O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Yetimga ozor berganlar, Allohning azobiga giriftor bo‘ladi.

 
 

Ota-onasi yoki ikkisining biridan ajrab qolgan bolalarning dili xasta, ko‘ngli yarim bo‘ladi. Ular tortgan dard alamini faqat yetimlikni boshidan o‘tkazganlargina to‘liq his qila oladi. Ota-onasining bag‘rida ulg‘ayganlar esa yetimning holini tushunishlari amri mahol. Yetimning shundog‘am vayron dilini og‘ritish, qalbiga ozor berish juda katta gunoh sanaladi. Qur'oni karimda yetimning molini yeganlar bilib qo‘ysinki, aslida ular qorniga olov yeyishmoqda, degan mazmunda oyat bor. Shariatimiz ota-onalaridan ajrab qolgan yarimko‘ngil yetimlar manfaatini qattiq himoya qiladi, ularga yaxshilik qilganlarga katta-katta va'dalar beradi.

Buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy rahimahulloh Amr ibn Abbosdan qilgan rivoyatida hazrati Dovud payg‘ambar alayhissalomning quyidagi nasihatini keltiradi:

Yetimga xuddi mehribon otasi kabi bo‘l! Shuni bilib qo‘yki, sen nima eksang o‘shani o‘rasan…

Kishi birovning zurriyodiga hech qachon ota bo‘lolmaydi. Bolaning nasabi haqiqiy otasiga mansub bo‘ladi. Ammo, birovning bolasini tarbiyasiga olgan ota uni o‘gaysitmasligi kerak, o‘z bolalridan ayirmasligi lozim. Yetimga xuddi uning otasidek mehribon bo‘lishi shart. Yetimni o‘z bolasidek ko‘rib parvarishlagan odam oxiratda ham bu dunyoda ham Allohdan faqat yaxshilik oladi. Yetimga ozor berganlar esa, Allohning azobiga giriftor bo‘ladi.

Jamiyatimizda shunday erkaklar bor: avvalgi turmushidan ajrab, birorta bolalik ayolga uylangan. Ayolning avvalgi eridan bo‘lgan bolasini shunaqangi jerkib, kamsitib muomala qiladilarki, haligi yetim bolaga aytilgan gapni eshitib sizning dilingiz vayron bo‘lib, ko‘zingizdan duvillab yosh keladi. Alloh isloh qilsin. Ha, oramizda o‘shanday oilalar kam emas, afsus…

Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida shunday deganlar:

Musulmonlar orasida eng yaxshi xonadon shuki, unda yetim bor va unga yaxshi muomala qilinadi. Musulmonlar orasida eng yomon xonadon shuki unda yetimga yomonlik qilinadi. Men va yetimni kafillikka olgan odam jannatda (ikki barmog‘i bilan ishora qilib) mana bunday bo‘lamiz. (Adab al-mufrad / 137).

Demak, musulmonlar orasida “eng yaxshi xonadon” nominatsiyasi bo‘yicha tanlov e'lon qilinsa, bunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam belgilab bergan mezonga ko‘ra yetim asrab unga yaxshilik qiluvchi xonadon egalari g‘olib bo‘lar ekan. Yetimga yaxshi munosabatda bo‘lmaganlar esa musulmonlar jamiyatida “eng yomon xonadon” deb tamg‘alanar ekan.

Aziz musulmon do‘stlarim! Xonadoningizda otasi yo onasidan ayrilgan yetim parvarishlayotgan bo‘lsangiz, bilingki, aslida bu siz uchun jannatni qo‘lga kiritish imkoniyatidir! Uni qo‘ldan boy bermang! Yetimga shirinso‘z bo‘ling, unga xuddi o‘z otasidayek mehribon bo‘ling! Qalbi vayron yetimga Allohning rahmi keladi, siz unga berahmlik qilmang!

Bequlov Husan manbalar asosida

 


Kiritilgan vaqti: 19/05/2022 14:34;   Ko‘rilganligi: 887
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/etimga-ozor-berganlar-allohning-azobiga-giriftor-boladi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing