Er yoki xotin mas’uliyatni unutsa...
Konstitusiyamizning 41-moddasiga muvofiq har kim bilim olish huquqiga ega. Oila kodeksiga ko‘ra ota-onalar o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardirlar. Ular o‘z bolalarining sog‘ligi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
Ammo, bu me’yorlarga hamma ota-onalar ham amal qilishmaydi. Masalan bir qiz maktabdagi darslarni ko‘p qoldirar ekan. Sinf rahbari uning oilaviy ahvoli bilan tanishganida ma’lum bo‘lishicha qizning otasi ichkilikka berilgan ekan. Hech qayerda ishlamas ekan. Onasi esa ishlash uchun Rossiyaga ketgan ekan. Qizning opasi somsa pishirib sotar ekan. Qiz esa opasi uyda bo‘lmaganida ovqat pishirib, jiyanlariga qarar ekan. Ba’zan opasi tayyorlagan somsalarni sotar ekan. Shu bois u ba’zan o‘qishga kelmas ekan. Afsuski mana shunday holatlar uchrab turganligi kishini ranjitadi.
Darhaqiqat, ota-ona o‘z burch va vazifalarini bajarmasa ana shunday ayanchli hodisalar yuz beradi. Shu bois dinimizda erkaklarga o‘z xotinlari, bolalariga yaxshi, xushmuomalada bo‘lish, ularni xorlamaslik, ilm olishga sharoit yaratib berish, taom, kiyim, boshpana bilan ta’minlash kabi ko‘plab majburiyatlar yuklangan. Shu alfozda er kishi ko‘p vaqt oilasini nafaqa bilan ta’minlash yo‘lida harakat qiladi. Tabiiyki, uy ishlari hamda farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishga vaqti kamroq bo‘ladi. Shu bois ayol oilaning ichki ishlariga mas’ul. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «Erkaklar, xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab - Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (Erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir».
Erkak kishining eng katta burchi o‘z qarmog‘idagilarni o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) hadislarining birida: «Kishi o‘z qarmog‘idagilarni nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi», - deb marhamat qilganlar. Biroq afsuslar bo‘lsinki, ba’zi bir erkaklar shu maslada o‘z vazifalarni unutib qo‘ymoqdalar. Hatto ba’zilari oriyatsizlik bilan o‘z jufti halollarini ayol sha’niga mos kelmaydigan yo‘llar bilan pul topib kelishi uchun ko‘cha kuyga chiqarib yoki xorijga jo‘natib qo‘yayotganlari uchrab turibdi. Bunga qanday munosabat bildirish mumkin? Ona mehri farzand tarbiyasi uchun ajratiladigan vaqti uvol bo‘lmaydimi? Shu o‘rinda shoirning bir to‘rtligi beixtiyor yodga tushadi:
Senda bo‘lsa gar g‘ayratdin asar,
Ahli ayolingni qilma darbadar,
Mevali daraxt shoxi devordan oshsa,
O‘tkinchilar beshak anga qo‘l cho‘zar
Mansurjon Abduxoliqov
Payariq tumani bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 10/12/2015 00:00; Ko‘rilganligi: 2437
Chop etilgan vaqti: 03/11/2024 21:25