O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Fahsh tarqalishiga omilkor bo‘lmang!

 
 

So‘nggi kezlarda ayrim xorijlik san'atkorlarning tomoshalaridagi behayolik sahnalari yoshlar tarbiyasiga jiddiy putur yetkazmoqda. G‘arbni allaqachon domiga tortib ketgan ochiq-sochiqlik, ehtiroslar bizning yoshlar aqli va qalbini egallashga xurujlar bo‘lmoqda. Natijada behayolik o‘smirlar orasida epidemiya kabi tarqamoqda. Sirtdan qaraganda, zamona zaylidek ko‘ringan bunday ko‘rinishlar aslida, barchamiz uchun ulkan musibat.

Hayo – kishini, insoniy axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan narsalardan tiyilishga undovchi sifat. Hayo insonlarni turli nadomat va pushaymonliklardan asraydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hayo iymondandir. Iymon jannatdadir. Hayosizlik jafodir. Jafo do‘zaxdadir”, dedilar”.

Achchiq nadomat bilan tan olish kerakki, bugun jonimizdan-da aziz bo‘lgan hayo, axloq, uyat xalqimiz tabiatidan anchayin ko‘tarilishiga xatti-harakatlar kuchaygan. Buning sabablari ko‘p, albatta. Ammo ularning eng asosiylaridan biri bu – turli xil hayosiz shoular.

Biz bir necha asrlardan buyon amal qilib kelayotgan Islom – poklik dini. Bu dinga amal qiluvchilar ham pokiza insonlar. Dinimiz doim biz musulmonlarni ham jismonan, ham ma'nan pok bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni vasf qilganda ham U zotni shakllari, liboslari, tashqi ko‘rinishlari bilan emas, balki xulqlari bilan vasf etib, shunday marhamat qildi: “Va albatta, sen ulkan xulqdasan” (Qalam surasi, 4-oyat).

Ha, xulq eng muhim narsadir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam muborak hadislaridan birida o‘zlarining payg‘ambar qilib yuborilishlaridan ko‘zlangan maqsadni bayon qilib shunday marhamat qilganlar: “Men karamli xulqlarni tamomiga yetgazish uchun yuborildim”.

U zot go‘zal xulqlarni mukammal qilish, atrofga yoyish uchun kelgan edilar. Shuning uchun har bir ishda, so‘zda, ibodatda, odamlar bilan muomalada, oilaviy masalalarda biz ummatlari uchun go‘zal xulqning oliy namunasini ko‘rsatganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan axloq va axloqsizlik haqida ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “… Alloh axloqsiz benomusni yomon ko‘radi”, deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Hayo iymondandir, iymon esa jannatdadir. Behayolik qo‘pollik-shafqatsizlikdir, qo‘pollik esa do‘zaxdadir”. E'tibor bering, hayo insonning jannatga kirishiga sabab bo‘lsa, behayolik do‘zaxga kirishiga sabab bo‘lar ekan.

Afsuski, shu kunlarda yurtimizga turli xorijiy davlatlardan san'at, madaniyat niqobi ostida ommaviy madaniyatning jirkanch ko‘rinishlaridan bo‘lgan turli shoulari kirib kelmoqda. Ushbu shoular ko‘p sonli odam sig‘adigan konsert zallarida namoyish etilib, xalqimizning madaniyati, ma'naviyati, ruhiyatidagi hayo, iffat tuyg‘ularini qo‘porish, behayolik, fahshni targ‘ib etish ishlari avj oldirilmoqda. Mazkur shoularga chiqqanlarning o‘zini tutishi, kiyimi, raqslari kishining axloqiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qalbiga salbiy ta'sir qilib, uni axloqiy fazilatlardan uzoqlashtirib, qadriyatlaridan ayirmoqda.

Alloh taolo fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radigan buzg‘unchilarni qoralab, shunday xitob qiladi:

“Albatta, iymon keltirganlar ichida fohisha tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar” (Nur surasi, 19-oyat).

Mana shunday shoularni tashkil qilish fikrini ilgari suradigan, uni tashkil qiladigan, mablag‘ ajratadigan, xayrixoh bo‘ladigan, shouning amalga oshishini istaydigan va uni tomosha qilish uchun boradiganlar fohisha ishlar tarqalishini yaxshi ko‘radiganlardir.

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi tahqirlaydigan, la'natlaydigan, axloqsiz, benomus bo‘lmaydi”, deganlar.

Ushbu hadisi sharifda olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot mo‘min kishining og‘zidan, qo‘lidan so‘kish, axloqsizlik, haqorat kabi narsalar sodir bo‘lmasligini, u qilayotgan har biri ishini shariat tarozusiga solib, keyin amalga oshirishini ta'kidlamoqda.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Men uchun eng yoqimligingiz va qiyomat kunida menga eng yaqin o‘tiradiganingiz xulqi go‘zalingizdir. Men uchun eng yoqimsizingiz va qiyomatda mendan eng uzoq bo‘ladiganingiz safsata sotuvchilar, bekordan bekorga ko‘p javrovchilar va vaysaqilik qiladiganlar”.

Qiyomat kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchun eng yoqimli inson bo‘lishni va u zotga eng yaqin o‘rinda o‘tirishni istaysizmi, unda xulqingizni go‘zal qiling! Axloqsizlik, fahsh tarqatiladigan, shunga targ‘ib etiladigan ishlardan uzoq bo‘ling!

 Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Manba: Muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 21/12/2019 15:22;   Ko‘rilganligi: 1399
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/fahsh-tarqalishiga-omilkor-bolmang
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 14:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing