O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

VISOL KECHASI

 
 

Hayotimizda uchraydigan har qanday masalada Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridan javob topishimiz mumkin. Dastlabki ma'lumot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kuyovlari hazrati Ali roziyallohu anhuning qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoning oldilariga to‘ydan keyin birinchi kirishlaridan oldin qilgan ishlari va duolari haqidadir.

“To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolibga: «Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», dedilar. Shunda Sa'd ibn Muoz roziyallohu anhu: «Menda bir qo‘chqor bor!» dedi. Ansoriylardan bir guruhi bir necha so' jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi.

Darvoqe, hozirgi sinovli kunlarda karantin talablariga rioya qilgan holda o‘ttiz kishilik to‘y qilish ham aynan shunga to‘g‘ri keladi. Anashu yengillik va qulaylik sinovli kunlarimizdan keyin ham odatimizga aylanib qolsa hammaga yaxshi bo‘ladi aslida.

Ziyofatdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolibga: «Menga uchramaguncha bir narsa qilmay tur», dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anho turgan joyga bordilar-da u kishiga: «Menga suv keltir», dedilar. Kelinlikka tayyorlanib olgan Fotima roziyallohu anho bir idishda suv keltirdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u suvdan Fotima roziyallohu anhoning ko‘ksilariga va boshlariga sepdilar-da: «Allohim, men Sendan bunga va buning zurriyotlariga shaytoni rojiymning yomonligidan panoh tilayman», dedilar. So‘ngra u zot yana suv keltirishni talab qildilar. Bu safar Ali ibn Abu Tolib borib, haligi idishda suv keltirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga ham xuddi Fotima roziyallohu anhoga qilgan ishlarni va duolarni qildilar va: «Allohim, ikkovlariga baraka bergin, ikkovlarining ustlaridan baraka nozil qilgin va ikkovlarining zurriyotlarini barakali qilgin», dedilar. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki muavvizataynni tilovat qildilar va: «O‘z ahling oldiga Allohning ismi va barakasi ila kiraver», dedilar”. Ushbu iqtibosdan kuyovning kelin oldiga birinchi bor kirishidan oldin qavmning kattalari qiladigan ishlar va duolar haqida ma'lumot olishimiz mumkin. Kuyov kelinning oldiga birinchi bor kirishda xursandlik, ochiq chehra va muloyimlik bilan kirishi kerakligi kitoblarimizda tavsiya qilingan. Chunki, kelin his-hayajonda, xavfda, xijolat va o‘zgacha holatda turadi. Bismillahni aytib, o‘ng oyoq bilan salom berib kiradi. So‘ngra kelinning peshonasiga qo‘lini qo‘yib turib quyidagi rivoyatda kelgan duoni o‘qiydi. Amr ibn Shu'aybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachon biringiz biror ayolga uylansa yoki xodim sotib olsa, «Allohumma! Innii as'aluka xoyrahaa va xoyra maa jabaltahaa alayhi. Va a'uzu bika min sharrihaa va min sharri maa jabaltahaa alayhi», desin”. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan. Duoning ma'nosi: «Allohim! Sendan uning yaxshiligini va Sen unga bergan jibilliyat-axloqning yaxshisini so‘rayman. Hamda sendan uning sharridan va Sen unga bergan jibilliyat-axloqning yomonidan panoh so‘rayman».

Kelin-kuyovga boshqalar duo qilishlari bilan birga, ularning o‘zlari o‘zlariga va bir-birlariga duo qilishlari ham juda yaxshidir. Albatta, o‘shandoq baxtli soatlarda Alloh taolodan o‘ziga va umr yo‘ldoshiga baxt-saodat tilab, duo qilmoq muhimdir. So‘ngra ikkovlari birgalikda, kuyov imom bo‘lib, kelin orqada iqtido qilib ikki rak'at namoz o‘qisalar juda ham yaxshi bo‘ladi. Har kim o‘zi o‘qisa ham bo‘laveradi. Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachon biringiz biror ayolga uylansa, qo‘shilish kechasida ikki rak'at namoz o‘qisin, u (kelin) ga ham ortida ikki rak'at namoz o‘qishni aytsin. Albatta, Alloh uyda yaxshilikni (paydo) qiluvchidir” (Bazzor rivoyat qilgan). Albatta, bu kabi namozlar xayrga, barakaga, yaxshilikka sabab bo‘lishi turgan gap.

Musulmon inson uchun namoz uning hayotidagi eng aziz narsadir. Yuqorida keltirilgan narsalar kuyov va kelinlar uchun ularning birinchi kechalarida istasa qiladigan ishlar va duolardan iboratdir. Yaxshi umid ila qilsa, go‘zal ish bo‘ladi. Ammo qilmasa, shar'iy jihatdan hechqisi yo‘q. Bularni qilmaganlar, bu ishlarni qilmagan edik, endi nima bo‘ladi, kabi xayollarga bormasliklari lozim.

“Zikr ahlidan so‘rang” kitobi asosida

Zayniddin domla Eshonqulov tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 19/06/2020 15:36;   Ko‘rilganligi: 1627
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/visol-kechasi
Chop etilgan vaqti: 16/04/2024 12:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing