O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Farzand ixlosining asosi - onaning niyatidir

 
 

Biror oilada xislatli bir farzand tug‘ilib qolsa, hamma o‘sha oilaga havas qiladi. Lekin o‘sha xislatli farzand nega aynan o‘sha oilada tug‘ildi? Undan boshqa boy, qudratli, fazilatli oilalar ham ko‘p-ku!..

Tarix zarvaraqlarini sinchiklab sahifalasangiz, ularda bayon qilingan voqea-hodisalarni ijikilab o‘rgansangiz xislatli-fazilatli farzandlarning manbasi ONA ekaniga yana bir karra guvoh bo‘lasiz.

Binobarin, Sarvari koinotimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning muhtarama onalari – Omina onamiz eng pokiza, eng taqvodor, Alloh taoloni eng yaxshi ko‘rgan ayol bo‘lganidan xabarimiz bor. Shunday bo‘lmaganida u payg‘ambarimizni dunyoga keltirish sharafiga muyassar bo‘la olarmidi? Zero, payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari: “Men onamning tushiman”, deb marhamat qilganlar.

Shuningdek, Alloh taolo Qur’oni karimda bir necha soliha ayollarni zikr etib ularning go‘zal xulqlarini bizga o‘rnak qilib ko‘rsatgan. Rabbimiz ayolmi yo erkakmi – jamiki insonlar bajargan solih amallariga qarab savob olishining xabarini bergan:

“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgani holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasining 97-oyati)".

Albatta, erkaklar yaratilishiga ko‘ra ayollardan quvvatli, faol va boshqa imkoniyatlarga egadir. Shu sababdan ular kuchlarini savobli ishlarga sarflab yanada ko‘proq savob olishga erishadi. Ammo xotinlar ham o‘z zimmalariga tushgan vazifalarni ixlos bilan bajara olsa, Alloh taolo ularning ajr-mukofotini ham ziyoda qilib beradi.

Rabbimiz bir oyati karimda:

”Albatta, Men sizlardan amal qiluvchining – xoh erkak bo‘lsin va xoh ayol bo‘lsin, biridan-birining amalini zoye qilmasman” (Oli Imron surasining 195-oyati).

Alloh taoloning nazdida eng ahamiyatli bo‘lgani – amalning kattaligi emas, ixloslisidir. Shuning uchun ayollar ham amallarini kichik ko‘rmasdan ixlos bilan yurakdan bajarmoqqa diqqat etmog‘i kerak. Buning eng go‘zal misoli hazrati Maryamning onasi haqidagi hikoyadir.

Hazrati Maryamning onasi Isroil avlodlaridan soliha bir ayol edi. Eri Imron esa qavmining peshqadam olimlaridan sanalardi. Hazrati Sulaymondan davom etib kelayotgan Imron mansub bo‘lgan nasl Isroil o‘g‘illarining obro‘li urug‘laridan edi. Ular Allohning dinini o‘rgatishi va tatbiq etilishini targ‘ib etib mumtoz bir mavqe qozongan edi.

Faqat keyingi zamonlarda Isroil avlodlari orasida dinga bog‘liqlik zaiflashib qolgan edi. Yig‘inlarda olimu fozillardan ko‘ra boylarga va kuchlilarga e’tibor qaratilar edi. Ilm shuhrat qozonish uchun o‘rganilar edi. Ba’zilar Allohning dinini sadoqat ila o‘rganib o‘rgatmas, kuchlilarning manfaatiga mos bo‘lgan fatvolar berar edi.

O‘sha zamonning nabiysi Zakariyo alayhissalom bilan Imronning ayoli opa-singil edi. bu ikki qizning bolasi bo‘lmagan edi. Hazrati Zakariyo va Imron bu imtihonga sabr qilar, soliha xonimlar bo‘lgan zavjalarini xafa qilmas edilar.

Niyat samimiy bo‘lsa...

Shu tariqa kunlar o‘tib borar ekan, Imronning ayoli bir kuni tumshug‘ida bolalariga oziq olib kelgan qushni ko‘rib qoladi. Yuragida farzand sevgisi va eriga bir farzand tug‘ib bera olmagani uchun hazinlik tuyadi. Shunday bo‘lsa-da, Allohga isyon etmaydi. Ammo o‘ziga o‘zi:

“Agar Rabbim menga bir farzand bersa edi, uni Baytul Maqdisning xizmatini vaqf etardim”, dedi.

Rabbimiz uning ko‘nglidan kechganini, albatta, bildi va samimiyatini sinamoq uchun bir farzand ato qildi. Hech qancha vaqt o‘tmay u yukli bo‘lganini his qildi. Katta yoshda bo‘lishiga qaramay, Alloh taolo unga farzand ne’matini nasib aylaganiga sevindi.

“Ko‘p shukr, Rabbim menga ona bo‘lish baxtini nasib ayladi. Endi men uni Rabbimning xizmatiga yuboraman. Zotan, men farzandim bo‘lsa uning faqat Rabbimning xizmatini qiladigan bo‘lishini orzu qilgan edim”, dedi.

Qur’oni karimda:

“Eslang, (ey Muhammad!) Imronning xotini (Hanna): “Ey Rabbim, men qornimdagi narsani (homilani dunyo tashvishlaridan) ozod etib, Senga nazr qildim. (Uni) mendan qabul et! Albatta, Sen Same’ (eshituvchi) va Alim (bilimdon)dirsan”, – deb duo qildi” (Oli Imron surasining 35-oyati).

Hazrati Sulaymon alayhissalom Baytul Maqdisni barpo etganida bu yer ham ibodatxona hamda Isroil avlodlari diniy ta’lim oladigan va xizmatlarini bajaradigan bir markaz bo‘ldi. Istagan kishilar, bilhissa, din xizmatida bardavom bo‘lishga g‘ayratli bo‘lgan oilalar, o‘g‘il bolalarini ibodatxona xizmatiga bag‘ishlar edi. Bolalar bu yerda ham din ilmini o‘rganar, ham xizmat qilar edi, yetishganda esa qobiliyatiga ko‘ra turli xizmatlarga tayinlanar edi. Qiz bolalarni ibodatxonaga atamoq odati yo‘q edi. Hatto ayollarning ibodatxonaga kirishi ham taqiqlangan edi.

Imron olim odam edi. ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, xotinining qarorni eshitgandan so‘ng andisha qilib:

“Sen uning qizmi, o‘g‘il ekanini bilmasdan turib, nega bunday qilding. Agar qiz tug‘ilib qolsa, unda nima qilamiz?” dedi.

Uni juda qattiq o‘y bosdi. Ammo bo‘lar ish bo‘lgan edi, qiladigan boshqa ish qolmagan edi. Allohga tavakkal etdilar.

Oradan ko‘p o‘tmay Imron vafot etdi. Uning xotini erining quchog‘iga bir farzandni sola olmagani uchun kuyib, oy-kunining yaqinlashishini kutib qolaverdi.


Va’da vafosi bilan go‘zal

Nihoyat tulg‘oq sanchiqlari boshlandi. Imronning xotini butun qalbi ila farzandining o‘g‘il bola bo‘lishini istar edi. Agar o‘g‘il bo‘lsa otasining ismini qo‘yishni va uning mavqeiga munosib bir olim bo‘lishini istardi. Ammo bola qiz tug‘ildi.

Bir yonda qariganda ona bo‘lish baxtining nasib etgani sevinchi, ikkinchi tarafda va’da borasidagi ko‘ngil huzursizligi… Endi nima qiladi?

Eri ham vafot etgan. Qarorni o‘zi qabul qilishi kerak. Bir oz o‘ylandi. Uni ibodatxonaga atarkan qizmi, o‘g‘ilmi tug‘ilishini bilmas edi. Alloh taolo esa, albatta, qiz bo‘lishini bilar edi. Modomiki, Alloh taolo bu chaqaloqning atalganini bilgani holda qiz bo‘lishini taqdir etgan ekan, unda niyatni joyiga keltirish kerak. Nima bo‘lsa, bo‘lsin, bu chaqaloq ibodatxonaga, ta’lim va xizmatga ataladi.

Shu qaror bilan chaqaloqning otasini “Maryam” qo‘ydi. Maryam – qul ayol, xizmatchi demoqdir. U Allohning quli, Allohning ibodatxonasida xizmatchi bo‘ladi. Alhosil, xotinlar ham Allohning qullari emasmi?

“Ko‘zi yorigach, dedi: “Ey Rabbim, men qiz tug‘dim, – vaholanki, Alloh uning nima tuqqanini biluvchiroq edi. Axir, (u kutgan) o‘g‘il bu qizdek (xislatli) bo‘lmasdi. – Men unga Maryam deb ism qo‘ydim va unga hamda zurriyotiga quvg‘in etilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni Sendan so‘rayman” (Oli Imron surasining 36-oyati).

Imronning xotini qizini yurgakladi. bir qancha vaqt emizib boqdi. So‘ngra uni olimlarning huzuriga olib bordi.

U vaqtda Baytul Maqdisda xizmat qilgan diniy olimlar talabalar yetishtirar va xalqni irshod etar, diniy vaziflarni bajarishda xalqqa imomlik qilar edi.

Imronning ibodatxonaga atalgan birgina bolasining qiz tug‘ilganini hammasi eshitgan edi. O‘sha vaqtga qadar ibodatxonaga birorta qiz bola olib kelinmagan edi. Shu boisdan bu niyatning bajarilishi yuzasidan olimlarning fikrlari turlicha bo‘lib qoldi.

Albatta, butun umr sabr-toqat bilan kutgan onalik sevinchini yashagan bir xotin uchun bolasidan ayrilishning qanchalik og‘irligini tasavvur qilish qiyin. Agar va’dasidagi samimiyati va qarori bo‘lmaganida bu ixtiloflardan hiylai shar’iy yo‘liga kirib, “Bola qiz tug‘ilib qolgani bois va’damni bajarish imkoni bo‘lmadi”, deb o‘zini “oqlab” olishi mumkin edi. Hatto buning uchun ilmiy dalillar ham topilar edi. Shunday qilsa, bolasi ham o‘zida qolardi. Uni turli-tuman yeguliklar bilan boqib, bir-biridan go‘zal kiyimlar kiydirib yasantirib qo‘ya olardi.

Biroq Imronning xotini olimlarning fikr va ixtiloflarida ilgari surilgan dalillarni emas, o‘zining mas’uliyatini o‘ylar edi. U Allohga so‘z bergan. Endi va’dasini bajarishga majbur.

Qalbidagi niyatining samimiy ekaniga ishonib chaqaloqni olimlarning oldiga qo‘ydi va:

“Shu bolani ibodatxona xizmatiga atadim!” dedi.

Bu muborak onaning Allohga bergan so‘zida turishga qanchalik g‘ayrat etayotganidan olimlar qattiq ta’sirlandi. Hatto boshida qiz bolaning ibodatxonaga kelishini ma’qul ko‘rmayotgan olimlar ham uni o‘z himoyasiga olishni istab qoldi

Qizning otasi Imron taqvodor olim edi. Unga hurmatlari baland edi. Imronning qizi esa ularga omonat edi. Hammasi Imronning omonatiga egalik qilishga haqli ekaniga oid hujjat-dalil keltira boshladi. Zakariyo alayhissalom esa:

“Uni boqishga hammangizdan ko‘ra men haqliman, chunki uning xolasi mening zavjamdir”, dedi.

Uning ham gapini qabul qilmaganlaridan so‘ng qur’a tashlashga qaror qilishdi. Qur’a Zakariyo alayhissalomga chiqqanidan so‘ng u hazrati Maryamni boqib olishni o‘z zimmasiga olib chaqaloqni xotini olib borib berdi.

Shunday qilib, hazrati Maryam Zakariyo alayhissalomning uyida voyaga yetdi. Ta’lim va ibodat uchun ibodatxonaga joylashadigan vaqti yetganda Zakariyo alayhissalom ibodatxonadan uning uchun xona-mehrob tayyorladi. Bu xonaga faqat narvon bilan ko‘tarilish mumkin edi va unga Zakariyo alayhissalomdan boshqa hech kim kirib-chiqa olmas edi.

Zakariyo alayhissalom Maryamning oldiga kelib yegulik va ichkiliklarni qo‘yardi va qaytayotganda xona eshigini qulflab ketar edi. Hazrati Maryam bu yerda o‘zini ibodatga bag‘ishlagan edi. Hazrati Zakariyo Maryamning oldiga kelganida uning dasturxonida mavsumda pishmaydigan sarxil mevalar turganini ko‘rib hayron bo‘lar edi.

Hazrati Maryamga faqat jannat mevalari emas, qancha mujdalar ham kelar edi. Natijada u farishtalar bilan birga zikr etgan, Jabroil alayhissalom jon puflagan, ayollarning faxri-g‘ururi bo‘lgan muborak bir ayolga aylandi.

Manbalarda, uning onasining oti Hanna bo‘lgani aytiladi. Hazrati Maryamning onasi bizga farzandning ixlosining tamali onasining unga homila bo‘lgan vaqtdagi ixlosi va niyatiga bog‘lig‘ligini ko‘rsatmoqda.

Demak, qaysi ona farzandini samimiyat ila Alloh yo‘liga bag‘ishlasa, o‘sha bola Allohni sevgan banda bo‘lar ekan.

Shunday qilib, farzandning Alloh yo‘liga atalishida uning qiz tug‘ilishi muammo tug‘dirmas ekan. Alloh taolo bandadagi ustunlik ayol yoki erkaklikda emas, taqvoda deb aytmoqda. Taqvosi bo‘lmagan erkakning taqvoli erkakdan hech qanday ustunligi yo‘q. Zero, Allohga atalgan Maryam insonlarni o‘ziga sajda qilishga buyurgan fir’avndan juda ham xayrlidir.

Onalikning sharafi o‘g‘il tug‘ish bilan ortmaydi, qiz tug‘ish bilan kamaymaydi. Faqat ona farzandim Allohni sevadigan banda bo‘lsin degan samimiy niyat ila dunyoga keltirsa bas.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 12/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4558
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/farzand-ixlosining-asosi---onaning-niyatidir
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 17:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing