O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Фиқҳ

Imomi A'zam nega o‘z o‘g‘lini imomlikdan chetlatdi?

 
 

Imom Abu Hanifaning “Fiqhi Akbar” kitobi sharhida shunday rivoyat naql qilinadi. Bir kuni odamlar Imomi A'zamning o‘g‘li Hammodni namoz o‘qib berishi uchun oldingi safga chiqaradilar. Buni ko‘rib qolgan Abu Hanifa o‘g‘lining kiyimidan tortib, imomlikka o‘tishiga qarshilik ko‘rsatadilar. Namozni esa boshqa birov o‘qib berishiga ruxsat beradilar.

Bundan biroz noqulay holatga tushgan o‘g‘li Hammod otasiga:

– Meni xijolatga qo‘ydingiz, ota, – deydi.

– Buni atayin, bilib qildim. Kimdir meni sening orqangda turganimni bilib qolib, namozlaringizni qayta o‘qing desa nima bo‘lardi? Keyin bu holat kitoblarga yozilib, qiyomatgacha odamlarning og‘zidan tushmasdi, – deydi Imom o‘g‘liga. 

Ulamolarimiz o‘g‘il otasiga nisbatan hur emasdir deydilar. Otasi har qancha johil bo‘lsa-da, o‘g‘li har qancha olim bo‘lishiga qaramay, otasi o‘g‘liga nisbatan ustun bo‘ladi. Suv olib kelmoqchi bo‘lganida, o‘g‘li har qancha olim bo‘lmasin, johil otasiga suv keltirib beradi. O‘g‘li xato qilsa ham xato qilmasa ham otasining unga dashnom berishiga haqqi bor deyiladi. Sen nima uchun bolangga qattiq gapirding deb aytilmaydi. Otasi xato qilsa o‘g‘li otasiga achchiqlansa, o‘g‘lining o‘zi aybdor bo‘lib qoladi. Masalan, bir odamning olim bo‘lgan o‘g‘li ko‘p kishilarga o‘tirib dars berib turgan bo‘lsa, otasi kelib qolsa, ma'ruzasini to‘xtatib, o‘rnidan turib, otasiga peshvoz chiqadi va hurmat ko‘rsatishi lozim. Agar shunday qilmasa uning olimligi qolmaydi. Agar bu darsga boshqa olimlar kelib qolsalar va'zini davom ettirishi mumkin. Ma'ruzasidan keyin hurmat va iltfotda bo‘ladi

Shundan kelib chiqib, farzand hurmati hammadan oldinda turadigan otasiga ham imomlik qila olmaydi deydilar ulamolarimiz. Bu xuddi johil odam atayin bilib turib, olimning ilmi sabab oldiga o‘tib imomlik qilishi kabidir deyilgan.

Agar shunday zarurat bo‘lib qolsa, “Men o‘g‘limga oldimga o‘tib, imomlik qilishiga ruxsat berdim” demasdan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamnnig “Otasi farzandiga payg‘ambar kabidir” (“Ramuz-ul Ahodis”, 2619-hadis) degan hadislariga muvofiq, ota o‘g‘li nazdidagi mavqei va darajasini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon etganlaridek ma'lum qilgan holda, keyin o‘g‘liga imomlikka o‘tishga ruxsat beriladi deyiladi.

Shuning uchun ham ulamolarimiz o‘g‘il otasi nazdida hur emas, balki xizmatchiga o‘xshaydi deganlar. Huzur bilan namoz o‘qib turgan vaqtida esiga otasi kelib qolishi mumkin yoki ota-onasi chaqirib qolishlari mumkin. Vaysal Qaroni yuksak darajaga onasining so‘zlariga itoati sabab erishdi. Onasiga bergan va'dasiga muvofiq, oylab yo‘l bosib borganiga qaramay sevimli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridan, U zotni ko‘rmasdan ortiga qaytadi. Agar Vaysal Qaroniyning ota-onasi unga jamoat bo‘lsalar, u imomlikka o‘tgan bo‘larmidi? Albatta yo‘q. Qolaversa, uning

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishdan voz kechishi, onasining “u yerlarda aylanib yurmasdan” tezda ortingga qaytgin” degan so‘zlariga itoat etishining natijasi edi. (bu rivoyat quyiroqda batafsil naql qilinadi) 

Islom olimlaridan bo‘lgan Ibn Shurayh rahmatullohi alayh talabalariga masjidda ta'lim berib turganlarida onalari kelib: “O‘rningdan tur! Tovuqlarga don ber!” desalar, darhol onalariga itoat qilib, darsni tark etib huzurlariga borar ekanlar. “Onajon uzr, men dars beryapman, birozdan keyin bajaraman, hozir vaqtim yo‘qroq edi, keyinroq qilaman...” degan vajlarni qilmaganlar. 

Aslida ota-onaga xizmat va yaxshilik qilishda farzand o‘zini qanday tutishi kerakligini, mana shu azizlarning hayotlarini o‘rganib, bilib olishimiz lozim. O‘tmishdagi olimu fuzalolarimiz, azizlarimizning holi hayoti har birimiz uchun yetarlicha dars bo‘lishi darkor.

Manba : Azon.uz


Kiritilgan vaqti: 05/03/2020 14:46;   Ko‘rilganligi: 343
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/fiqh/imomi-azam-nega-oz-oglini-imomlikdan-chetlatdi
Chop etilgan vaqti: 27/09/2020 07:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing