O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

KECHIRIMLI BO‘LISHGA O‘RGANAYLIK!

 
 

Hadisi shariflarda mo‘min-musulmonlar bir-birlariga birodar, aka-uka bo‘lishlari kerak. Oralaridan gap-so‘z o‘tgan, og‘ir botadigan gap aytgan, ish qilgan bo‘lsalar, ularni ko‘ngildan chiqarib tashlash uchun shariatda uch kun muhlat berilgan. Musulmon odam uch kun ichida hovridan tushsin, o‘z-o‘ziga nasiyhat qilsin va uch kundan oshirmasdan yarashib olsin, bunday arazlashib yurishni o‘ziga ep ko‘rmasin deya ta'kidlangan.

Xo‘sh, bugungi kunda aholi orasida ana shunday arazlashganlar yo‘q deb o‘ylaysizmi? Biz o‘zimizni kechira olyapmizmi? Qaysi qilgan xatolarimiz uchun kechirim so‘rashni bilamizmi?

Afsuski hayotimizda bu kabi savollarga ko‘p bora duch kelamiz, ammo ba'zida unga javob topa olmaymiz.

Qur'oni karimning "Hujurot" surasining 10-oyatidan: "Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohdan qo‘rqingiz, shoyadki rahm qilinsangiz", deb marhamat qilingan. Bu oyati karimaning tafsirida ulamolarimiz, albatta, barcha mo‘min-musulmonlar aka-ukadir, opa-singildir. Shunday ekan, ular hech qachon o‘zaro urushmasligi, arazlashmasligi, bir-biridan xafalashib,  kek, gina saqlamasligi lozim bo‘ladi, deydilar.

Anas ibn Malikdan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizni yomon ko‘rmang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-biringizga qarshi tadbir qilmang. Ey, Allohning bandalari! Birodar bo‘ling! Musulmon uchun birodaridan uch kechadan ortiq arazlashi halol emas”,-dedilar”.

Yuqorida ta'kidlanganidek, mo‘min-musulmonlar bir-birlariga birodar, aka-uka bo‘lishlari kerak. Oralaridan gap-so‘z o‘tgan, bir-birlariga og‘ir botadigan gaplarni qilgan bo‘lsalar, shu kabi holatlarni ko‘ngildan chiqarib tashlash uchun shariatda uch kun muhlat berilgan. Musulmon odam uch kun ichida hovridan tushsin, o‘z-o‘ziga nasiyhat qilsin va uch kundan oshirmasdan yarashib olsin, bunday arazlashib yurishni o‘ziga ep ko‘rmasin. Shundagina o‘zimizga berlgan savollarga javob topamiz va xatolarimizni e'tirof etib, uzr surashga shoshilamiz.

Ato ibn Yazid al-Laysiydan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Biror kishiga o‘z birodari bilan uch kechadan ortiq arazlashishi mumkin emas, halol emas, harom. Ikkovlari uchrashib qolsa, biri u yoqqa, biri bu yoqqa qarab, teskari bo‘lmasin. Ikkovidan yaxshisi birinchi salom berganidir”,-dedilar.

Ushbu  hadisda arazlashib qolganlar uchun ajoyib uslub bilan yarashishga targ‘ib bor. Ikki kishi urishib qolgan bo‘lsa, yo‘lda uchrashib qolganda teskari qarab, yuz o‘girib o‘tib ketsa, oradagi nifoq, adovat ikki bor ko‘payadi. Shuning uchun, ular uchrashib qolsalar, bir tomon savob umidida yaxshilikni bo‘yniga olib, salom berishi kerak ekan. Salom bergan odamning gunohi to‘kiladi, salom bergan kishiga alik olmasa, uning salomiga farishtalar alik oladi. Chunki, u Alloh taoloning amrini bajargan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan hisoblanib, arazlashish gunohidan forig‘ bo‘lib, oralari isloh bo‘ladi. Barchamiz, hech qachon yodimizdan chiqarmaylik inson xatodan holi emas.

Alloh taolo qur'oni karimning “Nur” surasini 22- oyatida: “Balki (ularni) avf qilib, kechirsinlar. Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizlarmi?” deb marhamat qiladi.

Darhaqiqat, bizlar qarindoshlarimizni, birodarlarimizni kechirar ekanmiz. Alloh taolo kechiruvchi bandalariga  rahmati, mag‘firati va jannati bo‘lishini eslatyapti. Agar insonlar bir-birlarini kechirmasalar, qarindoshlik aloqalarini uzsalar Allohning rahmati ustilariga tushmaydi va ibodatlari qabul bo‘lmas ekan. Robbimiz barchalarimizni bunday yomon holatdan saqlasin.  

Nursultonxon Abdumannonov Damariq jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/06/2020 16:42;   Ko‘rilganligi: 1916
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/kechirimli-bolishga-organaylik
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 11:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing