E’tiborga munosib bo‘lish lozim
Mamlakatimizda har yilning biror nom bilan atalishi ibratli an’anaga aylangan. Respublikamiz Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan joriy qilingan bu ishlarning samaradorligini ochiq-oydin ko‘rmoqdamiz. Har yili jamiyatimiz moddiy ma’naviy hayotining muayyan bir sohasi rivojiga, ayrim muammolar yechimiga, oilalar farovonligi va mustahkamligiga alohida e’tibor qaratilishi mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, muhtaram yurtboshimiz baxtimiz qomusi - konstitusiya qabul qilinganligining 23 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida, 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola” yili deb e’lon qildi. Ushbu xayrli tashabbus onalar va bolalar sog‘ligi, g‘amxo‘rligi borasida, yurtimiz rivoji, fuqarolarimiz turmush darajasini sifat jihatdan yanada yaxshilash yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, uning zamirida sog‘lom va barkamol avlodni kamol toptirish, xotin-qizlarga yuksak e’tibor, yurt obodligi, fuqarolar doimo erkin, tinch va farovon yashaydigan jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad mujassamdir.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Har qaysi ongli inson jondan aziz farzandining baxtini, kamolini o‘ylab, hamisha ezgu orzu-intilishlar bilan yashaydi, o‘z zurriyodining har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lishini istaydi.
Sog‘lom bola, sog‘lom avlod orzusi ajdodlarimizdan bizga o‘tib kelayotgan, qon-qonimizga singib ketgan azaliy intilishdir.
... Eng muhimi, “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxti bo‘lsa jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan hayotbaxsh g‘oya har bir yurtdoshimizning qalbiga chuqur kirib borishi, ana shu ulug‘ ishga munosib hissa qo‘shish barchamizning muqaddas vazifamizga aylanishi lozim.
Zero, mamlakatimizda nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik barcha ezgu niyatlarimiz zamirida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom o‘stirish, ularning baxtu-saodati, farovon kelajagini ko‘rishi, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir.
Ana shunday hayotiy qadriyatni jamiyatimizda yanada chuqur qaror toptirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada yuksak bosqichga ko‘tarishimiz lozim, shunindek xotin- qizlarimiz va farzandlarimiz ham orzulari ushaladigan, intilishlari qo‘llab-quvvatlanadigan mamlakatda yashayotganliklaridan baxtiyor bo‘lishlari, eng muhimi ana shu g‘amxo‘rlik va e’tiborga munosib bo‘lishlari lozim.
N.Temirova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Kiritilgan vaqti: 06/01/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3457
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:08