O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Erta turmush baxtsizlik girdobi

 
 

Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas dargoh hisoblanadi.Agar oila sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, mahallada tinchilik va xotirjamlikka erishiladi. Zero oila farovonligi-milliy farovonlik asosidir. Darhaqiqat, birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlari sayqal topadigan, kelajak avlod kamolotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘idir.

Asosiy qonunimizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya belgilab qo‘yilgan. Mazkur tamoyil asosida mamlakatimizda oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda.

Yangi oila nikoh bilan barpo bo‘ladi. Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar ko‘pincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida o‘ylamay, hali balog‘at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo‘lmasin, deb o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni o‘n olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Sog‘lom farzandni tarbiyalash, har bir ota-onaning orzusidir. Shunday ekan hali o‘zi bola bo‘lgan farzandlarimizni turmushga berish yoxud uylantirish natijasida ularga nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham juda katta zarar yetkazib qo‘yishimiz mumkin. Zero, 2008 yil davlatimizda “Bolalar huquqlarini kafolatlash” haqida qonun qabul qilingan va ushbu qonunning birinchi bobida 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bola hisoblanadi, deb belgilangan. Shunday qilib, 16-18 yoshda turmush qurayotgan va ona bo‘layotgan o‘smir qizlar davlatimiz qonunlari bo‘yicha ham hali bola hisoblanadi.

Yurtimizda qiz bolalarning – bo‘lg‘usi onalarning ham jismoniy, ham ma’naviy sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi, ularning o‘rta maktabdan so‘ng litsey va kollejlarda albatta ta’lim olishini ta’minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.Sog‘lom va hayotga moslashuvchan farzandlarni 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan ayollar dunyoga keltirishadi. Ulardan tug‘ilajak farzandlar bosiq, sog‘lom, aqlli bo‘lib yetishishlari mumkin”, - degan ekan yunon faylasuflaridan biri Aflotun.

Nikoh - muqaddas. Ayniqsa, bizning o‘zbek xalqida bu rishta juda qadrlanadi. Lekin negadir, yoshlarning tezroq turmush qurishlari, ayniqsa, qiz bolani erta xaridoriga uzatib yuborish kerak, degan tushuncha mavjud. Bizning milliy xususiyatlarimizdan biri kelajak avlod haqida qayg‘urish, sog‘­lom, barkamol naslni tarbiya­lab yetishtirishga intilishdir. Shu bois komil inson bo‘lish orzusi hamma davrlarda ham asosiy masala bo‘lib kelgan va bu masalada ham asosiy urg‘u onalarga berilgan. Sababi, bu ulug‘ va mas’uliyatli ish faqat onalarning qo‘lidan keladi.

«Har narsaning tabiiy bir o‘lchovi bordir. O‘lchovsiz ish hech vaqtda foyda bermaydi. Nikohning ham ma’lum vaqti bo‘lib, undan oldin yoki kech qolish yo tib, yo axloq jihatiga ko‘ra zarar keltiradi. Nikoh vaqtida er bilan xotun orasida yosh e’tiboriga qarab muvofiq bo‘lishi tabiiy bir ishdir. Nikoh uchun tabiiy bo‘lgan yosh erlarda yigirma bilan qirq orasida, qizlarda o‘n sakkiz bilan o‘ttiz orasidadir. Bundan so‘ng yoki ilk bo‘lgan nikohlar foydasiz bo‘ladi». Ikki asr ilgari ma’rifatparvar olim Rizouddin ibn Faxruddinning «Oila» nomli asarida ilgari surilgan ushbu fikrlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Hazrat Alisher Navoiy:

“Yuz jafo qilsa manga, bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram”,

– deya xitob qilganida el boshiga tushgan jafoning yuki qanchalar og‘ir ekanligi, unga befarqlik esa ko‘pchilikning bu kulfat domiga tortilishiga sabab bo‘lishini nazarda tutgan bo‘lsa, ne ajab?! Zotan, elning dardi bilan yashash, uning quvonchu tashvishlarini o‘ziniki deb bilish xalqimizga xos fazilatdir. Shunday ekan, erta nikohlar, ularning salbiy oqibatlari masalasi ham mutasaddi tashkilotlarninggina emas, balki barchamizning og‘riqli muammolarimizdan biridir.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deb ta’kidlaganlar (Bayhaqiy rivoyati). Zaruriy ko‘nikmalarni egallamay, bilim olmay turib turmushga chiqqan qiz ayol, rafiqa, ona, beka, jamiyat a’zosi sifatidagi vazifalarini to‘kis ado etishga qiynaladi. Yoshlar 9 yil o‘rta umumta’lim maktabi, undan so‘ng litsey va kollej ta’limini olishlari shart. Zero, dinimiz ta’limotlariga ko‘ra ilm olish, ma’rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni o‘rganish har bir qiz bola uchun ham farzdir. Bordi-yu, shundan oldin turmush qursalar, o‘qish ham chala, oila yumushlari ham, uy bekaligi va boshqa ishlar ham chala bajarilishiga yo‘l ochilgan bo‘ladi. Muhimi, ilmli va kasb-hunarli ayolgina farzandining komil inson bo‘lishiga intiladi.

Turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy va milliy an’analarimizga rioya qilish, oila­ va nikoh borasida davlatimiz chiqargan qonun-qoidalarga qatiy amal qilish zarur. Afsuski, hozirgi kunda ba’zi chalasavod kishilar o‘zboshimchalik bilan nikoh shartlari bajarilishini so‘rab-surishtirmay, boz ustiga, yoshlarga oilada er va xotinning haq-huquqlarini, taloq masalalarini tushuntirmasdan, kelin-kuyovlarga nasihat qilmasdan, yengil-elpi shar’iy nikoh o‘qimoqdalar. O‘zlarining chalasavod ekanliklarini bilganliklari uchun ikki yoshni nikohlashdek mas’uliyatli ishni “eng ichida” o‘tkazishga urinadilar. Ular poydevori mustahkam bo‘lmagan oila­lar qurilishiga sababchi bo‘lmoqdalar. Oqibatda ajrimlar ko‘paymoqda, bolalar tirik yetim qolib, yoshgina ayollar bir umrga baxtsiz bo‘lib qolmoqda.

Noqonuniy ni­koh­­lar­­ning oldini olish uchun shar’iy nikohlarni faqat rasmiy jome masjidlar imom-xatiblari yoki imom noiblari o‘qishini, shar’iy nikoh o‘qishdan oldin kelin-kuyovlarning rasmiy oila qurganligi haqida FHDYO bo‘limlari guvohnomasi olinishini, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi joriy etgan nikohnoma kitobchasi bo‘yicha barcha ma’lumotlar to‘liq qayd etilib, nikohlanuvchilarga taqdim etilishini, qonuniy nikoh yoshiga yetmagan yoshlar o‘rtasida shar’iy nikoh tuzish qat’iy taqiqlanishini, imom-xatiblar joylardagi MFY mutasaddilari bilan hamkorlikda norasmiy shaxslar nikoh o‘qishiga qarshi tushuntirish ishlari olib borishlarini yo‘lga qo‘yish kerak.

Hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan «Durrul muxtor» kitobining «Nikoh fasli»da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.

Nikoh ikki dunyo saodatiga yigit va qizni birga eltuvchi muqaddas rishta bo‘lishi uchun yosh yigit qizlar oila qurishlarda balog‘at yoshdan tashqari kamolat yoshiga ham to‘lishlari kerakligini unutmaylik.


Kiritilgan vaqti: 28/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4718
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/erta-turmush-baxtsizlik-girdobi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 21:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing