O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

NOQONUNIY NIKOHNING SALBIY OQIBATLARI.

 
 

Barcha ishlarimizga Alloh taoloning amri va ikki olam sarvari, Payg‘ambarimizning hadisi muboraklarini asos qilib amal qilsak biz musulmonlarning vazifamizdir. Farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni va ma'naviy tarbiya mas'alasini hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etishini esdan chiqarmasligimiz darkor.

FHDYO organlari tomonidan ro‘yxatga olinmasdan oila qurayotgan yoshlarimiz, o‘z huquq va majburiyatlaridan voz kechmoqdalar. Agar biz bu noqonuniy nikohni salbiy oqibatlarga olib keladigan masalalarda hushyorlik va sezgirligimizni, qat'iyat va mas'uliyatimizni yo‘qotsak, bu o‘ta muhim ishni o‘z holiga, o‘zi bo‘larchilikga tashlab qo‘yadigan bo‘lsak, muqaddas sof dinimiz, qadriyatlarimizga yo‘g‘rilgan va ulardan oziqlangan ma'naviyatimizdan, ta'rixiy xotiralarimizdan ayrilib, oxir oqibatta o‘zimiz intilgan saodatli yo‘ldan chetga chiqib qolishimiz mumkin. Nikoh muqaddas, uning o‘ziga xos qonun qoidalari bor, bu marosim shunchaki ko‘ngilxushlik emas, balki hayotni bir-biriga bog‘lab umrbod birga halol va pokiza yashash uchun ahdlashuvdir. Ha, bugun haqiqatan ham ayrim yoshlarimiz millatimiz uchun, Vatanimizni tinch osudaligini qadriga yetmasdan, ota onalarimiz haq-hurmatlarini bilmasdan internet orqali nojo‘ya hatti-harakatlari bilan o‘z oilasini, jufti halolidan ajralib ketishiga sababchi bo‘lib  qolmoqdalar.

Harbir xalqning o‘ziga xos bo‘lgan necha necha asrlar davomida shakllanib kelgan bebaho qadriyatlari, urf odatu ananalari dunyo ahlini lol qoldiruvchi madaniyati, asrlar davomida xalqni xalq qilib ushlab turgan ma'naviyati, buyuk ta'rixi bor. Albatta uni to‘la – to‘kis yetkazish har birimizning burchimzdir. Nikoh o‘ta mas'uliyatli va sharafli, o‘z navbatida hayotda har bir kishining o‘zligini namoyon qiladigan shartnoma. Bunga yengil-elpi, beparvo qarash, o‘z umriga, hayotiga zomin bo‘lishdek gap. Yosh yigit va qiz balog‘atga yetganlaridan keyin ularni mustaqil oila hayotiga o‘tkazish ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchilarning zimmasidagi vazifadir. Shu sababli ham bu borada yetti o‘lchab, bir kesish kerak. Shoshmashosharlik, o‘zboshimchalik bilan tashlangan qaltis qadam har bir insonning hayotida o‘chmas dog‘ qoldirishi mumkin.

Farzand- qalb gavhari, qalb rayhoni. Har-bir inson o‘zining ertasi bugunidan ham yaxshiroq o‘tishini xohlaydi. Bu maqsadga erishish uchun bugundan boshlab harakat qilishimiz kerak. Ba'zida yoshlariiz ayrim saytlarga kirib behayolarcha internet orqali tanishib ahdu paymon qilishlik kabi salbiy holatlarni paydo qilmoqdalar. Ijtimoiy tarmoql vositasi orqali  ahdu paymon qilib, nikoh qurayotgan yoshlarimiz ham talaygina, biroq ota-onamiz, yaqinlarimiz bu kabi ishlarimizdan rozi bo‘larmikan degan fikr nikohlanuvchilaning hayoliga ham kelmaydilar.

Bugun qo‘l telefoni, kompyuter, internet kabi aloqa vositalari hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurgan. Bu yaxshi albatta, chunki internet orqali yoshlarimiz dunyo bilan aloqa qilmoqdalar. Biroq millatimiz uchun internet orqali tuxmat toshini otish, ig‘vo, fitna qo‘zg‘atish kabi salbiy illatlardan uzoq bo‘lish bilan bir qatorda, farzandlarimizning tasodifiy bir-biri bilan topishib, oila qurishi millatimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Hayot ko‘ngilxushlik boylik ortirish uchun o‘ynaladigan sahna emas, balki bunga ko‘r-ko‘rona nazar tashlamasdan ehtiyotkorlik bilan qaralsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Mayli kim qaysi millat vakili bo‘lmasin, qaysi irqqa mansub kishi bilan oila qurish har kimning shaxsiy ishi, ammo hammamiz guvohi bo‘lib turibmiz ayrim xorijlik kuyovto‘ralar internet orqali tanishib nikohdan o‘tgan umr yo‘ldoshini o‘z eliga olib borib, ayri yo‘llarga tashlab ketmoqdalar. Yana bir achinarli holat shuki, ayrimlari oilani muqaddas sanamasdan o‘z jufti halollarini arzimas pullarga sotib yuborishmoqda. Shuni inobatga olingan holda yoshlarimiz ogohlik bilan hayotga qadam tashlashliklari lozim, noo‘rin xulosalarga kelishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishsalar maqsadga muvofiq bo‘lardi. Mana shu holatldarni noqonuniy nikoh va salbiy illatlarining natijasi desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xalqimizda oila deb atalmish qo‘rg‘onni barpo etishda o‘ziga xos qoidalarga rioya qilinadi. Asrlardan buyon qon qonimizga singib kelgan hayotning chig‘irig‘idan o‘tgan rasm rusumlar, urf odatlarimiz mavjud. Ajdodlarimiz nikohga o‘ta mas'uliyat bilan yondashishgan. Mehribon buvijonlarimiz azaldan boshlariga oq ro‘mol olib yetti avlodi, naslu nasabini, zoti-zurriyotini surishtirib keyin sovchi bo‘lganlar. Shuningdek kuyovto‘ralarni kasbu kori, ilmi-yu amali bilan ham qiziqishgan.

Ulug‘larimiz aytganlar: Baxt-saodatning sirlaridan biri, inson g‘amlarini eslashdan oldin, o‘zidagi ne'matlarni eslab, ular uchun hamd aytib, shukronalik bilan hayot o‘tkazsa maqsadga muvofiqdir. Shuning uchun ham yoshlarimiz shar'iy nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tib, tibbiyot xodimlarimizning xulosalarini olib, FXDYO organlari ro‘yxatidan o‘tib, so‘ng oila qursalar maqsaga muvofiq bo‘lar edi, zero yaxshi so‘zlarga  itoat qilishlik bu ibodat qilish bilan barobardir.

Baxtiyor Nasrilloyev - Samarqand tuman “Yangi masjid”jome' masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 01/07/2020 13:30;   Ko‘rilganligi: 82
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/noqonuniy-nikohning-salbiy-oqibatlari
Chop etilgan vaqti: 12/08/2020 03:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing