O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Фиқҳ

Abu Hanifaning yetuk shogirdi

 
 

Buyuk imom Abu Hanifa rahimahulloh o‘zidan katta ilmiy meros qoldirgan. Ustozi Hammod ibn Sulaymondan keyin ilmiy majlislarga o‘zi bosh bo‘ldi. Imomning shogirdlarining adadi ko‘p bo‘lib, ular yetmishdan ziyod edi. U zot shogidlariga mehribon edilar. Nafaqat ilm o‘rgatibgina qolmay ularga odob-axloq, ulamolar, ulug‘lar va oddiy xalq  bilan qanday muomalada bo‘lishni ham o‘rgatib borar edilar.

Abu Hanifaning o‘zi ustozi Hammodga beqiyos ehtirom ko‘rsatar edi. Ustozining uyiga borganida o‘zi chiqqunicha kutar edi. O‘zining uyida bo‘lganida ham ustozining uyi tomonga oyoq uzatmasdi. Vaholanki, u bilan ustozining uyi orasida yettita ko‘cha bor edi. Abu Hanifaning shogirdlaridan yetuk olimlar yetishib chiqib, Hanafiy mazhabining dunyoga keng yoyilishiga shogirdlarining xizmatlari  beqiyos bo‘ldi. U zot shogirdlariga ixlos bilan ta'lim berib “Siz mening qalbim quvonchi, g‘amlarim arituvchisiz” der edi.

Shunday buyuk ustozdan yetuk shogirdlar yetishib, ular mujtahid darajasiga yetdilar. Ular ichida eng olimi, Abu Hanifaga suyukligi Abu Yusuf edi. Abu Yusuf u zotning kunyasi bo‘lib, to‘liq ismi –  Abu Yusuf Ya'qub ibn Ibrohim ibn Habibdir. U hijriy 113 yilda Kufada  dunyoga kelib, ona shahrida voyaga yetdi va u joyda ilm o‘rganib, ulug‘ maqomga erishdi. Abu Yusuf onasi bilan faqirona hayot kechirar edi. U yoshligidan nihoyatda ziyrak, ilmni yaxshi ko‘radigan, qobilyatli yigit edi. Abu Hanifaning ilm majlislariga borib, ilm o‘rganishni boshlaganidan keyin Abu Hanifa Abu Yusuf va uning oilasiga g‘amxo‘rlik qila boshladi. Abu Yusuf Abu Hanifaga nafaqat shogirdi balki o‘g‘lidek bo‘lib qolgan edi. Ustozi uning ilmga chanqoqligini va zukkoligini bilib, ilmiy majlislarning kotibi qilib tayinladi.

Abu Hanifaning yana bir yetuk shogirdlaridan biri Zufar ibn Zuxayl bo‘lib Abu Yusuf bilan ko‘p ilmiy bahs-munozara qilar edi. Abu Hanifaning o‘g‘li Hammod otasining o‘ng tomonida Abu Yusuf chap tomonida esa Zufar o‘tirib, ilmiy bahsu munozara qilayotganlarini ko‘p ko‘rganini rivoyat qiladi. Qachonki, Abu Yusuf bir so‘z aytsa Zufar uni rad qilar, Zufar bir bir so‘z aytsa Abu Yusuf rad qilardi. Ularning bahsu munozarasi bomdod namozidan keyin boshlanib peshin namozigacha davom etardi. Abu Hanifa bu ikki shogirdining ilmiy salohiyatiga xursand bo‘lib, kuzatib tarardi. Muazzin peshin namoziga azon aytganida Abu Hanifa Zufarni soniga asta urib quydida “Abu Yusuf bor shaharda ilmda yetakchilikka umid qilinmaydi” dedi. Bu so‘z bilan Abu Yusufni g‘olibligiga ishora qilgan edi.

Abu Hanifaning vasiyatlaridan biri alohida Abu Yusufga aytilgan bo‘lib, har birimizga dars bo‘lishi lozim. Vasiyatda aytiladi “Sen o‘z shogirdlaringga o‘g‘ling va farzandlaringdek e'tiborli bo‘l. Ularning ilmga rag‘batini ziyoda qil, kimki sen bilan insonlar orasida bahslashmoqchi bo‘lsa, sen u bilan bahslashma. Chunki, bu narsa seni yuzingni suvini ketkazadi. Kimni oldida bo‘lsang xaqiqatni aytishdan uyalma”. Xalifa Xorun ar-Rashid o‘z davlatida birinchi qozilik lavozimini joriy qilib unga Abu Yusufni tayinladi, hatto Abu Yusuf “Qozilar qozisi” nomini oldi. Abu  Hanifa vafotidan keyin u zotning ilmiy majlisiga Abu Yusuf boshchilik qila boshladi.

Ulamolar aytadilar: Xaqiqatda “Fiqh usullariga Abu Hanifa asos solgan bo‘lsada, Hanafiy fiqh usullarini keng yoyilishiga katta hissa qo‘shib, u xaqda asarlar yozgan Abu Yusufdir”.

Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining 92% ahli sunna valjamoa yo‘nalishida bo‘lib, ularning 47% Hanafiylardir. Hanafiy mazhabining keng yoyilishiga bir qancha sabablar bo‘lib, ularning asosiysi uchtadir:

Birinchi: Abu Hanifaning shogirdlari ko‘pligi;

Ikkinchi: Shogirdlarining shogirdlari ko‘pligi;

Uchinchi: Hanafiy mazhabi Abbosiylar davrida rasmiy mazhab deb e'tirof etilishi.

Abu Yusuf juda ko‘p asarlar yozgan bo‘lib, ularda o‘zining va ustozining qarashlarini keltirib o‘tgan. Abu Yusuf ustozi Abu Hanifa vafotidan o‘ttiz ikki yildan so‘ng 182 hijriy yilda vafot etadi.                  

       

Mansur RABBIMOV, Ishtixon tuman “Zarband” jome masjidi  imom xatibi

Doktor Toriq Muhammad Suvaydanning “Abu Hanifa na-Nu'mon” kitob asosida tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 26/09/2019 12:52;   Ko‘rilganligi: 2460
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/fiqh/abu-hanifaning-etuk-shogirdi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 21:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing