O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

KUYOVLARGA NASIHAT

 
 

Avvalo, Qur'oni karim va Sunnatdagi nasihatlarning ko‘pchiligi erkaklarga qaratilganini eslatishimiz lozim. Ammo, shu bilan birga, alohida ularga qaratilgan nasihatlar ham mavjud. Mazkur nasihatlardan ba'zilarini taqdim etishga ijozat bergaysiz.

«Sen er o‘laroq, bilki, ayoling ayol bo‘lganligi uchun sendan boshqacha uslub bilan tafakkur va tasarruf qiladi, uning nafsoniyatini fahmlashing va ehtiromini qozonishing uchun quyidagi nasihatlarga amal qilishing kerak bo‘ladi:

1. U ham sen kabi tasarruf qilishi kerak deb o‘ylama. Chunki u sendan boshqacha yaratilgan.

2. Uni e'tiborsiz qoldirma. Unga muhabbat, mehr va omonlik hadya et. Chunki u ayollik tabiati ila mazkur narsalarga muhtojdir.

3. Uning shikoyatlarini e'tiborsiz qoldirma. Ayol kishi har doim ma'naviy va mehrli qo‘llovni istaydi.

4. Unga sovg‘alar taqdim qilishda baxil bo‘lma, chunki ayol zoti baxil erni yoqtirmaydi.

5. Ahlini ziyorat qilishiga qarshi bo‘lma, agar bunga qarshi bo‘lsang, uning muhabbatini yo‘qotasan. Ayollar o‘z ahliga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi.

6. Goh-gohi rashk qilishingni bildirib tur. Bu uning ayollik izzat-nafsini rozi qilib turadi.

7. Unga lutf ko‘rsat, ayolligini qondirib tur.

8. Uning ayblarini yuziga solma. U tanqidni yoqtirmaydi.

9. Undan yuz o‘girma. Ayol kishi o‘ziga quloq tutganni yaxshi ko‘radi.

10. Unga xiyonat qilma. Ayol uchun eng og‘ir narsa erining xiyonat qilishidir.

11. Uning o‘zini ham, his-tuyg‘ularini ham masxara qilma, chunki u nozik xilqatdir, jarohatni ko‘tara olmaydi.

12. U sendan talab qilgan narsani unutma. Aks holda unda «qadr-qiymatim yo‘q ekan» degan tushuncha paydo bo‘ladi.

13. Undan yordamingni ayama. Chunki ayol zoti doimo o‘zi ishonadigan va suyanadigan shaxsga muhtojdir.

14. Oilaviy mas'uliyatlaring va va'dalaringni zinhor e'tiborsiz qoldirma. Ularga amal qilishing ayolingga bo‘lgan muhabbatingni his qildiradi.

15. Uning ikkingizning muammolaringizni hal qilish bo‘yicha takliflarini e'tiborsiz qoldirma. Agar unday qilsang, bu unga ahamiyat bermaganligingni bildiradi.

16. Undan muammolarni oqilona va mantiqiy hal qilishini talab qilma. Chunki ayol kishi odatda ko‘proq otifaga – his-hayojonga berilgan bo‘ladi.

17. Uyning mayda-chuyda ishlariga ko‘p aralashma. Bu borada unga ishon. Bu unga uyning haqiqiy bekasi ekanini sezdirib turadi.

18. Uni maqtab turishdan g‘ofil bo‘lma. Uning kiyimi, ziynati, pishirgan narsalarini, uy tutishini maqtab tur. Bu uning ayollik tuyg‘usini rozi qiladi.

19. Ayol kishining homiladorlik, tug‘ish va hayz kabi og‘ir holatlarni boshidan o‘tkazishini aslo unutma. O‘sha paytlarda uning his-tuyg‘ularini yanada ko‘proq rioya qilish lozim.

20. Uning shaxsiy hurriyatini ko‘p cheklama. Xususan, ijtimoiy aloqalarda.


Kiritilgan vaqti: 27/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1899
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/kuyovlarga-nasihat
Chop etilgan vaqti: 03/11/2024 21:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing