Ijtimoiy tarmoqlarning salbiy oqibatlari, yoxud oila muqaddas dargoh
Farzand ota-onaning orzu umidi, hayotining davomchisi, vafotidan so‘ng Qur'on tilovati va duo bilan uni yodga olib turuvchi dilbandidir.
Ha, bugun ayrim yoshlarimiz millatimiz, Vatanimizni tinch osudaligini qadriga yetmay, ota-onalarning haq-hurmatlarini bilmasdan internet tarmoqlari orqali nojo‘ya xatti harakatlarini qilinmoqdalar. Internet, ijtimoiy tarmoqlarning tashkil etilishidan maqsad, ilmu salohiyatda ildamlash, bilmagan narsalarini yaxshilik yo‘li bilan o‘rganish, uzoqni yaqin qilishdir. Yana qayd etish lozimki, hozirgi kunlarimizda ijtimoiy tarmoqlar ilm-ma'rifat va ziyo tarqatish vositalarining biriga aylangani hech kimga sir emas. Ammo ayni davrda ayrim buzg‘unchi oqimlar internet tarmog‘idan o‘zlarining g‘arazli yo‘llarida keng foydalanib, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani, behayolik, shavqatsizlik, o‘z joniga qasd qilish kabi ayanchli illatlarni targ‘ib etayotgani ham bor gap. Internet tarmoqlari orqali tanishib, ahdu-paymon qilish, oilasi, o‘zi kim ekanligi haqida yaxshi xabardor bo‘lmasdan turmush qurish holatlari ko‘plab uchrab turibdi. Buning salbiy tomoni shundaki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nikohdan oldin yigit va qiz guvohlar ishtirokida bir-birlarini ko‘rishlari haqida tavsiya qilgan hikmat zohir bo‘lmaydi.
Bakr ibn Abdulloh al-Muzaniydan rivoyat qilinishicha, Mug‘iyra ibn Shu'ba bir ayolga sovchi qo‘yganida Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Unga nazar sol. Zero, bu o‘rtangizda (mehr-muhabbat) davomiy bo‘lishi uchun kerakdir”, dedilar (Termiziy, Nasoiy, Dorimiy, Ibn Moja, Ahmad va Doraqutniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).
Nikohdan oldin yigit va qiz guvohlar ishtirokida bir-birlarini ko‘rishlariga shariatimizda izn beriladi. Buning biz bilmagan bir qancha manfaatlari ham bor ekan. Bunda faqat moddiy jihatlargagina e'tibor berilmaydi, balki muomalasi qanday ekani, xulq-atvori va dunyoqarashi bir-biriga to‘g‘ri kelish-kelmasligi haqida ham tasavvur hosil qilinadi. Mana shu sunnatga risoladagidek amal qilinmayotgani uchun ham ba'zi yosh oilalar hech qancha vaqt o‘tmay ajrashib ketmoqda. Oldindan bir birimizni yaxshi bilishimz kerak, degan iddao bilan voyaga yetgan, bir biriga nomahram bo‘lgan yigit-qizlar o‘zaro do‘stlashib, sevishib har kuni xilvatda, bog‘larda uchrashib yurishlari ham xunuk an'anaga aylanmoqda.
Bizda esa surishtirish ishlariga ko‘p hollarda juda yengil qaraladi va asosan orzu-havasga, sarpo yig‘ishga berilib ketiladi. Aslida yosh oilani baxtli qilish uchun faqat libos va ziynat emas, balki ularning bir-biriga munosibligiga ahamiyat berish kerak. Ba'zida millatimizga mansub bo‘lmagan, dini, nasl-nasabidan mutlaqo bexabar kishi bilan internet orqali tanishib, oila quruvchilar ham paydo bo‘lmoqda.
Nikoh muqaddas, uning o‘ziga xos qonun qoidalari bor. Oila shunchaki ko‘ngilxushlik emas, balki hayotini bir-biriga bog‘lab umrbod birga halol va pokiza yashash uchun ahdlashuvdir. Nikoh o‘ta mas'uliyatli va sharafli, o‘z navbatida hayotda har bir kishining o‘zligini namoyon qiladigan shartnoma hamdir. Bunga yengil yelpi, beparvolik bilan qarash o‘z umriga, hayotiga zomin bo‘lishdek gap. Yosh yigit va qiz balog‘atga yetgandanlaridan keyin ularni mustaqil oila hayotiga o‘tkazish ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchilarning zimmasidagi vazifadir. Shu sababli ham bu borada yetti o‘lchab, bir kesish kerak. Shoshmashosharlik, o‘zboshimchalik bilan tashlangan qaltis qadam har bir insonning hayotida o‘chmas dog‘ qoldirishi mumkin. Bugun qo‘l telefoni, kompyuter, internet kabi aloqa vositalari hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurgan. Bu yaxshi albatta,chunki internet orqali yoshlarimiz dunyo bilan aloqa qilmoqdalar. Biroq millatimiz uchun internet orqali tuhmat toshini otish, ig‘vo, fitna qo‘zg‘atish kabi salbiy illatlaridan uzoq bo‘lish, farzandlarimizning tasodifiy bir biri bilan topishib, oila qurishlari mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ishdir.
Hayot ko‘ngilxushlik, boylik orttirish uchun o‘yin o‘ynaladigan sahna emas. Balki bunga ko‘rko‘rona nazar tashlamasdan ehtiyotkorlik bilan qaralsa maqsadga muvofiqdir. Mayli, kim qaysi millat vakili, qaysi irqqa mansub kishi bilan oila qurishi har kimning shaxsiy ishi. Ammo hammamiz guvohi bo‘lib turibmiz ayrim xorijlik kuyovto‘ralar internet orqali tanishib nikohdan o‘tgan umr yo‘ldoshini o‘z yurtiga olib borib, gohida shaxsan o‘zini, gohida murg‘ak farzandini aro yo‘llarda ham tashlab ketmoqdalar. Yana bir achinarli holat shuki, ayrimlari o‘z jufti halollarini arzimas pullarga sotib yuborishmoqda. Shuni inobatga olgan holda yoshlarimiz ogohlik bilan hayot kechirshlari lozim.
Xalqimizda oila deb atalmish qo‘rg‘onni qurishga o‘ziga xos qoidalarga rioya qilinadi. Asrlardan buyon qon qonimizga singib kelgan hayotning chig‘irig‘idan o‘tgan rasm-rusumlar, urf-odatlarimiz mavjud. Ajdodlarimiz nikohga o‘ta mas'uliyat bilan yondashishgan. Mehribon buvijonlarimiz azaldan boshlariga oq ro‘ymol olib, yetti avlodi, naslu-nasabini, zoti-zurriyotini surishtirib keyin sovchi bo‘lganlar. Surishtirishdan maqsad esa, boyligi, ulug‘ nasabi emas, balki, sof, halol, diyonatli va tarbiyali ekanligini bilish bo‘lgan. Shuningdek, kuyovto‘ralarni kasbu kori, ilmiyu amali bilan ham qiziqishgan. Nikohdan keyin oilada farzand dunyoga keladi. U ota-onasi, bobo, momolarining yaxshiligi, fazilatlari bilan bilan faxrlanishi kerak, bilaks, ularni yodga olishdan orlanib yashamasligi lozim. Ulug‘larimiz aytganlaridek, baxt-saodatning sirlaridan biri, inson o‘zining g‘amlarini esg olishdan oldin, o‘zidagi ne'matlarni yodga olishi, ular uchun hamd aytib, shukronalik bilan hayot kechirishi maqsadga muvofiqdir.
Baxtiyor NASRILLOYEV - Samarqand tumani “Yangi masjid”jome masjidi xodimi
Kiritilgan vaqti: 25/10/2019 15:59; Ko‘rilganligi: 2747
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:15