O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

YEYISH VA ICHISH O‘NG QO‘L BILAN BO‘LSIN

 
 

Abdulloh ibn Umardan (r.a) rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v) bunday dedilar: “Sizlardan qay biringiz taom yeyishda yoki ichimlik ichishda chap qo‘li bilan yemasin va ichmasin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeydi va ichadi.” (Imom Termiziy)

Ushbu hadisni mashhur olim  Muborakfuriy o‘zining “Tuhfatul ahvaziy bi sharhi jome' at Termiziy” nomli kitobida bunday sharhlaydi.

Shavkoniy (r.a) aytadilarki: Bunda chap qo‘l bilan yemoq va ichmoqlikdan qaytarilgan.

Imom Navaviy (r.a):  Agar o‘ng qo‘lda kasallik, jarohatga o‘xshash boshqa uzrli holati bo‘lsa, shunda chap qo‘l bilan taomlanish makruhligi (karohiyati) yo‘q. Manashunda o‘ng qo‘l bilan yeyish va ichish mustahab ekanligi, chap qo‘l bilan esa karohiyatli (makruhli)gi ma'lum bo‘ladi. Sahihi Muslimda Salama bin Akva'dan rivoyat qilingan hadisda: Payg‘ambar (a.s) bir kishini chap qo‘l bilan taomlanayotganligini ko‘rib qoldilarda, unga: o‘ng qo‘ling bilan yegin dedilar. Shunda u: bunday qilolmayman dedi. Nabiy (s.a.v) esa unga: qilolmaginam dedilar. Shundan  keyin u o‘ng qo‘li bilan yeyaolmaydigan bo‘lib qoldi. Bu haqida yana bir hadisda bunday deyilgan.

Solim (r.a) otasidan rivoyat qiladi: Nabiy (s.a.v): “Qachon birortangiz taom yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichimlik ichsa, o‘ng bilan ichsin. ...” dedilar. (Imom Termiziy)

“... Chunki shayton chap qo‘li bilan yeydi va ichadi.”

Turbashdiyning aytishiga ko‘ra bu gapning ma'nosi shuki: shayton insonlardan bo‘lgan o‘zining do‘stlarini manashu ishni qilishga chorlaydi, bu bilan Allohning soleh bandalariga zid ish qiladi. Shuningdek Alloh bergan ne'matning shukr qilishning haqqi shuki, uni ikrom qilish kerak va uni mensimasdan pas nazar bilan qaramaslik kerak emas.  Chunki o‘ng bilan yeyishlik, ichishlik ne'matlarga shukr qilishdir.

Toyibi (r.a): Hech biringiz chap qo‘li bilan yemasin va ichmasin deydi. Agar shunday qiladigan bo‘lsangiz, shaytonning do‘stlaridan bo‘lib qolasiz.

Umar ibni abu Salama bunday rivoyat qiladi: Rosulullohning (s.a.v) qaramog‘larida bola edim. O‘shanda tovoqning o‘z oldimdan emasu boshqa tomonlariga  qo‘limni uzatgandim, shunda Nabiy (s.a.v) menga: “Hoy bola! Bismillahi ayt va tovoqdan o‘z oldingdan yeygin!” dedilar. (Imom Buxoriy)

Taomni boshlashdan oldin “Bismillahir ...”ni aytishlik, agar taomni boshlayottganda unutgan bo‘lsa, esiga kelgan paytda “Bismillahi avvalihi va axirihi” deyishi lozim.  Imom Navaviy (roh.a) aytadilarki: Taomni boshlashda bismillah ... va yakunida esa Allohga hamd (shukr) aytishlik lozim (mustahab)dir.

Imom Qurtibiyning (r.a) fikriga ko‘ra, o‘ng bilan yeyish sunnatga amal qilishga chorlaydi, chunki bu o‘ng tomonni sharafli deb bilishdandir.  O‘ng qo‘l ishlashga quvvati kuchliroq, ildamroq va imkoniyati ko‘proqdir.

 Abu Dovudning rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, o‘ng qo‘lini ovqatlanish va chishlik uchun ishlatadi, chap qo‘lini boshqa ishlar uchun. Ba'zi ishlarga o‘ng qo‘lga chap qo‘l ham yordamlashadi, ya'ni ikki qo‘l birga bajaradi.

Qurtubiy (r.a):  ovqat yeyayotgan odamning tavoqni o‘z oldidan yeyshligi bu ittifoq qilingan sunnatdir va bunga xilof qilishlik esa juda yomon ko‘rilgan makruh ishdir.

Demak  musulmon odam  sunnatga muvofiq taomdan oldin “Bismillah”ni aytishi, o‘ng qo‘l bilan yeb ichishi va yakunida shukr, hamd aytishi kerak ekan. Bu bilan taomlanish sunnatlaridan bir nechasini bajargan bo‘ladi va shaytoning chorloviga zid ish qilib, savobga ega bo‘ladi.    

  “Tuhfatul ahvaziy bi sharhi jome' at Termiziy” va “Umdatul qoriy sharhi sahiyhil Buxoriy” asarlari asosida Urgut tuman bosh imom xatibi  Shodi domla HAQBERDIYEV tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 19/10/2019 14:48;   Ko‘rilganligi: 5016
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eyish-va-ichish-ong-qol-bilan-bolsin
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing