Ota-onaga itoat oliy ibodat
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:
«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, hijrat uchun bay'at qilmoqchi bo‘ldi. U ota-onasini yig‘lagan holda qoldirib kelgan edi. Ul zot:
“Ota-onangning huzurlariga qaytgin, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, xuddi shunday qilib kuldirgin”, dedilar».
Sharh: Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ota-onaning roziligini topish, ularni xursand qilishni vaqti kelganda hatto hijratdan ham ustun qo‘ygan ekanlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ota-onaning haqqini qanday ulug‘laganlariga bir nazar soling. O‘zlariga hijrat uchun bay'at qilgani kelgan muxlis kishiga “Ota-onangning huzuriga borib, ularni kuldir”, demoqdalar.
Ba'zi holatlarda yoshlar diniy amallarga qiziqib, ota-onalarning haqlarini ortga surish holatlariga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Bunday paytlarda ilm sohiblari darhol ularga nasihat qilib, ishni to‘g‘ri yo‘lga burishlari kerak ekan.
Kiritilgan vaqti: 04/03/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1632
Chop etilgan vaqti: 03/11/2024 21:49