilishi, uning insoniy fazilatlari ro‘yobga chiqishiga to‘g‘anoq yoki sinov bo‘ladigan barcha narsalar ham fitna hisoblanadi.

Bugungi kunga kelib butun dunyoda fitnalar ko‘paydi, ularning mohiyati o‘zgardi, qiyofasi boshqacha tus oldi. Jahondagi yovuz kuchlar musulmonlar birligiga putur yetkazish, parokandalik keltirib chiqarish maqsadida ular o‘rtasida fisq-fasod, fitna va buzuq e’tiqodlarni yoyishga urinmoqda. Ular buzg‘unchi tashkilotlar yoki ma’lum doiralar manfaati yo‘lida din niqobidan foydalanib, hamma yerda fasod urug‘ini sochishmoqda. Mamlakatimiz musulmonlari ham bu xatarli fitnalar tahlikasidan omonda qolishayotgani yo‘q. Mustaqillikdan so‘ng turli buzg‘unchi firqa va oqimlarning musulmonlarimiz birligi va e’tiqodi musaffoligiga qarshi qaratilgan xuruji bo‘ldi, turli terrorchilik va buzg‘unchilik harakatlari ham sodir etildi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida bugun dunyoda bo‘layotgan va bo‘ladigan turli xil fitnalardan ogohlantirgan edilar. Ahmad "Musnad"da, Abu Dovud va Ibni Moja "Sunan"da, Hokim "Mustadrak"da Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilgan: "Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

"Qiyomatdan oldin qorong‘u kechaning bir vaqti kabi (haqni nohaqdan ajratish qiyin) fitnalar bo‘ladi. U fitnalarda kishi mo‘min bo‘lib tong ottirib, kechga kofir bo‘lib kiradi. Kofir bo‘lib tong ottirib, kechga mo‘min bo‘lib kiradi. U fitnalarda ishtirok etmay o‘tirgan kishi ishtirok etib turgan kishidan afzaldir. U fitnalarda ishtirok etib turgan kishi esa harakat qilgan kishidan afzaldir. U fitnalarda harakat qilgan kishi esa yelib-yugurgan kishidan afzaldir. U (fitnalar) vaqtida kamonlaringizni sindiringlar va uning ilinadigan yerlarini ham maydalab tashlanglar va qilichlaringni toshga uringlar! (Toki bu qurollar fitnalarga xizmat qilmasin) Agar birortalaringizning uyingizga bostirib kirilsa, Odam alayhissalomning ikki o‘g‘lining yaxshirog‘i (Hobil)dek bo‘lsin!"

Boshqa bir rivoyatda esa: "...Kim u fitnalarga yuzlansa, fitnalar u kishini qarshi oladi. Kim u paytda qochar joy yoki pana topsa, o‘sha yerda panohlansin", deyilgan.

Bu nasihatdan ham boshqa yaxshi nasihat bormi?

Bundan ham tushunarli boshqa ma’no bo‘lishi mumkinmi?

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlar orasida eng dovyurak va eng mo‘tabar kishi bo‘lganlar. Zero, ul zot ummatni fidoyi bo‘lishga, Alloh yo‘lida va faqat Alloh uchun o‘z hayoti-yu, bor bisotini pok maqsad-la, pok qalb bilan, ixlos-la fido etishga o‘rgatgan! U zot bizlarni ogohlantirib, aytadilarki:

"Hali fitnalar bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar! Undan keyin shunaqa fitna bo‘ladiki, u fitnaga umuman aralashmay yotgan kishi o‘tirgan kishidan yaxshidir. O‘tirgan kishi esa u fitnada ishtirok etib turgan kishidan yaxshi. U fitnalarda ishtirok etib turgan kishi esa harakat qilib yurgan kishidan afzaldir. U fitnalarda harakat qilgan kishi esa yelib‑yugurgan kishidan afzaldir. Agar shunday fitna odamlarning boshiga tushganda, kimning tuyasi bo‘lsa, tuyasi ortidan (fitnadan yiroq bo‘lib, tuyasiga qarab) ketsin. Kimning qo‘yi bo‘lsa, qo‘yi ortidan (fitnadan yiroq bo‘lib, qo‘yiga qarab) ketsin. Kimning yeri bo‘lsa, (fitnadan yiroq bo‘lib) yeriga borsin (dehqonchiligini qilsin). Kimda bu narsalar bo‘lmasa, qilichini olib, tig‘ini toshga urib (qilichini yaroqsiz holga keltirsin) va bu fitnaga aralashmaslik qo‘lidan kelsa, aralashmasin. Allohim, yetkazdimmi! Allohim, yetkazdimmi! (O‘zing guvoh bo‘l!)" (Muslim, Ahmad "Musnad"da, Abu Dovud).

Rasululloh sallallohu alayhi vassalomdan ushbu ma’noda rivoyat qilingan boshqa hadislar ham bor:

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Odamlar Rasululloh sallallohu alayhi vassalamdan yaxshilik haqida so‘rar edilar. Men o‘zimga yetib qolmasin deb xavfsirab yomonlik haqida so‘rar edim. Bas, u zotga:

"Ey Allohning Rasuli! Albatta, biz johiliyatda va yomonlikda edik. Bas, Alloh bizga ushbu yaxshilikni keltirdi. Ushbu yaxshilikdan keyin yomonlik bormi?" dedim.

"Ha", dedilar.

"O‘sha yomonlikdan keyin yana yaxshilik bormi?" dedim.

"Ha. Uning tutini ham bor", dedilar.

"Uning tutini nedir?" dedim.

"Hidoyatsiz yo‘l boshlaydigan qavmdir. Ulardan (ba’zi narsalarini) yoqtirasan va (ba’zi narsalarni) inkor qilasan", dedilar.

"O‘sha yaxshilikdan keyin yomonlik bormi?" dedim.

"Ha. Jahannam eshigida turgan da’vatchilar. Ularga kim ijobat qilsa, uning ichiga otirlar", dedilar.

"Ey, Allohning Rasuli, ularni bizga sifatlab bering", dedim.

"Ular o‘zimizning qavmdandir. O‘zimizning tilimizda gapiradilar", dedilar.

"O‘sha narsa menga yetsa. nima qilishimga amr qilasiz?" dedim.

"Musulmonlar jamoasini va ularning imomini lozim tutasan", dedilar.

"Agar ularning jamoati ham, imomi ham bo‘lmasa-chi?!" dedim.

"O‘sha firqalarning barchasidan chetda bo‘l, daraxtning tomirini tishlab bo‘lsa ham. Senga o‘lim kelganda ham o‘sha holda bo‘lishga harakat qil", dedilar".

Bu hadisni Buxoriy, Muslim va boshqa muhaddislar rivoyat qilishgan. Barcha fitnalardan himoya va mustahkam qa’la bu – Rasululloh sallallohu alayhi vassalom sunnatidir.

Jamiyatdagi insonlar o‘rtasida fitnalar, kelishmovchiliklar sodir bo‘lganda nima qilish kerakligi haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Ayni holat — fitnalarning ko‘payishi biz yashayotgan davr ekaniga shubha yo‘q. Fitna barcha zamonlarda bo‘lib kelgan, biroq bugungi kundagisidek og‘iri tarixda o‘tmagan bo‘lsa kerak. Odamlar o‘rtasida hal qilinmay qolib ketgan muammolar bugungi kungacha yetib kelgani va hozir ham davom etayotganiga e’tibor bering.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: "Atrofingni ahdga vafo qilmaydigan, ishonchni oqlamaydigan va bir-biriga qarshi bo‘ladigan odamlar qurshab olganida ahvoling ne kechar ekan? Ularning holi mana bundaydir" - shunday deb barmoqlarini kirishtirdilar. Sahoba javob berdi: "Alloh va Uning Rasuli yaxshiroq biladi". U zot: "Ilmingga qarab ish tut. Bilmagan narsangni tark qil. Dinda o‘zgaruvchanlikdan chetlan. O‘zingga mahkam bo‘l va qolganlarning ishiga aralashma".

Ishonchli manbalarda zikr qilinishicha, ushbu ummatning balosi, fojeasi shuki, dinlarini payg‘ambarlardan emas, balki o‘z nafsiga ergashib, u yoki bu qarashlarga tarafkashlik qilib o‘z "shayx"laridan o‘rganishar ekan. Alloh o‘zi saqlasin. Fitnalar haqida, "masjidlar barpo qilinadi, biroq ularda ilohiy nur va nasihatlar bo‘lmaydi va o‘sha davr ulamolari fitna boshida turishadi", degan ma’noda rivoyatlar bor. (Tabaroniy rivoyatining ma’nosi)

Ayollarni "nikoh bilan jihod" qilishga chiqiradigan yangi "ulamo"lar ham paydo bo‘lmoqda. Demak, haqiqiy ulamolarni soxtasidan ajrata bilishimiz ham kerak. Ma’lumki, din bu nasihatdir, samimiyatdir. Jamiyatdagi eng yaxshi kishilar (ulamolar) nasihat qiladilar va biz bunday nasihatlarni qabul qilishimiz kerak. Shundagina dunyoning turli chekkalaridagi "g‘amxo‘r" g‘ayridinlar aralashuvi bilan sodir bo‘layotgan qiyin holat, vaziyatlardan chiqib ketishimiz mumkin. Ya’ni bunday fitnalar davrida har kim o‘z o‘rnini bilishi kerak bo‘ladi. Haqni bilgan va haqda turgan ulamolar xalqqa haqni ko‘rsatib, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydilar. Haqni bilganlaridan keyin haqqa ergashish vojib bo‘ladi, aksincha bo‘lsa, fitna qurboniga aylanib ketish ehtimoli oshadi.

Xullas, insoniyat bugungi kunda g‘oyaviy kurashlar, ma’naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo‘ravon g‘oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o‘yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg‘unchiliklar, axloqsizlik va ma’naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan hushyor va ogoh bo‘lishlari, do‘st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g‘animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g‘arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo‘q.

Alloh taolo oshkoru botin fitnalardan asrasin. O‘zi bizga ofiyat-omonlik ato etsin. Alloh bizga kifoya va U naqadar yaxshi kifoya qilguvchidir!

Ba’zi ma’lumotlar asosida

Abu Muslim tayyorladi

"www.info.islom.uz" dan


Kiritilgan vaqti: 06/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 5566
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/fitna-paytida-nima-qilish-kerak
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 07:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing